2019-yildan «qo‘lga» tegadigan ish haqi miqdori oshadi
Joriy yilning 3-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasida 2018 yilning kutilayotgan yakunlari hamda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi, soliq va budjet siyosati konsepsiyasi, Davlat budjeti loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.
Yig‘ilishda kelgusi yillar uchun ishlab chiqilgan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, davlat budjetining daromadlar va xarajatlar parametrlari bo‘yicha yondashuv va takliflar muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-son Farmoni bilan tasdiqlangan soliq siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari doirasida 2019-yildan e’tiboran:
1) ish haqi fondiga soliq yuki quyidagicha kamaytirilmoqda:
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasining 12 foiz miqdorida o‘rnatilishi va fuqarolarning majburiy sug‘urta badallarining (ish haqidan 8 foiz) bekor qilinishi natijasida «qo‘lga» tegadigan ish haqi miqdori o‘rtacha 6,5 foizga oshadi;
- ish haqi fondidan yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 12 foizgacha pasaytirilmoqda;
2) davlat maqsadli jamg‘armalariga aylanmadan (oborotdan) 3,2 foiz miqdorida undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda;
3) yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkalari 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun – 22 foizdan 20 foizgacha, dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan soliq – 10 foizdan 5 foizgacha, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i – 5 foizdan 2 foizgacha pasaytirilmoqda.
Mazkur choralar natijasida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va jismoniy shaxslar ixtiyorida qariyb 10 trillion so‘m mablag‘ qoladi.
Ushbu choralar bilan bir qatorda yig‘ilish qatnashchilari tomonidan resurslardan oqilona foydalanish va budjetga tushumlarning to‘liqligini ta’minlashga yo‘naltirilgan soliq siyosatini takomillashtirish sohasidagi qo‘shimcha takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi, jumladan:
- mutlaq miqdorlarda belgilangan soliq stavkalarini indeksatsiya qilish (yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, aksiz solig‘i);
- sigareta uchun aksiz solig‘i bo‘yicha qat’iy belgilangan stavka bilan bir qatorda advalor stavkasini joriy etish;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari va mehnat faoliyatining hisobi yuritilishi murakkab bo‘lgan shaxslar uchun fuqarolarning sug‘urta badallari o‘rniga yagona ijtimoiy to‘lovlarni joriy etish (sug‘urta badallarining bekor qilinishi sababli);
- ayrim turdagi foydali qazilmalar (qum, ohak, shag‘al va boshqalar) uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha mutlaq miqdorlarda qat’iy belgilangan eng kam stavkalarni kiritish.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarida qabul qilingan davlat dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz hududlariga qilgan tashriflari yakunlari bo‘yicha bergan topshiriqlari, shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter