2019-yilgi Davlat dasturining bajarilmagan bandlari ma’lum qilindi
«Yuksalish» umummilliy harakati o‘ziga yuklatilgan vazifalaridan kelib chiqqan holda 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining bajarilishi bo‘yicha monitoring natijalari tahlilini e’lon qildi.
Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2019-yil mobaynida jami 274 ta, jumladan:
- Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo‘nalishida - 34 ta;
- Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo‘nalishida - 15 ta;
- Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishida - 84 ta;
- Ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishida - 100 ta;
- Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish yo‘nalishida – 41 ta banddagi tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan edi.
Davlat dasturining bajarilishi 2020-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra quyidagicha:
- 216 ta band ijro etilgan, ya’ni nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, chora-tadbirlar rejasi va dasturlari tasdiqlangan.
- 45 ta band bo‘yicha hujjatlar loyihalari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilib, normativ hujjatlarni qabul qiluvchi sub’yektlarga kiritilgan.
- 1 ta band, ya’ni to‘rtinchi yo‘nalishdagi 206-bandni bajarish muddati uzaytirilgan.
- Davlat dasturining 12 ta bandi o‘z vaqtida bajarilmagan.
Mazkur bandlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul idora va vazirliklar tomonidan ishlar tashkil etilgan bo‘lsa-da, Davlat dasturida ushbu bandlarni bajarish uchun belgilangan amalga oshirish mexanizmi to‘liq qamrab olinmaganligi sababli rejalashtirilgan chora-tadbirlar belgilangan muddatda bajarilmagan, ya’ni Davlat dasturida ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan qonun va qonunosti normativ hujjatlar loyihalari o‘z muddatida lozim darajada ishlab chiqilmagan, amaliy choralar bajarilmagan.
Xususan:
- 43-band bo‘yicha 2019-yilning 1-iyuliga qadar Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini tubdan qayta ko‘rib chiqish belgilangan bo‘lib, jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirish, jinoyat-protsessual qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va uyg‘unlashtirish, jinoyat-protsessual qonunchilikda yarashuv instituti doirasini kengaytirish va boshqalarni nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-Protsessual kodekslarining loyihalari jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilmadi;
- 62-band bo‘yicha Jahon banki ko‘magida ishlab chiqiladigan bank-moliya tizimini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, Jahon banki missiyasi tomonidan Bank-moliya tizimini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya loyihasi ishlab chiqilgan, lekin belgilangan muddatlarda tasdiqlanishi ta’minlanmadi;
- 84-band bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar berish jarayonini soddalashtirish (litsenziya oluvchilarni majburiy o‘qitish, malakasini oshirish tartibini qayta ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlik sub’yektlari rahbar va xodimlarini tayinlashni litsenziya va ruxsatnoma beruvchi davlat organlari bilan kelishish tartibini qayta ko‘rib chiqish)ga oid normativ huquqiy hujjat qabul qilinishi ta’minlanmadi;
- 89-band bo‘yicha paxta xom ashyosi va boshoqli don mahsulotlari yetishtirishga kredit ajratish tartibini qayta ko‘rib chiqish, ya’ni paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirishga imtiyozli kredit ajratish muddatini agrotexnik tadbirlar muddatiga moslashtirish, to‘qimachilik-paxta ishlab chiqarish korxonalari va klasterlariga ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish shartlari va muddatini aniq belgilash masalalari hal etilmay qoldi;
- 119-band. Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Biroq, mazkur bandning amalga oshirish mexanizmida nazarda tutilgan erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanmagan;
- 122-bandning bajarilishi 2019-yil 1-mart kuniga belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining «Konsessiyalar to‘g‘risida»gi Qonuni (Qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, tegishli vazirlik va idoralarga kelishish uchun kiritilgan) loyihasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun yil yakuniga qadar kiritilmagan;
- 131-band ijrosini ta’minlash muddati 2019-yil 1-iyul etib belgilangan bo‘lib, Tadbirkorlik sub’yektlarining tashqi savdo faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tizimlashtirish bo‘yicha (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo faoliyati tartiblarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» Farmoni loyihasi ishlab chiqilgan. 2019 yilning 22 noyabr kuni project.gov.uz portaliga vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun joylashtirilgan) ishlar o‘z vaqtida bajarilmagan;
- 171-bandda 2019 yil davomida arzon uy-joylar qurish dasturini izchil davom ettirish, namunaviy uylar loyihalarini takomillashtirish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, zamonaviy va arzon qurilish materiallaridan foydalanish choralarini ko‘rish bo‘yicha qurilishi rejalashtirilgan 15 010 ta uy-joy va kvartiralardan 6 517 tasi foydalanishga topshirildi, qolgan 8493 tasida qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan.
Xususan, 11070 ta uy-joy sharoitini yaxshilashga muxtoj oilalar uchun uylar (5604 tasi topshirildi), 658 ta alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalarga uylar (265 tasi topshirildi), 1272 ta og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun uylar (558 ta topshirildi), 1050 ta mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari uchun uylar (60 tasi topshirildi), 450 ta milliy gvardiya xarbiy xizmatchilari uchun xonadonlar (birortasi topshirilmadi), 510 ta ichki ishlar organlari xodimlari uchun xonadonlar (30 tasi topshirildi) foydalanishga topshirilmagan.
Shuningdek, 2019 yil davomida davlat dasturida belgilangan:
- qurilish materiallari tannarxini maqbullashtirish;
- 2 sotixli 2 va 3 xonali uy-joylarni massivning bosh rejasida joylashtirishda xo‘jalik yo‘lini qayta ko‘rib chiqish orqali narxni maqbullashtirish bo‘yicha amaliy ish bajarilmagan;
- qishloq joylarda va fuqarolarning alohida toifalari uchun 15 010 ta arzon uy-joylar qurish va shaharlarda 355 ta ko‘p qavatli uylar qurish belgilangan bo‘lsada, 2019 yilning 12 oyi davomida atigi 6 517 ta (43%) uylar foydalanishga topshirilgan);
- 183-band bilan Magistral telekommunikatsiya transport tarmoqlarini kengaytirish uchun «O‘zbektelekom» AK magistral telekommunikatsiya tarmog‘i o‘tkazuvchanligini viloyat markazlarigacha 100 Gbit/s dan 400 Gbit/s gacha, tuman markazlarigacha 10 Gbit/s dan 100 Gbit/s gacha oshirish choralarni ko‘rish belgilangan bo‘lib, 2019 yilning 30 dekabr holatiga ko‘ra magistral telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish qurilmalarning bir qismi respublikaga yetib kelgan va montaj ishlari olib borilgan. Loyiha doirasida 26,3 mln. AQSh dollari o‘zlashtirilgan. Qurilmalar to‘liq keltirilganidan so‘ng 237 ta ob’yektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va telekommunikatsiya uskunalarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Yaponiyada sodir bo‘lgan tabiiy ofat sababli yuklarni ishlab chiqarish va keltirish ishlari kechiktirilganligi va ishlarni 2020 yilda davom ettirilishi to‘g‘risida ishlab chiqaruvchi tomon – «Toyota Tsusho Corporations» (Yaponiya) kompaniyasi ma’lumot bergan;
- 201-band bo‘yicha Respublikaga turistlar oqimini yanada kengaytirish maqsadida mashhur xalqaro brendlar asosida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar filiallarini O‘zbekistonda ochish choralarini ko‘rish uchun xalqaro brendlar asosida oziq-ovqat, sport, savdo xizmatlari, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tegishli loyihalarni amalga oshirish choralari ko‘rilishi belgilangan edi. Bu borada Toshkent shahrida «Hilton» mehmonxonasi ochildi. Ushbu band ijrosini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4095-sonli qaror imzolandi. Qaror asosida taniqli mexmonxona brendini jalb etish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi «Mexmonxona xo‘jaligi faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 433-son qabul qilindi. Shunga qaramay, xalqaro brendlar asosida oziq-ovqat, sport, savdo xizmatlari, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha ishlar rejalashtirilgan miqyosda amalga oshirilmagan;
- 207-band. Xalq ta’limi muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish maqsadida bir nafar o‘quvchiga xarajatlarning bazaviy normativlaridan kelib chiqqan holda «mablag‘ o‘quvchi ortidan» tamoyili asosida bosqichma-bosqich moliyalashtirish tizimiga o‘tish belgilangan bo‘lib, Toshkent shahridagi umumta’lim muassasalarini moliyalashtirishning amaldagi tartibi o‘rganilgan va natijada vaucherlar orqali moliyalashtirish tizimini joriy etish tajribasini amalga oshirish uchun Toshkent shahrining M.Ulug‘bek tumanidagi maktablar tanlab olingan. Xorijiy tajribaga asoslangan holda xalq ta’limida kishi boshiga moliyalashtirish tizimi ishlab chiqilgan va maktablar uchun vaucherlar qiymati hisoblab chiqilgan. Natijada, bir o‘quvchi uchun vaucherlar miqdori aniqlanib, ushbu tizimda moliyalashtirish taklif etilgan. Biroq, uni amalga oshirishda turli muammolar mavjudligi, xususan umumta’lim muassasalarini alohida g‘azna hisobraqami orqali O‘zbekiston Respublikasi g‘aznachiligiga qamrab olmagan holda moliyalashtirish budjet jarayonini ijro etishni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga mos kelmasligi ma’lum qilingan.
Shunga ko‘ra, mazkur band ijro muddatini uzaytirish, ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning yangi tizimi bo‘yicha tajriba-sinov tariqasida o‘tkazishni 2021-yildan boshlab amalga oshirilishiga ruxsat berilishi bo‘yicha Xalq ta’limi va Moliya vazirliklarining qo‘shma xati kiritilgan. - 231-band. «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlash («Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi mablag‘laridan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish orqali 50 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda esa 2019 yilning 30 dekabr holatiga 3 518 ta biznes loyihasi uchun jami 938,5 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgani holda 12 011 ta (rejaga nisbatan 24 foiz) yangi ish o‘rni yaratilgan).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter