2019-yilda O‘zbekistonda xalqaro kitob ko‘rgazmasi o‘tkaziladi
Germaniyaning Frankfurt shahrida «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Yetmish yildan buyon har yili oktyabr oyida o‘tkazib kelinayotgan mazkur nufuzli anjuman shunisi bilan ahamiyatliki, unda 100 dan ortiq davlatdan kelgan nashriyot-matbaa korxonalari, agentlik vakillari ishtirok etadi. Shu paytgacha ko‘rgazmada o‘z mahsulotlarini namoyish etayotgan nashriyotlar soni 7 mingdan oshib ketdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi ko‘rgazma 275 mingdan ziyod kitobsevarlarni qamrab oldi. Ko‘rgazmaning umumiy maydoni 20 gektardan ko‘proq. Tadbirlarni jahon bo‘ylab 10 mingdan ortiq jurnalistlar bevosita yoritib bordi.
«Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob anjumanida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi delegatsiyasi ham qatnashdi. Anjumanning so‘nggi kunida «Turon24» muxbiri delegatsiya a’zosi – O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Xalqaro aloqalarni muvofiqlashtirish va investitsiyalar bo‘limi boshlig‘i Behzod Hidoyatovdan eksklyuziv intervyu oldi.
Turon24: Ko‘rgazmada ishtirok qilishning foydali jihatlari nimada?
Behzod Hidoyatov: «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi dunyodagi kitob ko‘rgazmalari ichida eng qadimiysi va eng yirigi hisoblanadi. Shuning uchun ko‘rgazma tashkilotchilari uni butunjahon savdo ko‘rgazmasiga qiyoslashadi. Sababi unda 130 dan ortiq davlatdan kelgan nashriyot-matbaa xodimlari o‘zlarining turli kitob mahsulotlari, audiokitoblari hamda audiokitob yaratish dasturlari bilan ishtirok etadi. Bundan tashqari, reklama agentlari, nashriyot-matbaa uylari xodimlari, matbaa texnologiyalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalardan vakillar kelib, o‘z xizmatlarini taklif qiladi. Shuningdek, taniqli, ko‘zga ko‘ringan tarjimonlar tashrif buyuradi, nashriyotlar o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ladi. Ikki tomonlama shartnomalar imzolash uchun qulay muhit yaratiladi. Masalan, muayyan kitobni nashr etish bo‘yicha mualliflik huquqini sotish va sotib olish bo‘yicha kelishuvlarga erishiladi. Bu yilgi ko‘rgazmada Gruziya faxriy mehmon sifatida taklif etilgan. Fransiya faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan yilda ko‘rgazmaning ochilish marosimiga Prezident Emmanuel Makron bilan kansler Angela Merkel tashrif buyurgan edi. Bu galgi ochilish marosimida GFR prezidenti janob Shtanmayer qatnashdi. «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi orqali O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy sohada erishgan yutuqlarini namoyish etish, sohaga oid salohiyatni boshqa mamlakatlarga ko‘rsatish, milliy adabiyotimizni dunyo xalqlari orasida keng targ‘ib etish imkoni tug‘ildi.
T24: O‘zbekiston delegatsiyasining missiyasi qanday?
B.H.: Delegatsiyamiz tarkibidagi nashriyotlar va ular erishgan natijalarga to‘xtalib o‘tsam. Ko‘rgazmada O‘zbekistondan 8 nashriyot matbaa korxonalari, ya’ni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi 5 nashriyot, bular – «O‘zbekiston», «O‘qituvchi», «G‘ofur G‘ulom», «Cho‘lpon» nashriyot uylari hamda «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, shuningdek, «Sharq» matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, «Yangi asr avlodi» nashriyot matbaa markazi va «Ma’naviyat» nashriyot matbaa uyi qatnashmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi vakillari ham kelgan. O‘zbekiston delegatsiyasi 50 dan ortiq kitob mahsulotlarini nashr etish bo‘yicha mualliflik huquqini sotish hamda sotib olish, original maket, imtiyozli foydalanish, badiiy adabiyotlarni chet tilidan o‘zbek tiliga, o‘zbek tilidan chet tiliga o‘girish bo‘yicha turli darajadagi kelishuvlarga erishdi. Shu bilan birga O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori, delegatsiya rahbari Laziz Tangriyev ko‘rgazma doirasida Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi (IPA) Bosh kotibi Xose Barginio bilan muzokara olib bordi. Maqsad – O‘zbekiston noshirlarini mazkur tashkilotga a’zo qilish edi. Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi jahonning 60 dan ortiq davlatlarida faoliyat yuritayotgan 80 dan ziyod nashriyot matbaa korxonalarini birlashtirgan hamda 5,6 mlrd aholi istiqomat qiladigan hududlarda savdo bozoriga ega. Mamlakatimizni tashkilotga a’zo bo‘lishi yurtimizda nashr etilayotgan kitoblarni assotsiatsiya tizimida sotish, eksportini yo‘lga qo‘yish, xalqaro mualliflik huquqini himoya qilish, kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini yuksaltirishda juda qo‘l keladi.
T24.: Bilamizki, IPA oldindan biror davlatni «Kitob poytaxti» deb e’lon qiladi. Muzokaralarda shu haqda ham so‘z bordimi, umuman bu borada O‘zbekistonning imkoniyatlari qay darajada?
B.H.: Ha, shunday. Xabaringiz bo‘lsa, tashkilot e’tirofi bilan 2020 yilda kitob poytaxti etib Malayziya davlati tanlandi. Bosh kotib Xose Barginio bilan uchrashuvda bu to‘g‘risida ham gaplashildi. Hamkorligimiz shu tarzda rivojlanib ketaversa, 2021 yoki 2022 yillarda O‘zbekiston kitob poytaxti maqomini olishi hech gap emas. Ayni paytda shu masala bo‘yicha tizimli ishlar ketyapti. Muzokaralarda kelishib olindi, ilk yutug‘imiz shuki, bundan buyon Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi tarkibida O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi doimiy faoliyat yuritadi.
T24.: «Frankfurt Buchmesse» Prezidenti Yurgen Boss bilan kechgan muzokaralarda biror bir salmoqli kelishuvga erishildimi?
B.H.: Uchrashuvda yurtimizdagi nashriyot-matbaa korxonalariga investitsiya jalb etish, mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda turli ko‘rgazmalar tashkil etish va 2019 yilda Norvegiya davlati faxriy mehmon maqomida qatnashadigan bo‘lsa, keyingi yillarda O‘zbekistonning mazkur ko‘rgazmada ishtirok etish masalalari muhokama etildi. Quvonarli jihati, Frankfurt xalqaro kitob ko‘rgazmasi prezidenti va vitse-prezidenti mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy salohiyati haqida judayam ijobiy taassurotga ega ekan. Ular mamlakatimizga 2019 yil aprel-may oylarida tashrif buyurib, nashriyot-matbaa korxonalarimiz faoliyati bilan tanishish istagini bildirdi. Shuningdek, Xose Barginio ham 2019 yilda kelishini aytdi. Shuningdek, delegatsiyamiz matbaa texnologiyalari ishlab chiqaradigan dunyodagi birinchi raqamli korxona «Xeydelberg»da bo‘lishdi. U yerda yangi zamonaviy texnologiyalarni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Bundan tashqari, matbaa texnologiyalariga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi «Martini Myuller» zavodida ham uchrashuv bo‘ldi.
T24: «Frankfurt Buchmesse» tipidagi xalqaro ko‘rgazmani O‘zbekistonda ham o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar bo‘ldimi?
B.H.: O‘zi shundoq ham yirik xalqaro kitob ko‘rgazmasini mamlakatimizda o‘tkazish rejasi bizda mavjud. Yurgen Boss bilan bo‘lgan suhbatda ana shu ko‘rgazmani hamkorlikda tashkil etish masalasi ko‘tarildi. Boisi, ko‘rgazmani sifatli, xalqaro talablarga mos o‘tkazishimiz uchun «Frankfurt Buchmesse» yordamiga tayanamiz. Ma’lumki, 2019 yil – MDH davlatlarida kitob yili deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda xalqaro kitob ko‘rgazmasini tashkil etib, unga 20 dan ortiq davlat nashriyot-matbaa korxonalarini taklif etishni mo‘ljallayapmiz.
T24: So‘nggi savol: «Frankfurt Buchmesse»da ishtirok qilish uchun nashriyot O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimiga kirgan bo‘lishi shartmi? Umuman, delegatsiya tarkibini shakllantirish mezoni qanday bo‘ldi?
B.H.: Agentligimizda «Mana bu nashriyot qatnashsin, bunisi qatnashmasin degan» mezon yo‘q, bo‘lmagan ham. Biz ko‘rgazma o‘tkazilishi haqida taklif olganimiz hamono yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan noshirlarga, jumladan, 20ga yaqin eng ilg‘or nashriyotlarga xat bilan murojaat qilganmiz. Faqatgina 8 nashriyot qatnashish istagini bildirdi. To‘g‘risini aytish kerak, ko‘rgazmada qatnashish arzon emas. Masalan, pavilon ajratish ancha harajat talab qiladi, qolaversa, Frankfurt arzon shahar emas; mehmonxona, borish-kelish, kundalik harajatlar... Ayni shu holat nashriyotlarni cho‘chitgan bo‘lishi mumkin, buyog‘i bizga qorong‘u. Balki moliyaviy holati yo‘l bermagandir, nima bo‘lgan taqdirda ham ular bizga bu borada aniq izoh berishmadi. Faqatgina qatnashmasliklarini ma’lum qilishgan, xolos.
Lo‘nda qilib aytganda, O‘zbekiston mazkur ko‘rgazmada bir necha yildan buyon ishtirok etib keladi, lekin bu galgi ishtirok noshir va matbaachilarimiz uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter