«Adolat» partiyasi Toshkent shahar hokimiga chora ko‘rilishini talab qildi
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani tahmin qilinayotgan OAV xodimlariga nisbatan haqoratli tahdid ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgan edi. O‘zbekiston «Adolat» SDP huquq-tartibot organlaridan Jahongir Ortiqxo‘jayevga nisbatan chora ko‘rilishini so‘radi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar tarqatgan.
«Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan jurnalistlar haqidagi haqoratli so‘zlari va tahdidi «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan inson huquqlari va uning sha’ni, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlarining buzilishi deb hisoblaydi.
Keyingi uch yilda O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, jumladan, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarga e’tibor o‘zgardi. Chunonchi, mamlakatda so‘z erkinligi qo‘llab-quvvatlanyapti, sohaning chinakam «to‘rtinchi hokimiyat» darajasiga ko‘tarilishiga erishilmoqda. OAVni rag‘batlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni pallada ayrim rahbarlarning, xususan, ijro hokimiyati mutasaddilarining ushbu kasb vakillariga nisbatan bunday munosabati kishini jiddiy o‘ylantiradi.
Nega ba’zi mansabdorlar o‘z faoliyatida OAVga suyanishning o‘rniga bepisandlik bilan yondashmoqda?
Nima sababdan avvalgi ba’zi mutasaddilarning «hurmacha» qiliqlaridan poytaxt hokimi J.Ortiqxo‘jayev to‘g‘ri saboq chiqarmadi?
Hokimning og‘zidan yangragan so‘zlar nafaqat jurnalist yoki bloger, balki eshitgan har bir quloq uchun og‘ir botadi. Inson huquqlari ustuvor jamiyatda bu holatni qanday hazm qilish mumkin?
Ushbu holatga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan himoyaviy chora kutib qolamiz.
Shuningdek, jurnalist va blogerlarni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlanishidagi hissasini hamda jamiyatimizda adolatni o‘rnatishdagi faolligini e’tirof etgan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga nisbatan qonunda belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘rilishini so‘raymiz», — deyiladi murojaatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter