Arablar yahudiylar bilan kelisha boshladi
Marokash 22 dekabrda Isroil bilan to‘liq diplomatik, tinchlik va do‘stlik aloqalarini o‘rnatishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Saad Usmoniy va AQSh prezidentining katta maslahatchisi (ham kuyovi) Jared Kushner hamda Isroil Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Meir Ben-Shabbat o‘rtasida imzolangan qo‘shma deklaratsiyada ma’lum qilindi.
Bu ikki davlat aviakompaniyalarining o‘zaro havo qatnovlarini amalga oshirish, Rabot va Tel-Aviv shaharlarida Aloqalar bo‘yicha byurolarni qayta ochish, diplomatik pasportga ega shaxslarning vizasiz bordi-keldisiga ruxsat berish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishni nazarda tutadi.
So‘nggi kunlarda G‘arbiy Afrikadagi Marokash davlati Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Sudandan keyin Isroil bilan diplomatik munosabatlari qayta tiklab, me’yorlasha boshlagan to‘rtinchi arab mamlakati hisoblanadi. Bu Tramp ma’muriyatining O‘rta Yer dengizidan Hindistongacha bo‘lgan yangi blok tizimining shakllantirish jarayonining ajralmas bir qismidir.
Aslida hozirgi Marokash hududi Rim imperiyasi tarkibiga kirgan davrlardayoq bu yerda yahudiylar istiqomat qilib keladi. 1940 yillarda Shimoliy Afrikadagi eng ko‘p – 240 ming yahudiy aynan Marokashda istiqomat qilgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan Vishi hukumati Fransiyaning dunyo bo‘ylab mustamlakalaridagi hukumatlarga yahudiylarni qirg‘in qilish bo‘yicha ko‘rsatma berganida Marokash Podshohi Muhammad «bizda yahudiylari yo‘q, faqat marokashliklar bor», deya ularni himoya qilib qolgani katta ehtirom bilan yodga olinadi.
1948-1984 yillarda marokashlik yahudiylarning 260 ming nafari yangi tashkil etilgan Isroil davlatiga ko‘chib o‘tishdi. Hozirda Isroilda ular soni 500 ming nafardan oshdi. Marokashning o‘zida esa ularning 10 mingga yaqini istiqomat qilishadi.
Kasablankada yahudiy jamiyatlari kengashi hamda 4 ta yahudiy maktabi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, mamlakatda jami 12 ta sinagog ishlab turibdi.
Rabot universiteti professori Shimon Levi 1996 yilda Kasablankadagi Islom olamida yagona bo‘lgan Yahudiylar muzeyiga asos solgan va uning direktoridir.
Tramp nihoyat Marokash hududiy yaxlitligini tan oladi....
Gap shundaki, Donald Tramp prezidentligi tugashi avvalida xalqaro maydonda ijobiy imij yaratish va yahudiylarning manfaatlarini ifodalash niyatida.
Marokash Isroil bilan aloqalarni qayta o‘rnatishi evaziga Tramp G‘arbiy Saxara ustidan rasmiy Rabotning suverenitetini to‘liq tan olishiga to‘g‘ri keldi.
AQSh yetakchisi «Twitter»da bu voqeani Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasidagi salmoqli sakrash deb atadi. Tramp shuningdek, AQSh G‘arbiy Saxara ustidan Marokashning suverenitetini tan olish haqidagi deklaratsiyaga imzo chekkanini ham ta’kidladi.
«Muxtoriyat haqidagi Marokash yondashuvi jiddiy va ishonchli hamda real taklifdir – bu tinchlik va farovonlik uchun adolatli va qat’iy qarordir. Marokash Qo‘shma Shtatlarini 1777 yildayoq tan olgan. Shu tariqa uning G‘arbiy Saxara ustidan suverenitetini tan olishimiz o‘rinli», deb yozgan.
Marokash AQSh uchun NATO blokidan tashqaridagi asosiy ittifoqchi davlat hisoblanadi. Shu kunlarda Tramp nafaqat iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatmoqchi, balki 1 milliard dollarga teng qurol-yaroqlar partiyasini ham Marokashga yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Ular orasida eng zamonaviy uchuvchisiz uchish qurilmalari, boshqariladigan raketa, aviabombalar majmualari bor.
Qolaversa, AQSh Marokashda kechayotgan iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni rag‘batlantiradi.
G‘arbiy Saxara tashqi ishlar vazirligi Tramp qarorini «o‘ylamasdan qilingan va yuridik kuchga ega emas», deb hisoblaydi. Rossiya uni «xalqaro huquq doirasidan chiqish» deb ataydi.
1912-1956 yillarda Marokashni boshqargan, hozirda o‘z hududida 1,5 million marokashlik yashaydigan Fransiya esa aksincha G‘arbiy Saxaraning mustaqilligiga qarshidir va unga faqat muxtoriyat maqomini berish rejasini qo‘llab quvvatlamoqda. Afrika Ittifoqi esa Saxaraning referendum orqali o‘z taqdirini belgilash huquqini rasmiy tan oladi.
Ammo Ispaniya bilan ham Marokashning Afrika qit’asida joylashgan ikki anklav — Seuta va Melilyaning tegishliligi bo‘yicha bahslari mavjud.
Sobiq maslahatchi norozi
So‘nggi 30 yilda Vashingtonda bu yerdagi etnik aholining o‘z taqdirini o‘zi belgilashdek mustaqil siyosatni yoqlab kelgan edi. AQSh prezidentining sobiq maslahatchisi Jon Bolton avvalgi rahbari ishidan norozi bo‘lib, «AQSh diplomatiyasi bilan havaskorlar shug‘ullangani uchun shunday bo‘ldi», deb hisoblamoqda.
Bolton janoblari shoshilinch qarorni keskin qoralab, Oq uyning bu muhim tashqi siyosiy masalada na G‘arbiy Saxarani ozod qilish milliy fronti (POLISARIO) bilan, na Jazoir va Mavritaniya bilan maslahat qilmaganini tanqid qilmoqda.
Bir qarashda bu harakat butun Shimoliy Afrikada beqarorlik muammosini hal qilganday va yana bir yorqin xalqaro g‘alabaday ko‘rinadi. Ammo Tramp katta siyosiy xatoga yo‘l qo‘ydi.
Oklaxoma shtatidan senator bo‘lgan Jim Inxof 2019 yil mayda shaxsan Trampga saxaravi uchun referendum muhimligini tushuntirgan edi. Ammo Tramp bu davlat haqida hech qachon eshitmaganini bildirgandi. O‘shanda senator Prezidentga «avval ham bu haqida aytganimizda bizni eshitishni istamagan edingiz», degandi.
Rossiya esa G‘arbiy Saxaraning tan olinishi mintaqadagi tinchlikka tahdid solishidan xavotir bildirdi.
G‘arbiy Saxara qanday davlat o‘zi?
G‘arbiy Saxara – Afrika shimoli-g‘arbiy hududida joylashgan tan olinmagan davlat. 1884 yildan Ispaniya mustamlakasi bo‘lgan. 1973 yilda G‘arbiy Saxarani ozod qilish milliy fronti (Polisario) tuzilgan. 1975 yilda mustaqil Marokash va Mavritaniyaning Madridga faol bosimi bilan u bu yerdan chiqib ketdi. G‘arbiy Saxaraning shimoliy qismi Marokash, janubiy qismi esa Mavritaniya yurisdiksiyasiga o‘tkazilgan.
1976 yilda Polisario fronti mustaqil Saxara arab demokratik respublikasini e’lon qildi. Mavritaniya bilan kelishuv imzolandi va o‘rtada muammo qolmadi. Ammo Marokash bilan uzoq yillarga cho‘zilgan urush harakatlari olib borildi.
BMT uning mustaqilligini ham, Marokashning hududni qo‘shib olganini ham tan olmadi va bu borada referendum o‘tkazish talabini ilgari surdi. Marokash hukumati bu hududga keng avtonomiya berish orqali o‘z tarkibida saqlab olish rejasini bildirdi. Polisario esa G‘arbiy Saxara maqomini referendum yo‘li bilan belgilashni taklif etib kelmoqda.
Saxara Arab Demokratik Respublikasi prezidenti Bragim Gali uning yurtini Marokashning Afrika Ittifoqi va BMTning qaror va rezolyusiyalariga zid bo‘lgan tahdididan Afrika Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat himoya qilishi kerak, deb hisoblaydi.
Hozir mamlakatning salkam 80 foiz hududini Marokash, qolganini Polisario nazorat qilib turibdi. 1991 yilda o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilgach, BMT Xavfsizlik kengashi mandati bo‘yicha tuzilgan Tinchlikparvar kuchlar kiritilgan.
O‘shandan buyon tomonlar o‘t ochishni to‘xtatib kelishayotgan edi. Tinchlik evaziga rasmiy Rabot unga referendum o‘tkazish huquqini berishi zarur edi. Ammo unday bo‘lmadi. Shu yil noyabrda yana chegarada o‘q ovozlari yangradi, harbiy harakatlar qayda boshlandi.
G‘arbiy Saxarani hozirga qadar BMTning 60 davlati tan olgan. 45 mamlakat esa G‘arbiy Saxara xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash qarorini tan oladi. 1982 yilda qit’adagi eng yirik tuzilma – Afrika Ittifoqi tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan. U kirishi bilan Marokash norozilik ifodasi sifatida bu tashkilotdan chiqib ketdi va faqat 2017 yilda unga qaytdi.
Hududning aholi soni kam va asosan cho‘ldan iborat bo‘lsa-da, tabiiy resurslarga nihoyatda boydir. Mustaqillik tarafdorlarini Jazoir davlati doim faol qo‘llab-quvvatlab keladi. Jazoir isyonchilarga qurol-yaroq, mablag‘ va diplomatik ko‘mak ko‘rsatadi. Tinduf viloyatiba G‘arbiy Saxaradan qochganlarning lageri bor. Isyonchilar ham bu yerda o‘z lageriga ega va mamlakat armiyasi bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bu narsa Marokashning noroziligiga sabab bo‘lib keladi va ikki qo‘shni mamlakat sovuq urush holatida yashab kelmoqda.
AQShda hokimiyatga Bayden kelishi bilan, Trampning kelishuvlarini tan olmasligi, Polisarioni tan olishi va Shimoliy Afrikada yana bir beqarorlik kelib chiqishi mumkin.
Marokashning ichki muammolar ham yetarli
Tabaqalashuv, noqonuniy migratsiya, pandemiya tufayli iqtisodning zaiflashuvi, sayyohlar oqimining keskin kamayib ketishi Marokash iqtisodiyoti uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Podshoh Muhammad VI Afrikadagi eng boy odamlardan biridir. «Forbes» jurnali uni olti yuzta mashinasi, 12 ta qasri, Fransiyada muhtasham saroyi borligini yozgan. «Business Insider South Africa» jurnali yozishicha, uning umumiy boyligi 6,3 milliard dollarga teng. U yirik xolding kompaniyasi (Societe Nationaled’Investissement) va yirik fosfat koniga egalik qiladi.
«The Telegraph» nashri yozishicha, taxt egasi saqlab turish soliq to‘lovchilarga yiliga 353 million dollarga tushmoqda. Bu qirolicha Yelizaveta II sarflariga qaraganda 18 barobar ko‘pdir.
Vaholanki, 35 millionlik nufusning qariyb 3 millioni qashshoqlikda yashamoqda. Kambag‘al aholining esa 79,4 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladi. Afsuski, 2020 yilda pandemiya sharoitida mamlakatning yarim million aholisi virus bilan kasallanib, iqtisodiyot o‘sishi 6,6 foizga qisqardi.
O‘tgan yili 13 million sayyoh tashrif buyurib, 8 milliard dollardan ortiq daromad ko‘rilgan bo‘lsa, bu yil soha uchun jiddiy sinov yili bo‘ldi.
Shu bois xalqaro donorlar ishtirokida «Yashil avlod» dasturi yoshlarni qishloq xo‘jaligi sohasida ishga jalb etishni, tadbirkorlik va ta’lim olish dasturlarini moliyalashtirishni, qishloq xotin-qizlarini o‘qitishni ko‘zlaydi.
Boz ustiga Marokash afrikalik migrantlar va qochoqlarning g‘arbiy O‘rta Yer dengizi harakat yo‘nalishida asosiy tranzit nuqtadir. Podshohlikni Ispaniya bilan Gibraltar bo‘g‘ozining eng tor joyida 15 kilometrlik oraliq masofa bog‘lab turadi.
Marokash hukumati va sohilni qo‘riqlash xizmati shu yilning o‘zida 54 ming bu kabi noqonuniy muhojirning Yevropaga tranzitining oldini olib qolgan.
Noqonuniy muhojirlar oqimiga qarshi kurash mamlakat g‘aznasiga yiliga 200 million dollarga tushmoqda. Rasmiy Rabot migratsiya masalasida Yevropa uchun jandarmlik qilishni istamasligini, har bir davlat o‘z fuqarolari uchun mas’uliyatni o‘zi zimmasiga olishi kerakligini ochiq aytdi.
Dildora Shomurotova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter