Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘rt yil ichida bor-yo‘g‘i 7 nafar shaxs oqlangan edi...

To‘rt yil ichida bor-yo‘g‘i 7 nafar shaxs oqlangan edi...

Foto: «Kruz.uz»

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 13-iyun kuni sud korpusi bilan bo‘lgan uchrashuvda xalqning sud tizimiga bo‘lgan ishonchiga fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish orqaligina erishish mumkinligini alohida ta’kidlagandi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan bu g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida 2017-yilda mutlaq yangi sud tizimini shakllantirish, adolatli sud qarorlarini qabul qilishni ta’minlashga yo‘naltirilgan tub islohotlar amalga oshirildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.

Ayni shu shiddatli o‘zgarishlar samarasi o‘laroq, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 262 nafar shaxs oqlandi. Vaholanki, 2012-2016-yillarda bor-yo‘g‘i 7 nafar shaxs oqlangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 2018 yil birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan shaxslarni aybsiz deb topish va reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq sud qarorlari o‘rganib chiqilganda sudlar bu masalaga yanada ma’suliyat bilan yondoshayotgani ma’lum bo‘ldi.

Joriy yilning birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 68 ta jinoyat ishi bo‘yicha 114 nafar shaxsga nisbatan oqlash va reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan.

Xususan, birinchi instansiya sudlari tomonidan 55 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan va Jinoyat-protsessual kodeksining 83 moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) asnosida 9 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlar tugatilgan, yuqori turuvchi instansiya sudlari tomonidan 50 nafar shaxs oqlangan va ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tugatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati tomonidan 2 nafar shaxs va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan esa 9 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, birinchi, apellyasiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan Qashqadaryo viloyatida – 29, Toshkent shahrida – 16, Toshkent viloyatida – 13, Surxondaryo viloyatida – 7, Andijon viloyatida – 7, Xorazm viloyatida – 6, Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 5, Samarqand viloyatida – 5, Farg‘ona viloyatida – 4, Jizzax viloyatida – 4, Sirdaryo viloyatida – 4, Navoiy viloyatida – 4 va Buxoro viloyatida 1 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan.

Oliy sud tomonidan ushbu sud qarorlari o‘rganib chiqilib, jinoyat ishlari bo‘yicha e’lon qilingan ayblovlar dalillar bilan tasdiqlanmagani, taxminlar yoki mish-mishlardan iborat ma’lumotlar hamda nomaqbul dalillarga asoslangani bois sudlar tomonidan barcha qarorlar asosli ravishda chiqarilgan deb topildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring