Har kimsaga ishongan, voy mani hamqishloqlarim...
Sarlavha sizga qo‘shiqni eslatib, yuzingizga tabassum yugurgandir. Ammo ushbu maqolada tabassum emas, dilni xufton qiladigan muammo ko‘tarilgan.
Kitob tumani, Katta To‘pchoq qishlog‘i. Ikki hamqishlog‘im eshigimni qoqib keldi. Ikkovi ham tushkun kayfiyatda, ko‘zlarida ishonchsizlik tuyg‘usi.
Biri hikoya boshladi:
«O‘tgan yil uzum mo‘l bo‘ldi. Quvondik. Tanish savdogar bilan og‘zaki kelishuv asosida kilosini 4500 so‘mga kelishib sotdik. Qarzga. Bir oy o‘tdi, yangi yil ham keldi, ana boring Navro‘z ham o‘tdiki, savdogardan darak yo‘q.
Mardikor ishlab oilani boqdik. Bor-budimizni sarflab, yana tokka o‘g‘it oldik, ishladik.
IIBga yozdik. Jinoyat alomatlari topilmadi, degan javob keldi. Prokuratura sudga bering deb javob qildi. Sud dalil keltiring, advokat yollang dedi. Xullas ishlar xalta bo‘ldi.
Sen ham o‘qigan odam deb, qora tortib keldik. Qolgan hamqishloqlar yarim puliga (2500 so‘mdan) rozi bo‘lib savdogarga tilxat yozib berishdi. Biz ko‘nmadik.
Qishbo‘yi qorda, bahorda loyda, yozda jaziramada qiynalib yetishtirgan uzumni nima uchun yarim puliga sotishimiz kerak?»
O‘ylanib qoldim. Yonimdagilarni yupatay desam ularni xursand qiladigan dalil menda yo‘q, «battar bo‘linglar, boshidan sergak bo‘lib, savdogarga uzum berayotganda xat-hujjat qilish kerak edi, har tomonlama o‘ylash lozim edi» desam o‘lganni ustiga tepgan bo‘ladi.
Bu kichik qishloqda yashovchi oddiy odamning iztiroblari. Ammo o‘sha hosilga u umrini tikkan. Uy solmoqchidir, bolalariga kiyim-kechak olib bermoqchidir...
Bunaqa holatlar biz tomonlarda bot-bot uchrab turadi. Bir yillik mehnatiga kuyib ketganlar ko‘p va xo‘b topiladi. Xo‘sh?
Dastlab, sohibkorlarning o‘ziga yuzlanamiz: ota o‘g‘ilga ishonmaydigan zamonda nega begonaga boringizni xat-hujjatsiz, kelajagini o‘ylamay topshirasiz? Yuzing-ko‘zing deydigan zamonlar o‘tib ketganini nahotki anglamaysiz?
«To‘pchoq uzumzorlari» degan chalajon tashkilot bor, bizda. Soliq to‘latish, majlis qilish va pilla tarqatishdan boshqa yumush ularga yot. Nega hech qursa shunday muammoli vaziyatda dehqonga kelib yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaydi, maslahat bermaydi? Tuman hokimligida ishlovchi qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutasaddilar-chi? Fermerlar uyushmasi degan tashkilot ham bor, shekilli. Dehqon kimga mahsulot sotyapti, ertaga taqdiri nima bo‘ladi deb qiziqmaydilarmi?
Bir muttaham kelsayu, butun qishloqni aldasa, qaysi kuchishlatar organi murojaatlarga sovuqqonlik bilan qarab, «delo»ni boshqa mahkama yoki yuqori organga oshiradi?
Mavsum davomida ishlayverib kuyib ko‘mirga aylangan dehqon hosili pulini yarim yildan keyin, buning ustiga kelishilgandan ikki barobar arzonga olsa, bunga qanday toqat qilish mumkin?
Shu gaplarni yozarkanman, hali qishloqda yana bir necha kishi shu muammo ortidan yugurib yurganini eshitdim.
Xulosa o‘rnida faqat bir so‘z xayolimda aylandi: bolalaringizni o‘qiting. Haqqini tanisin. Birov bilan konstruktiv gaplashishni, ishbilarmonlikni o‘rgansin, huquqini bilsin va o‘zini past his etmasin. Shundagina yuqoridagi firibgarlar osondan oson birovning haqqini rahna qila olmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter