8 yilga qamalgan «Avto oltmish oy» asoschisi qamoqda 3 yil ham o‘tirmagani ma’lum bo‘ldi
«Avto oltmish oy» MChJ mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va’da qilib, 18 mingdan ortiq mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ib olib, evaziga atigi 130 ta mashina sotib olish uchun «Qibray avto moto servise» MChJga bilan shartnoma tuzgani aniqlangan. Tergov harakatlari davomida jami yetkazilgan modiy zarar 47,7 mlrd. so‘m ekanligi aniqlanib, shundan 36,8 mlrd. so‘m undirilgan. 10,9 mlrd so‘m miqdoridagi zarar esa undirilmasdan qolgan.
2021 yilda Jamshid Bahodirov sud tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «a», «b» bandlari, 188-1-moddasi (qasddan bankrotlikka olib kelish) 2-qismi «b», «v» bandlari va 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 8 yilga qamalgandi. Shuningdek, sud Bahodirovning 4 nafar jinoiy sheriklarini ham javobgarlikka tortgandi.
Kun.uz Jamshid Bahodirov ayni payda ozodlikda ekani haqida yozdi. Fuqarolarni 53 milliardga «tushirib», 8 yilga qamalgan firibgar 3 yilga qolmay ochiqqa chiqqan. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov nashrga bergan izohida «Avto oltmish oy» asoschisi JIB Nishon tuman sudining ajrimi bilan 2021 yil noyabr oyida umumiy tartibli koloniyadan manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.
Ta’kidlanishicha, manzil koloniyada 8 oy davomida «o‘zini yaxshi tutgani va tuzalish yo‘liga o‘tgani uchun» Bahodirov ijobiy tavsifnoma olgan hamda JIB Bo‘ka tuman sudining ajrimi bilan unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan 5 yil 3 oy 24 kun muddati shu muddatga ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.
Kun.uz’ning aniqlashicha, ochiqda ishlab axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan Jamshid Bahodirov yangi «biznes» boshlagan. U fuqarolarga «arzon va qulay shartlarda avtomobil hamda kvartiralar olib berish xizmat»larini taklif qilib, yuzlab odamlar bilan shartnoma tuzishda ishtirok etgan. Yana yuzlab odamlar uning navbatdagi firibgarlik sxemasi qurboniga aylangani aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter