Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Amazon»da faol sotilayotgan «Kecha va kunduz»ning taqdimoti Londonda bo‘lib o‘tdi

«Amazon»da faol sotilayotgan «Kecha va kunduz»ning taqdimoti Londonda bo‘lib o‘tdi

2020 yilning 17 yanvar kuni O‘zbekistonning London shahridagi Elchixonasida zamonaviy o‘zbek she’riyati va adabiyotining asoschilaridan biri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning birinchi marta ingliz tiliga tarjima qilingan «Night and Day» («Kecha va kunduz») romanining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Diplomatik vakolatxona tomonidan Britaniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati bilan birgalikda tashkil qilingan ushbu tadbirda Buyuk Britaniyaning ijtimoiy-siyosiy doira vakillari, ilm-fan va madaniyat arboblari, yozuvchi va shoirlari, adabiyotshunos oli va tarjimonlari hamda o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.

Tarjima muallifi yosh olim, AQShning Michigan universiteti slavyan tillari va adabiyoti kafedrasi ma’ruzachisi Kristofer Fort. U deyarli bir yil davomida O‘zbekistonda yashab XX asrdagi o‘zbek adabiyoti bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishi uchun materiallar to‘plagan va o‘zbek tilini o‘rgangan.

2019 yilda u dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilmiy ishida bir paytda ham xalqimizning madaniy-tarixiy an’analarini, ham o‘zbek musulmon islohotchilarining taraqqiypavar g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan XX asr boshidagi o‘zbek sotsrealizmi adabiyotining noyobligini isbotlab berdi. Kristofer Fort fikriga ko‘ra, Cho‘lpon o‘zbek adabiyoti rivojiga muhim hissa qo‘shgan, chunki satira va elegiya janrlari bilan cheklanib qolmay jadidchilik dunyoqarashining estetik qadriyalarini to‘liq ochib bera olgan.

Tarjimon Cho‘lpon asari ilk sahifalaridan o‘z yumori va jozibadorligi bilan uni rom etgani va u darhol tarjimaga kirishganini qayd etdi. Bunda u o‘z ishiga ilmiy tadqiqot sifatida yondoshdi: boshida o‘quvchiga mazkur roman nima uchun qiziqarli ekani va o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin egallashini tushuntiradi. Keyin Cho‘lpon hayoti va ijodining o‘ziga hos jihatlarini ochib beradi. «Kecha va kunduz» romanining yaratilish tarixi va keyingi taqdiri haqida hikoya qiladi va oxirida atama va tushunchalarining izohli lug‘atini keltiradi.

O‘zbekistonning London shahridagi Elchixonasi romanning tarjima qilinishi va chop etilishiga amaliy yordam ko‘rsatdi. Asar 2019 yil noyabr oyida dunyo yuzini ko‘rdi. Kitob o‘quvchilar o‘rtasida ommalashib bormoqda va «Amazon» savdo platformasida faol sotilmoqda. Qator xorijiy universitetlar Markaziy Osiyo tarixi va adabiyoti bo‘yicha o‘quv dasturlariga Cho‘lponning mazkur asarini kiritishni rejalashtirmoqda.

Kristofer Fort o‘zbek klassik adabiyoti vakillari ijodlarini tarjima qilishni davom ettirishini ta’kidladi. Yaqin vaqt ichida G‘ofur G‘ulomning «Shum bola» qissasidan parchalar hamda Abdulla Qahhorning «O‘tmishdan ertaklar» qissasini tarjima qilishni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring