Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtobus yo‘lagida harakatlanganlar jarimaga tortiladi

Avtobus yo‘lagida harakatlanganlar jarimaga tortiladi

Foto: Xabar.uz

Avtobus yo‘lagiga kirgan haydovchilarga endilikda jarima qo‘llaniladi. 

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. 

Mamlakatimizda tirbandlik masalasi aholi uchun, ayniqsa, poytaxtimizda eng dolzarb muammoga aylanmoqda. So‘nggi 2-3 yilda Toshkent shahrida 7-9 ballik tirbandliklar har kuni kuzatilayotgan bo‘lsa, ayrim vaqtlarda mazkur holat 10 ballgacha ko‘tarilmoqda. Bu esa yo‘llarda asabiy va ziddiyatli holatlariga, yo‘lovchi hamda haydovchilarning soatlab vaqt sarflashiga sabab bo‘lmoqda. 

Shu bois yo‘llarda tirbandlikni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda. 

Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan. 

Bu boradagi muammolarni hal etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 1287-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. 

Jumladan, yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda. 

Shu bilan birga, Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilmoqda. 

Endilikda haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun javobgarlik belgilanmoqda. 

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring