Andijonda tunda ishga chiqarilgan obodonlashtirish xodimi ishi o‘rganildi. U YTHda halok bo‘lgandi
Bir muddat oldin joriy yilning 25-aprel kuni Andijon viloyati Marhamat tumani hududidan o‘tuvchi Marhamat-Quva avtomobil qatnov yo‘liga kechki soat 22:30 larda majburiy mehnatga jalb qilingan tuman obodonlashtirish boshqarmasining ikki nafar xodimini mashina urib yuborilgani va YTH natijasida ulardan birining vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Biroq keyinroq tuman hokimligi bergan rasmiy ma’lumotda o‘sha kuni haqiqatda YTH sodir bo‘lgani va bir kishining vafoti haqidagi ma’lumotdan boshqa biror ma’lumot berilmadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mazkur voqea yuzasidan maxsus tekshiruv komissiyasi tayinlanganini va holat o‘rganilib yakuniy hulosalar qabul qilinganini bildirdi.
Unga ko‘ra, tekshirish jaryonida Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda, ya’ni ish vaqtidan tashqari ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek, dam olish kunlarida ma’muriy tarzda majburan ishlatib kelinayotganligi aniqlangan.
Shu bois ushbu mansabdorga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanildi.
Bundan tashqari, ushbu baxtsiz hodisa ishlab chiqarish bilan bog‘liq deb topildi va bu bo‘yicha N-1 shaklidagi dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Ya’ni vazirlikning bildirishicha, vafot etgan xodimning oila a’zolariga yetkazilgan zarar summasi – marhumaning o‘rtacha olti yillik ish xaqi (122 mln 633 ming so‘m) miqdoridagi bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, turmush o‘rtog‘iga va 2 nafar farzandlariga 490 ming so‘mdan har oyda to‘lanadigan yetkazilgan zarar summasi ham to‘lab boriladi.
Sodir bo‘lgan avtohalokat natijasida og‘ir tan jarohati olgan ishchiga uning davolanishi davomida kasallik varaqalari bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishi va to‘lanishini ta’minlash, mehnatga layoqatsizlik darajasi belgilanganda, uning o‘rtacha bir yillik ish xaqi 21 mln 313,8 ming so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa summasi va oyma-oy to‘lanadigan yetkazilgan zarar summasi hisoblandi.
Yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida xodimlarning oila a’zolari, farzandlariga boquvchisining vafoti tufayli bir yo‘la nafaqa va oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar to‘lovlari Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi va buning ijrosi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan nazoratga olinadi.
Maxsus tekshiruv yakuni bo‘yicha, barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda hududiy Ichki ishlar organiga yuborilishi ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter