Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayol yonib kul bo‘layotganida... tug‘ilgan chaqaloq

Ayol yonib kul bo‘layotganida... tug‘ilgan chaqaloq

Bunday mudhish hodisani dunyo dunyo bo‘lib eshitmagan...

Farg‘onada «Matiz» avtomashinasida yong‘in sodir bo‘lib, uning oqibatida avtomashina ichidan ayol jinsiga mansub kuygan holdagi murda aniqlangani xabar qilingandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati hodisaning ayanchli tafsilotlarini e’lon qildi.

Bu voqeaning oldida qo‘rqinchli kinolar ham «dam oladi». Yovuzlikning, isyonning, xorlikning oliy darajasi. Pastkashlik, qo‘rqoqlik, tubanlik, yovuzlik degan so‘zlar bu jabrlanganlar, jabrlaganlar uchun muloyimroq. Eng dahshatlisi nima bilasizmi, odam tasavvuriga ham sig‘dirolmaydigani — olov ichida qolgan ayoldan chaqaloq tug‘iladi!

Yonayotgan onadan tug‘ilgan chaqaloq tirik bo‘ladi, lekin uning hayotini shifokorlar  saqlab qolisholmaydi.

Yosh ayol desang, 1987 yilda tug‘ilgan ekan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Qani mahalla, qani oilalar bilan ishlagichlar, qani xotin-qizlar mas’ullari? Nahotki mahalladagilar bilishmagan, «qo‘y, bizda qo‘shxotinlikka qonuniy jazo bor», deyishmagan. Nega qo‘shxotinlikka qarshi qonun ishlamaydi? Balki shu qonun ishlasa rashk bo‘lmasdi, janjal bo‘lmasdi.

Yana savol tug‘iladi: odam o‘zini bunday holatda, bunaqa vahshiyona holatda jazolashi uchun qaysi muhitda katta bo‘lishi kerak, yonishdan-da azobliroq qanday ko‘rguliklarni, qismatni ko‘rgan, boshidan o‘tkazgan bo‘lishi kerak? To‘lg‘oq azobi, kuyish azobi, YoNISh AZOBI, chorasizlik...

Yonayotgan onada kuyib tug‘ilgan chaqaloq... Xorijdayam rejissyorlarning bunday ayanchli hodisani kino qilishga yuragi dov bermagan bo‘lardi. Kino ishlangandayam, hayotda yo‘q bundaylar, bu kinoku deb o‘zimizni ovutardik, lekin bu hayotiy voqeaga qanday o‘zni ovutmoq mumkin?!

Markaziy Osiyoning ayollaridek isyonning eng mudhish, eng og‘riqli, eng azobli o‘zini yondirishdek, kuyib kul bo‘lishdek yo‘lni tanlamasa kerak. Qachon bu isyonlarga barham beriladi? O‘ziga o‘t qo‘yib, yonib, kul bo‘layotganda tuqqan ayolni dunyo dunyo bo‘lib eshitmagan bo‘lsa kerak!

Ayolni, chorasiz ayolni ayblayapmanu ammo voqea boshqacha bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi, degan savollar tinchlik bermayapti.

Bosh prokuraturaning rasmiy munosabatiga e’tibor qarating: «M.U. «Matiz» rusumli avtomashina boshqaruvida homilador turmush o‘rtog‘i (shar’iy nikoh asosida) 1987 yilda tug‘ilgan M.X.ni shifoxonadan yashash xonadoniga olib ketayotgan vaqtida, turmush o‘rtog‘i uni rashq qilgan holda og‘zaki janjallashib kelgan.

M.U. turmush o‘rtog‘i bilan gaplashib olish maqsadida, avtomashinani Farg‘ona shahridagi «Neftchi» stadioni ro‘parasida to‘xtatgan. Shu vaqtda, avtomashina orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan M.X. (ayol) o‘zi bilan uyidan olib chiqqan plastmassa idishdagi «benzin» yoqilg‘isini dastlab turmush o‘rtog‘i M.U.ni, keyinchalik esa o‘zini va avtomashina saloni ichiga sepib, yoqmoqchi bo‘lgan».

Ayol shifoxonadan uyiga ketayotgan ediku (uyidan olib chiqqan benzin deyilayapti), benzinni shifoxonadayam olib yurganmi?

Qisqa qilib aytganda, shifoxonadan chiqqan ayolda benzin qanday paydo bo‘lib qoldi?

Yana savol tug‘iladi, ayolning qo‘liga zajigalka qayerdan tushib qolgan va kuyib kul bo‘lgan ayol o‘zini zajigalka bilan yoqqanini qanday aniqlashgan? Boringki, ayolni bu mudhish yo‘lni tanlashga qanday ruhiy omillar majbur qilgan?

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring