Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarz alamida qo‘shnisining «Damas»ini yoqib yuborgan shaxs «ko‘pga tushdi»

Qarz alamida qo‘shnisining «Damas»ini yoqib yuborgan shaxs «ko‘pga tushdi»

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida yashovchi 21 yoshli fuqaro B.Z. qo‘shnisi A.B.da bo‘lgan 7 million so‘m miqdoridagi pulini undirib ololmagani uchun uning «Damas»ini yoqib yuborgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi raisi Bobur Umarovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, B.Z.ning xatti-harakatiga nisbatan 70 million so‘m bo‘yniga ilinishidan tashqari, unga nisbatan uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Holatga ko‘ra, B.Z. o‘ziga to‘q xonadon farzandi bo‘lib, ko‘makka muhtoj qo‘shnisi A.B.ga o‘z ixtiyori bilan qarz evaziga uyida bo‘lgan 110 bosh tovuqlarning har birini 50 ming so‘mdan jami 7 million so‘mga kelishib sotgan. A.B. uyda boqib kelgan bu tovuqlar pulini 1 oyda topib berishni va’da qilgan. Biroq, A.B. keyinroq qo‘shnisi B.Z.dan yana biroz muddat so‘rab, kelishilgan pulni 2 oydan keyin berishini aytgan. 

Shu orada A.B. qo‘shnisiga 1 200 000 so‘m bergan va qolgan 5 800 000 so‘m qarzni ham tez orada uzishini bildirgan. Biroq, oradan 2 oy o‘tmay turib, tovuqlar kasallana boshlagan va bir nechtasi nobud bo‘lgan. A.B. tovuqlarning 90 boshini sotib, pul ishlash va qarzlarni qoplash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga ishlashga chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Bundan xabar topgan B.Z. qo‘shnisining otasi va A.B.ning xotinidan qarzga bergan pullarini talab qilgan. Keksa chol va kelini A.B.ning xorijga jo‘nab ketgani, vaziyatni unga aytishga ulgurmagani, qarzlarini, albatta,  qaytarishlarini bildirishgan.

B.Z. esa mast holatda qo‘shnisining xonadoniga kelgan. Ularning darvozaxonasida turgan «Damas» rusumli avtomashina eshigini ochib, benzin sepib, avtomashinani yoqib yuborgan. Yong‘in darvozaxona shiftigacha ko‘tarilib, uning ham bir qismiga zarar yetkazgan. Qo‘ni-qo‘shnilar to‘planishib, o‘t o‘chirishga urinishgan. Biroq, o‘t o‘chirishga fuqarolarning kuchlari yetmay, IIB hamda  o‘t o‘chirish xizmati xodimlariga xabar berishgan.

«Qo‘shnichilik, deb ayamoqchi bo‘ldik-da, B.Z.ni. Afsuski, yong‘inning oldini o‘zimiz ololmadik. Oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin organ xodimlarini chaqirishga majbur bo‘ldik. Mahallamiz uchun B.Z.ning xatti-harakati yaxshi bo‘lmadi», — deyishgan qo‘shnilar.

O‘t o‘chirish xizmati xodimlari yetib kelishguncha, «Damas» avtomashinasi to‘liq yonib, kulga aylangan.

«Benzin yoqilg‘isi yordamida atrofdagilar uchun xavfli usulda avtomashinani qasddan yoqib yuborishi natijasida «Damas»ning to‘liq va xonadonning qisman yonib ketishiga sababchi bo‘lgan B.Z.ning avtomashinaga 56.957.000 so‘m, darvozaxonaning shift qismiga esa 13.563.000 so‘m, jami bo‘lib 70.520.000 so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazgani aniqlandi. Aybdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 173-moddasi, 2-qismi bilan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi», — dedi Bobur Umarov.

Hukm qonuniy kuchga kirgach, B.Z. yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Buxoro viloyat prokuraturasi depozit hisob raqamiga 70.000.000 so‘m to‘lagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring