O‘rmonchi Ra’no Bozorova: «Ayol bor joyda tartib, saranjomlik, adolat bor»
O‘rmon xo‘jaligi xodimi deganda har qanday insonning ko‘z o‘ngida avvalo maxsus kiyimda, oyoqlariga etik kiygan erkak qiyofasi gavdalanadi. Ayolning o‘rmonchi bo‘lishini esa hech kim hattoki tasavvuriga ham sig‘dira olmaydi. Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligining rahbari Ra’no Bozorova yoshligidan sohada ishlashni orzu qilgan. Bugungi kunga kelib, bir paytlar butunlay parokandaga uchragan xo‘jalikni oyoqqa turg‘izgan, brakonerlar bilan ayovsiz kurashib, Qashqadaryoning betakror Zarafshon archalarini saqlab, eng asosiysi sohada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan «Do‘stlik» ordeni sohibasi bilan sohadagi yutuq va muammolar haqida suhbatlashdik.
- Ra’no opa, siz O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tassarufidagi 76 ta o‘rmon xo‘jaliklarining rahbarlari ichida yagona ayolsiz. Bundan tashqari Qashqadaryo viloyatining eng muammoli, suvsiz xo‘jaligini boshqarmoqdasiz. Qiyin bo‘lmayaptimi?
- Har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Dehqonobod tumani og‘ir sharoitli tuman. Shunga qaramay biz yaxshi jamoa to‘plaganmiz. Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi 105 ming gektar maydoni bo‘lib, o‘rmonzorlarni qo‘riqlash, yangi ko‘chatxonalar, ixotazorlar barpo etish, dorivor o‘simliklar, meva urug‘larini terish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. O‘rmon xo‘jaligi soha mutaxassisi, yetarli tajribaga ega bo‘lganligim sababli Dehqonobod o‘rmon xo‘jaligini oyoqqa turg‘izishga hissa qo‘shganimdan xursandman. Hukumatimiz 2017 yil dekabr oyida mehnatimni munosib ravishda taqdirladi. «Do‘stlik» ordeni jamoamiz mehnati uchun berilgan mukofot, deb o‘ylayman.
— «O‘rmonchilik erkaklarning ishi», deb o‘ylaydi ko‘pchilik. Nega aynan shu kasbni tanlagansiz?
— Ko‘pchilik o‘rmon xo‘jaligida ishlayman, desam menga shu savolni berishadi. Men tog‘ qiziman. Dadam til va adabiyot o‘qituvchisi edilar. Birgalikda ko‘p kitob o‘qirdik. Bolaligimdan tabiatga, hayvonlarga mehr bergandim. Maktabni «Oltin medal» bilan bitirgach, jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirmoqchi bo‘ldim. Ammo attestatimiz kech kelganligi sababli, hujjatlarimni topshirishga ulgurmadim. O‘sha paytlari gazetada «O‘rmon xo‘jaligi fakulteti «Oltin medal» bilan bitirganlarni imtihonsiz o‘qishga qabul qilar ekan» degan e’lon chiqqan edi. O‘sha paytlari mobil telefonlar yo‘q edi. Men Toshkentda «qaysi fakultetga hujjatlarimni topshirsam ekan», deb yurganimda rahmatli dadam shu gapni kimdandir ayttirib, menga yetkazdi. Eng oxirgilar qatori Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti o‘rmon xo‘jaligi fakultetiga hujjat topshirib, o‘qishga qabul qilindim. Dadam «qizim, bizda o‘rmon xo‘jaligi bor, ko‘zim yetadi, shu sohaning mutaxassisi bo‘lasan» degan edilar. Xudoga shukr, shu sohani tanlab kam bo‘lmadim. Ko‘plab shogirdlar yetishtirdim.
- Boshqa o‘rmon xo‘jaliklariga qaraganda jamoangizda ayollar soni ko‘p ekan. Ular bilan ishlash qiyin bo‘lmayaptimi? Xotin-qizlarga qanday sharoitlar yaratilgan?
-Men ishga kelganimda xo‘jalikda bitta ayol bo‘lib, u ham kotiba edi. Men vaqtida tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ham ishlaganman. Shu sababli birinchi galda ayellarni sohaga jalb qila boshladim. Chunki ayol bor joyda tartib, saranjomlik, adolat bor. Hozirda xo‘jalikda 20 nafardan ortiq xotin-qizlar bor. Ularning qobiliyatiga qarab ishga jalb qilishga harakat qilaman. Masalan, Mastura opa Tursunova degan parrandachimiz bor. Barcha erkaklardan parrandalarni olib unga berdim. Chunki bu yo‘nalishni jon-dilidan, mehr bilan bajaradi. Qo‘mita raisimiz o‘zi kelib, opa bilan uchrashdi, uning mehnatini yuqori baholadi. Dilorom Xusanovaga esa Oqbosh o‘rmon bo‘limidan kichkina ko‘chatxonani bergandim. Ko‘chatlar begona o‘tlardan tozalangan, vaqtida sug‘oriladi. Aynan o‘sha yerda tartib bor. Qisqa muddatda Dilorom bizga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini yetkazib berdi. O‘tgan yili mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Dorivor o‘tlarni terishga ham ayollarni jalb qildik. Chunki ularni avaylab terib, saralab, yuvib, quritishda ayollarimizga teng keladigani yo‘q. Hali birorta dorivorlarimiz eksportdan qaytmadi.
-O‘rmon xo‘jaligining asosiy maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
-O‘rmon xo‘jaligi juda ham serdaromad soha. Uning asosiy vazifasi o‘rmonzorlarni kengaytirish, tiklash, ko‘chatxonalarni tashkil etish bo‘lib, shu bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, parranda boqish, chorvachilik, asalarichilik bilan ham shug‘ullanamiz. Aholining qiziqishi ko‘proq kavrak o‘simligi shirasini olishda ko‘rinadi. Sassiq kavrak shirasi maxsus ruxsatnoma orqaligina teriladi.
-Eshitishimcha, Dehqonobod tumanida aholi suvni sotib olib ichadi, ehtiyojiga ishlatadi. Mana shunday sharoitda o‘rmon xo‘jaligi faoliyatini olib borish qiyin emasmi?
- Endigina ishga kelganimda bu yerlar taqir cho‘l edi. Birinchi galda hovuz tashkil etib, daryodan suv tashiydigan mashina orqali yangi ekilgan ko‘chatlarni sug‘ordik. Limonzor, intensiv ko‘chatxonalar tashkil etdik. Albatta sharoit og‘ir. Hozirda Dehqonobodga Oqsuv quvurlari tortilayapti, yilning oxirigacha xo‘jalikka suv keladi, degan umiddamiz.
- 2018 yildan beri O‘zbekistonda gender tengligi siyosati amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarning teng huquq va imkoniyatlari uchun joylarda ko‘p ishlar qilinayetir. Ra’no opa sizningcha, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tassarufidagi xo‘jaliklarning hech bo‘lmasa 50 foizini ayollar boshqarganida holat qanday o‘zgargan bo‘lardi?
-Albatta ayollar boshqarganda umuman boshqacha bo‘lardi. Yuqorida aytganimdek, ayol bor joyda tartib bo‘ladi. Ba’zi xo‘jaliklarga eshigidan kirib borganimizda ahvoli ma’lum bo‘ladi. O‘zimizning xo‘jalikka ilk qadam qo‘yganimda qo‘rqib ketganman. Bino harob ahvolda, hovlisi o‘ralmagan, omborxonalarda mahsulot saqlashga sharoit yo‘q edi. Chunki yomg‘ir-qor yog‘sa, ustidan chakka o‘tardi. Avval hududni o‘radik. Jamoa harakati bilan daromad topdik. Binoni, omborxonalarni ta’mirladik, faollar zalini qurdik. Qonundan chetga chiqmadik. Bizni qo‘llagan ikkita narsa bor. Birinchisi qonun, ikkinchisi esa halollikdir. Rahbar halol bo‘lsa, o‘z xodimlari uchun qayg‘ursa, shundagina xo‘jalikka baraka keladi. Qanday qilib xodimlar ishlaydigan xonalar qishda sovuq, yozda issiq bo‘lsa ulardan ish talab qila olaman? Birinchi yutug‘im, ularga sharoit yaratib, rag‘batlantira oldim. Chunki xodim rag‘batlantirilsa ish oldinga ketadi. Halollikda gap ko‘p. Kelgan daromadni hammasini o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltirganmiz. Hozir gender tengligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Yaqinda qo‘mita tomonidan Surxondaryoda o‘tkazilgan Yoshlar forumida ham tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik, qizlar bilan suhbatlashdik.
-Ra’no opa binoga kirishda «O‘rmonchilar qasamyodi»ga ko‘zim tushdi. Boshqa xo‘jaliklarda buni ko‘rmadim? Bu g‘oyaning tashabbuskori o‘zingizmi?
- Men birinchi ishga kelganimda eng katta muammo daraxtlarning ayovsiz kesilishi edi. Tuman prokuraturasi bilan hamkorlik qilib, har kuni 4-5 ta o‘rmonchini vazifasidan ozod qilgan vaqtlarimiz bo‘ldi. Keyin ularga har bir yig‘ilishda tushuntirish ishlarini olib bordik. Ya’ni o‘rmonchilarga daraxtlar kesilsa, ertaga birinchi navbatda hududimizda suv yo‘q bo‘lishini, buloqlar qurishini tushuntirishga harakat qildik. Hozir buning oqibatini kuzatayapmiz, buloqlarimiz kamayib ketgan. Shundan keyin bir yig‘ilishda xodimlarga «agarda birortangiz yog‘och, archa sotadigan bo‘lsangiz buyurmasin, kosang oqarmasin deb, «O‘rmonchilar qasamyodi»ni qabul qildirtirdim. Hozir har bir ishga kelayotgan yangi xodim birinchi galda «O‘rmonchilar qasamyodi» bilan tanishadi. Unga sen archani, daraxtni saqlagin, sening ishingga Allohimning o‘zi rivoj-baraka beradi, deyman. Chunki archazorlar Dehqonobod xalqiga berilgan noyob boylik. Zarafshon archasi juda ham sekin o‘sadi. Urug‘i yerga tushib, voyaga yetgunicha 100 yil o‘tadi. Bu salkam bir yarim nafar insonning umri demakdir. Men archa kesgan insonni kechirmayman. Hozir xo‘jalikda 71 ming gektar tabiiy archazordir. Ularni tabiiy ravishda ko‘paytirishga harakat qilmoqdamiz. Avvalo bunday hududlarga mol kiritmaymiz. Agarda chorva kiritilmasa, archazorlarimiz o‘zini o‘nglab oladi.
-Huquqbuzarlar bilan qanday kurashayapsiz?
- Huquqbuzarlar bilan kurashish juda og‘ir kechdi. Har kuni tuman prokuraturasida huquqbuzarlarni jazoga tortish bilan ovora edik. Joylarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazib, archa kesganlarni jarimaga tortdik. Hozir ma’muriy chora ko‘rish bo‘yicha vakolatni bizga berishdi. Ishimiz bundan ancha yengillashdi. Faol harakatimiz tufayli brakonerlik holatlari ancha kamaydi.
-Qashqadaryo o‘zining tandir kabobi bilan mashhur. Ammo shu taomni pishirishga archa shoxlari ishlatiladi. Shu muammoni ekologuz telegram kanalimizda ko‘targanimda, ko‘pchilik obunachilar kulishgan edi. Ammo tonnalab tayyorlanayotgan tandir kabob uchun butun archalar kesiladi, shunday emasmi?
-Ayniqsa Yangi yil bayrami oldidan archa shoxlarini kesib ketish holatlari juda ko‘p bo‘ladi. Shu sababli ichki buyruq bilan nazoratni kuchaytiramiz. Har bir archaning shoxini kesganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik bor. Archalarni saqlab qolishga imkon darajada qattiq harakat qilayapmiz.
-Ra’no opa mana salkam bir yildan beri yurtimizda «Yashil makon» umumilliy harakati ketmoqda. Ammo juda ko‘plab hududlarda ekilgan ko‘chatlarning qurib yotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ko‘chatlarni ekishdan avval, ularni sug‘orish tizimini joriy qilish kerakmasmidi?
- «Yashil makon» umumilliy loyihasi mamlakatimizda katta tashabbus bilan boshlandi. Ammo buni to‘g‘ri tushungan va tushunmagan hokimlar bor. Dehkonobod tumani suv muammosi bo‘yicha og‘ir tuman bo‘lganiga qaramay, xokimimiz har kuni kechqurun suv tashish mashinalari yordamida ularga suv quydiradi. Ko‘chat ekish mavsumi boshlanganida hokimimiz avvalo «suvsiz joyda o‘sa oladigan, iqlim sharoitimizga moslashgan ko‘chatlarni topib bering, opa» dedi. Maslahatimizga ko‘ra Dehqonobod ko‘chalariga aylan degan daraxt ko‘chati ekildi. Avvalo uni mol yemaydi va suvsizlikda ham o‘sadi. Bir yil sug‘orilsa, o‘zini tutib ketadi. Boshqa tumanlarda qurib yotgan ko‘chatlarni ko‘rib yuragim og‘riydi. Chunki ko‘chat yetishtirishning o‘z mashaqqati bor va uni faqatgina ko‘chat yetishtirayotgan odam biladi.
-Dehqonobodga kelish chog‘imizda, ayniqsa Samarqand shahridan o‘tayotganimizda xorijdan keltirilgan, qimmatbaho ko‘chatlarning yo‘l bo‘yiga ekilganini ko‘rdik. Ularni o‘zimizda yetishtirsa bo‘lmaydimi?
-Barcha xorijdan keltiriladigan ko‘chatlarni o‘zimizda yetishtirsa bo‘ladi. Qo‘mitamiz tomonidan mutaxassislarni xorijga malaka oshirishga jo‘natilayapti. O‘zim, bosh o‘rmonchimiz ham Turkiyada ko‘chat yetishtirishni o‘rganib keldik. Ko‘chatlarni yilning har bir faslida ekib, ko‘paytirsa bo‘ladi. Qarshida juda ham katta pulga oddiy qayrag‘ochni sotib olib kelishdi. Shuni o‘zimizdan olishsa bo‘lardi.Shu sababli xorijdan olib kelinishga ko‘chatlarning mutlaqo qarshiman. Chinor ko‘chatini yetishtirish juda ham muammo edi. Hozir 1 milliondan ortiq ko‘chatni Surxondaryoda yetishtirilgan. Yaqinda ko‘chatlar qurigani uchun 3 ta viloyat ekologiya boshqarmasi rahbarlari, jumladan Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining boshlig‘i ham ishdan olindi. Ularning nima aybi bor? Agarda tuman xokimlari ozgina e’tibor berib, ko‘chatlarni sug‘orishsa olam guliston edi. Aybni Ekologiya boshqarmalariga ag‘darish juda ham noto‘g‘ri.
-O‘zingizning xo‘jaligingiz kelajagini qanday ko‘rayapsiz? Yoshlar mazkur sohaga qiziqishayaptimi?
-Men oliygohni tugatib, ishga kelgan ko‘p yoshlar bilan suhbatlashaman. Ammo aksariyat holatda ulardan qoniqmayman. Chunki ular faqat yengil-yelpi ishni ko‘zlab, darhol lavozim egallashni, tagiga xizmat mashinasini berilishini istashadi. O‘rmonchining ishi juda ham og‘ir.
Vazirlar Mahkamasining 993- sonli qarori bilan 1,5 ming gektar yerga bitta o‘rmonchi biriktirildi. Ilgari 3-4 ming gektar yerga 1 ta o‘rmonchi qo‘riqlardi. U piyoda yoki o‘zining oti bilan kezadi. Brakonerlar archani kechasi kesgani chiqadi. O‘rmonchilarni brakonerlar urib ketgan holatlari bo‘lgan. Shu sababli o‘rmonchining ishi juda og‘ir va mas’uliyatlidir. Hali bizda qo‘riqlash ishlari eski usulda olib boriladi. Masalan, Qozog‘istonda har bir daraxtga chip o‘rnatilgan. Bundan tashqari o‘rmonchining maxsus kiyimi bo‘lishi kerak: qishki, yozgi. Shu narsalarni qayta tiklash, o‘rmonchilarga sharoit yaratish, dronlar, binokollar, har bir o‘rmonchi mototsikllar bilan ta’minlansa! Yaqinda respublika Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tekshirish o‘tkazildi. O‘rmonchilarning sharoiti qiyinligini ko‘rib, daraxt kesilayapti, degan xabar kelishi bilanoq zudlikda yetib borish uchun yangi 4 ta mototsikl sotib olishga kelishildi. To‘g‘ri xizmat mashinalarimiz bor. BMTning FAO tashkiloti tomonidan «Niva» mashinasi berildi. Bitta UAZik bor. Ammo 105 ming gektar yerni aylanib chiqishga ular kamlik qiladi. Shu sababli kichkina mototsikllarni ko‘paytirsak, bunga esa Qo‘mita yordam bersa yaxshi bo‘lardi. Chunki har bir archa o‘zining tagida 4-5 tonna suvni saqlaydi. Biz bitta daraxtni asrab qolsak, qancha suvni saqlab qolgan bo‘lamiz. O‘rmonchi sifatida aytishim kerakki, o‘rmonga chorvani kiritishni cheklash zarur. Yoki o‘rmonlarni ko‘paytiraylik, yoki chorvani! Bu yil ham o‘rmonga chorvani yuqorining buyrug‘i bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sifatida bepul kiritishdi. Ammo mollar daraxtga tegmaydi, deya hech kim kafolat bera olmaydi. Biz ko‘chatxonalar, tabiiy kavrak o‘sadigan yerlarga mol kiritilishini qat’iyan taqiqlagan joylarimizda xilma-xil o‘simliklar o‘sadi. O‘z o‘zidan archazor, pistazor ko‘paydi. Shu sababli, alohida yaylovlar tashkil etib, ularni chegaralash zarur.
-O‘rmonchilar qurol bilan ta’minlanishi kerakmi?
-Ilgari o‘rmonchilar qurol bilan yurgan. Ammo bugungi kunda o‘rmonchilarga qurol berishni to‘g‘ri deb hisoblamayman. Chunki har bir o‘rmonchi qurolni yaxshi ishlata olmaydi. Hammasi ham oliy ma’lumotli emas. Ayrim hududlarda o‘rta ma’lumotlilarni ham ishlatishga majburmiz. Chunki eng chekka hududlarga oliy ma’lumotlilar borib ishlamaydi. Shunga o‘xshash muammolarimiz juda ham ko‘p.
-Xo‘jaligida o‘rmon begi bor, ammo Qo‘mitada hozir «o‘rmon bekasi» lavozimini tashkil etish bo‘yicha ham harakat qilinmoqda. Mazkur lavozim joriy qilinsa yaxshi bo‘larmidi?
- Men buni eshitgandim va albatta qo‘shilaman bunga. Qashqadaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasida ishlaganimda bitta bo‘limga ayol kishini o‘rmonchi qilib qo‘ygandik. Bu juda ham yaxshi samara berdi. Bo‘lim eng namunaliga aylandi. Ammo ishdan ketganimdan so‘ng, u ayol ishdan olib tashlangan. Bo‘lim yana orqaga ketgan. Boshqarma boshlig‘iga tushintirgach, u yana lavozimiga tiklandi. Chunki ayol kishi mas’uliyatni sezadi, biror narsani o‘pirib ketishdan qo‘rqadi. Biror narsa topdimi, idoraga olib kelib, topshiradi. Shu sababli ham ham ayol o‘rmonchilarni ko‘paytirish zarur.
Nargis Qosimova suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter