Avtosalon mashinani kechiktirgani uchun fuqaroga 12 million so‘m to‘ladi
«Damas» juda ro‘zg‘orbop mashina-da! Sohibjon anchadan beri uni harid qilishni orzu qilardi. Ham xonadoniga, ham ishiga asqotadi. Imkon tug‘ilgach, yiqqan terganini belga bog‘lab, bir qarorga keldi – sotib oladi! Bozordan olsinmi, yo avtosalondan... Salondan olsa, biroz kutishiga to‘g‘ri kelsa-da, ishonchliroq. Shu maqsadda «Samarqand avtosavdo» MChJga kelib shartnoma tuzib ketdi va 62 812 000 (oltmish ikki mln.sakkiz yuz o‘n ikki ming) so‘m to‘lab, kun sanay boshladi. Roppa-rosa besh oydan so‘ng moyi artilmagan mashina darvozasi ro‘parasida turibdi-da!»
Shirin hayollarga berilib, hash-pash deguncha aytilgan muddat yetib kelganini bilmay ham qoldi.
Xabar berishar, chaqirishar...
Avtosalonga qatnayverib, salkam ikki oyni ham o‘tkazib yubordi va yaqinlarining maslahati bilan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 10-91 ishonch telefoniga murojaat qildi.
Tashkilot mutasaddilarining aralashuvi bilan muammolari ijobiy hal etildi. Yana ham qiziqrog‘i, shartnoma shartlari avtosalon tomonidan buzilgani, avtomashina o‘z vaqtidan kechiktirib yuborilgani uchun (57 kun) amaldagi qonun talablariga ko‘ra, penya undirish mumkinligi haqidagi fikrlar Sohibjonni yana ham quvontirib yubordi.
Joriy yilning 6-avgust kuni bo‘lib o‘tgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida mazkur ish ko‘rilib, sud iste’molchi foydasiga hukm chiqardi. Sud qaroriga qo‘ra, «Samarqand avtosavdo» MChJ shartnoma shartlarini bajarmagani, shartnoma muddatini 57 kun kechiktirib yuborgani uchun fuqaroga 12 562 444 (o‘n ikki mln.besh yuz oltmish ikki ming so‘mdan ziyod) so‘m miqdorda penya to‘laydigan bo‘ldi.
Gulchehra Berdiyorova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter