Aholi va harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar hamda og‘ir jarohat olganlar yo‘q — Mudofaa vazirligi
Sirdaryo viloyatining «Malik» aholi punktidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism omborida sodir bo‘lgan yakka tartibda portlash bo‘yicha harbiy mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Mudofaa vazirligining rasmiy-telegram-kanali.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aholi va harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar hamda og‘ir jarohat olganlar yo‘q. Portlash oqibatida harbiy qism atrofdagi ayrim mahallalardagi yengil konstruksiyalar, oynalarga shikast yetgan.
Ayni vaqtda mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda, harbiy qism atrofida joylashgan mahallalar qamrab olinib, yetkazilgan zararni aniqlash hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Harbiy qismdagi o‘q-dori zaxirasi xavfsizlik talablariga javob beradigan, Davlat standartlariga mos ravishda, zamonaviy maxsus omborlarda saqlanmoqda. Ularning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan», deyiladi xabarda.
Mudofaa vazirligi fuqarolardan holat bo‘yicha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik, faqatgina Mudofaa vazirligi hamda boshqa mas’ul idoralarning rasmiy saytlari hamda ularning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilingan axborotlardan foydalanishni so‘radi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter