Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonning sobiq hokimi va uning 43 nafar sherigiga oid sud ishi boshlandi

Andijonning sobiq hokimi va uning 43 nafar sherigiga oid sud ishi boshlandi

Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov va uning 43 nafar sherigiga oid sud ishi boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

«Farg‘ona viloyat sudi binosida sudlanuvchilar B.H. (erkak, 1972 yilda Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Andijon viloyat hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i va Andijon shahar hokimi lavozimlarida ishlagan), Q. A. (erkak, 1982 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Andijon shahar prokurori va Andijon viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi lavozimlarida ishlagan), Andijon viloyati Moliya va Xalq ta’limi boshqarmalari, Andijon shahar Moliya va Xalq ta’limi bo‘limlarining sobiq rahbarlari va mas’ul lavozimlarida ishlagan shaxslar va boshqalarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi», – deb yozmoqda Abidov.

Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, jami 44 nafar sudlanuvchining 29 nafari erkak hamda 15 nafari ayol bo‘lib, 34 nafar sudlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish», 10 nafariga esa «garov» va «uy qamog‘i» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar tomonidan 63 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ talon-toroj qilingan va ular Jinoyat kodeksining 167, 168, 207, 209, 210, 28,210, 211, 28,211 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ushbu jinoyat ishi Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi A. O‘tayev raisligida hamda sudyalar O. Arabov va Sh. Sherqulovdan iborat tarkibda, birinchi instansiya sudida ko‘rilmoqda.

Ayni paytda sud tergovi o‘tkazilib, sud jarayoni davom etmoqda.

Abidov, shuningdek, sud jarayoni yakuni bo‘yicha batafsil axborot berilishini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring