Laziz Tangriyev «Frankfurter Buchmesse» ko‘rgazmasi prezidenti bilan uchrashdi
«Frankfurter Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori, delegatsiya rahbari Laziz Tangriyev ko‘rgazma prezidenti Yurgen Boss bilan uchrashdi. Bu haqda Matbuot va axborot agentligi rasmiy sayti xabar berdi.
Uchrashuvda yurtimizdagi nashriyot-matbaa korxonalariga investitsiya jalb etish, mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda turli ko‘rgazmalar tashkil etish va 2019-yilda Norvegiya davlati faxriy mehmon maqomida qatnashadigan bo‘lsa, keyingi yillarda O‘zbekistonning mazkur ko‘rgazmada ishtirok etish masalalari muhokama etildi.
Quvonarli jihati, Frankfurt xalqaro kitob ko‘rgazmasi prezidenti va vitse-prezidenti mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy salohiyati haqida ijobiy taassurotga ega. Ular mamlakatimizga 2019-yil aprel-may oylarida tashrif buyurib, nashriyot-matbaa korxonalarimiz faoliyati bilan tanishish istagini bildirdi.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi dunyodagi kitob ko‘rgazmalari ichida eng qadimiysi va eng yirigi hisoblanadi.
Yetmish yildan buyon har yili oktyabr oyida o‘tkazib kelinayotgan mazkur nufuzli anjuman shunisi bilan ahamiyatliki, unda 100 dan ortiq davlatlardan kelgan nashriyot-matbaa korxonalari, agentliklar vakillari ishtirok etadi. Shu paytgacha ko‘rgazmada o‘z mahsulotlarini namoyish etayotgan nashriyotlar soni kariyb 10 mingga yetdi.
Bu yilgi ko‘rgazma 275 mingdan ziyod kitobsevarlarni qamrab oldi. Ko‘rgazmaning umumiy maydoni 20 gektardan ko‘proq. Tadbirlarni jahon bo‘ylab 10 mingdan ortiq jurnalistlar bevosita yoritib boryapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter