Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«103»ni tering va sanang: 1, 2 – «Tez yordam eshitadi»

«103»ni tering va sanang: 1, 2 – «Tez yordam eshitadi»

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Raqamli O‘zbekiston – 2030» Strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni imzolangach, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda elektron hukumatni takomillashtirish borasidagi ishlar yanada tezlashdi. Hayotning o‘zi ham shaffof va farovon turmushni AKTsiz tasavvur etib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Shu bois ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlar barcha sohalarga kirib bordi.

Raqamlashgan shaffof va farovon turmush

Bunday ustuvor loyihalardan biri Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasida yo‘lga qo‘yildi.

Guruhimiz bilan shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga kirib borar ekanmiz, qaynoq jarayonning guvohi bo‘ldik. Dastlab birin-ketin kelib ketayotgan tez yordam mashinalarini tasvirga olishga shoshildik. Haqiqatan, barchasi juda tezkor. Hatto shifokorlarning bir-ikkita savolimizga javob berishga ham vaqti yo‘q va biz ularni tushundik. Axir, gap inson salomatligi haqida ketyapti va bu o‘rinda har bir daqiqa g‘animat.

Bizni eng quvontirgani, «Damas»larning bemorlarni tashish vazifasidan ozod etilgani bo‘ldi. Endi ular o‘rnini zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta’minlangan avtoulovlar egallabdi.  Vaqtdan unumli foydalanib, kirib kelgan «103» mashinalaridan birini «taftish» qildik. Tartib va qulay joylashtirilgan so‘nggi rusumdagi tibbiyot jihozlari bilan bizni feldsher yigit tanishtirdi:

«Ko‘rib turganingizdek, tez yordam mashinamizda eng kerakli tibbiyot uskunalarining hammasi bor, masalan, o‘pkani sun’iy ventillyasiya qiluvchi apparat, bunisi reanimatsion sumka, EKG, aspirator, defibrillyator moslamalar. Shuningdek, har bir jarayon nazoratda bo‘lishi uchun gumbazli kamera, tezkor bog‘lanish va ma’lumotlar olishni ta’minlash maqsadida ratsiya, tarmoqli videoregistrator (NVR), oddiy video registrator, tana kamerasi va boshqalar o‘rnatilgan. Bular aholimizga sifatli tez yordam ko‘rsatishimizda juda qo‘l kelyapti». 

Hukumatimizning tez tibbiy yordam tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni joriy etish topshiriqlari asosida ushbu loyihani tashkillashtirish, moliyalashtirish va yo‘lga qo‘yishda bosh koordinator bo‘lgan AKT vazirligining hissasi katta.

Muassasaning «Call-markaz» bo‘limiga chiqqanimizda esa avvalgidek baland jiringlayotgan telefon qo‘ng‘iroqlari-yu, operatorlarning bor ovozda murojaatchilarga javob berayotgani yoki stol ustida pala-partish bo‘lib yotgan qog‘ozlar uyumiga emas, mutlaqo aksiga duch keldik...

Xona to‘riga vaziyatlarda qaror qabul qilishga mo‘ljallangan axborot tabloli katta ekran o‘rnatilgan. Keyin ko‘zingiz tartib bilan joylashtirilgan va zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan ish o‘rinlari hamda qo‘ng‘iroqlarga tezkor javob berayotgan yosh yigit-qizlardan iborat jamoaga tushadi. Monitorlardagi chiziqlar bo‘ylab harakatlanib ketayotgan «nuqtalar» esa real hayotda qaysidir yurtdoshimiz hayotini saqlab qolishga shoshilayotgan tez yordam brigadalaridir.   

– Axborot texnologiyalarini joriy qilishdan oldin butun jarayonlar quyidagicha taqsimlangan edi. Ya’ni «dispetcher priyoma» va «dispetcher napravleniya» degan ikkita ish o‘rni bo‘lardi, – deydi Call-markaz bo‘limi mudiri Nasiba Mahmudova. – Operatorlar «dispetcher priyoma» qo‘ng‘irog‘ini qog‘ozga yozib, qabul qilgach, keyingi xonadagi «dispetcher napravleniya»dagilarga topshirishardi. Ular esa «podstansiya»ga telefon qilib, murojaatni aytib turishardi. «Podstansiya»dagi operator ham uni yozib olib, so‘ngra eng yaqin tez yordam mashinasini telefon orqali topardi va murojaatni brigadaga yetkazardi. Xullas, qo‘ng‘iroq kelib tushgan paytdan brigadaga borgunigacha o‘rtacha 30 daqiqa, ko‘pi bilan bir soat vaqt ketardi. Hozirgi kunda avtomatlashtirish tufayli barcha vazifalarni bitta operatorning o‘zi tezkor bajaryapti.

Haqiqatan, raqamlashtirish tufayli qo‘ng‘iroq kelib tushgan paytda operator monitordagi kichik so‘rovnomani to‘ldirgan zahoti tizim avtomat tarzida manzilni ko‘rsatdi va unga eng yaqin turgan tez yordam mashinasini ham aniqlab berdi.

– Tizimning qulayligi shundaki, barcha jarayonlarni xarita orqali ham kuzatish mumkin, – deydi operator qizlardan biri. – Ko‘ryapsizmi, ayni paytda murojaatchiga eng yaqin brigadani tizimning o‘zi menga tavsiya qilyapti. Masalan, hozir Bektemir podstansiyasida UPV-03 brigadasi 1 km masofada turibdi va tizim shuni ko‘rsatyapti. Uni belgilab, «brigadaga yuborish» buyrug‘ini bersak, chaqiriq avtomat tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri brigada planshetiga tushadi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, avtomatlashtirilgan tizim sharofati bilan bugun har bitta qo‘ng‘iroq uzog‘i bilan 1 daqiqada murojaatchiga eng yaqin turgan brigada planshetiga yetkazilyapti. Ular ham ma’lumotlarni qaytadan yozib olayotgani yo‘q. Tizimga kiritilgani to‘g‘ridan to‘g‘ri planshetga yo‘naltiriladi. Ishchi guruhi esa planshet orqali ham murojaatchi haqidagi ma’lumotlarni, ham xaritadagi manzilni ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi. Tez yordam mashinalari yo‘llarda tezroq harakatlanishi uchun hozirgi kunda transport vositalarini boshqarishning intellektual vositalaridan foydalanilmoqda. Ya’ni ularga o‘rnatilgan GPS texnologiyasi va datchiklar tufayli tizim qaysi ko‘chada tirbandlik bor, qay birida yo‘qligini hisobga olib, manzil uchun eng optimal yo‘lni belgilab beradi.

Faoliyat avtomatlashtirilishi hisobiga jarayonlar qisqardi, kerak bo‘lmagan bosqichlar olib tashlandi. Operatorlarga, brigada feldsherlari hamda shifokorlarga juda katta qulayliklar yaratildi. Eng muhimi, aholiga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga erishildi. Ya’ni hozirda operatorlar kelib tushgan qo‘ng‘iroqni 2 soniyadan uzog‘i 7 soniyagacha ko‘tarishadi va 1 daqiqa ichida brigadaga yetkazishadi. Tezkor yo‘lga chiqqan guruh esa yangi texnologiyalar sharofati bilan «Eng qimmatli birinchi soat»da bemorga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lyapti.

– «Tez tibbiy yordam» tizimi feldsher va shifokor brigadalari, avtomobillar va Koll-markazdan tashkil topgan katta xizmatdir – deydi BePro dasturchilar markazi bosh direktori Abduvoitjon G‘ofurov. Hozirgi kunda biz zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanib, har bitta avtomobilni telekommunikatsiya va GPS moslamalari bilan jihozlaganmiz va tizimga ulaganmiz. Tizimni ishlab chiqish va joriy etishda mahalliy mutaxassislarimiz, kompaniyamiz hamda 103 tizimi xodimlarining xizmati juda katta. Chunki bu jarayonlarni ishga tushirishda shu soha mutaxassislari bilan birga ishladik. Yagona boshqaruv tizimini yaratib, joriy qildik. Endilikda ko‘rib turganingizdek, katta monitor orqali bosh shifokorlar doimiy tarzda avtomobillarning qayerda yurgani, qanchasi bo‘sh turganini nazorat qilib borishyapti.

Zamonaviy texnologiyalar va  axborotlashtirishni tatbiq etish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish tufayli bugungi kunda tez tibbiy yordamga keltirilgan dorilar hisoboti, ularning taqsimoti, sarflanishi, har bir brigada sumkasida nimalar borligi, to‘liq ta’minlanganlik darajasi, qancha qolgani, saqlanish muddati – hamma-hammasini nazorat qilib turish mumkin. Shuningdek, tizim 103 xodimlari – hisobchilar, statistika bo‘limi, rahbariyat, dorixona, omborxona mutaxassislari hamda operatorlarga juda qulayliklar olib keldi.

Darhaqiqat, tez yordam xizmatini zamonaviy uskunalar, barcha kerakli dori-darmonlar bilan jihozlash, eng yangi texnologiyalardan foydalanish aholining o‘lim darajasi va nogironligini kamaytiradi. Shu bilan birga yurtdoshlarimizda tibbiy xizmat sifatidan qoniqish hamda tibbiyot xodimlariga ishonish hissini oshiradi.

– To‘g‘ri, boshida qiyinchiliklar bo‘ldi. Eski tizimda ishlashga o‘rganib qolgan va avtomatlashgan boshqaruv tizimida ishlash yangilik sababli qog‘ozda ishlash osonroq edi, degan fikrlarni bildirishdi. Keyin biz xodimlar uchun maxsus o‘quv treninglarini tashkil qildik, – deydi Abduvoitjon G‘afurov. 2 mingdan ziyod 103 xodimini maxsus treninglardan o‘tkazdik va tantanali ravishda maxsus sertifikatlar berdik. Tizimda faol ishlashga qiziqishini oshirish maqsadida rag‘batlantirdik, o‘zaro bellashuvli tadbirlar tashkil qildik, maxsus sovg‘alar topshirdik. Endilikda ular tizimning qanchalar qulay ekanini tushunib yetishdi. Hozirgi kunda usiz ishlarini tasavvur ham qila olishmaydi. Chunki tizim ishni yengillashtirdi. Shu bilan birga ko‘rsatilayotgan xizmatning sifatini, tezligini oshirdi.

– Tez yordam sohasida 22 yildan beri ishlayman. Hozirgi avtomatlashtirilgan tizim bizga juda ko‘p qulayliklar beryapti – deydi Go‘zal Karimjonova. – Oldinlari chaqiruvlarni qog‘ozga yozib, to boshqa telefon orqali jo‘natgunimizcha ancha vaqtimiz ketardi. Avtomatlashtirilgan tizim nafaqat biz, balki aholimiz uchun ham juda yaxshi bo‘ldi, chaqiruvlarni uzog‘i 1 daqiqada brigadalarga yetkazyapmiz. Barcha tumanlarga kechiktirmay tez yordam mashinalarini yuboryapmiz. Aholimiz ham tez tibbiy yordamning kechikmay borayotganidan minnatdor. Har bir tejalgan vaqt g‘animat, u bir insonni hayotga qaytarishda katta natija berishi mumkin.

Kuzatuvlarimizdan shunga amin bo‘ldikki, O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xizmatining innovatsion bosqichiga katta qadam tashlandi. Endilikda bu tizimni butun respublika bo‘ylab joriy etish darkor. Umid qilamizki, tez orada tez tibbiy yordam bilan bog‘liq boshqa to‘siqlar ham bartaraf etilib, u eng ishonchli tizimlardan biriga aylanadi.

Shohida Isroilova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring