83 yoshli chiroqchilik onaxon koronavirusdan tuzaldi
Poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 6 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
E’tiborli jihati, sog‘ayganlardan biri chiroqchilik , 83 yoshli onaxon bo‘lib, uning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay bilimli va yuqori malakali shifokorlarimizning sa’y-harakati hamda xalqaro standartlar asosida olib borilgan samarali davolash muolajalari tufayli butkul sog‘aydi.
Shuningdek, tuzalgan yana to‘rt nafar Toshkent shahridan bo‘lib, (50, 31 va 30 yoshli erkak hamda 57 yoshli ayol) ulardan bir nafari Rossiyadan charter reys bilan poytaxtimizga kelgan, qolgan uch nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Yana bir nafar farg‘onalik, 35 yoshli bemor ham xorijdan kelgan.
So‘nggi tekshiruv natijalari ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Mazkur klinikada shu paytga qadar 11 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 17 nafarga yetdi.
Hozirgina Buxoro viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasidan yana 3 nafar bemor (erkak) sog‘ayganligi haqida ham xabar berildi.
Shunday qilib, ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar bugun, avvalgi kunlarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan holda, 38 nafarga yetib, jami 194 nafarni tashkil etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter