Uyat maqol, unutilayotgan an’analar, Gabriele xonimning hayrati — xino haqida bilgan-bilmaganlarimiz
«Hayit o‘tgandan keyin xinoni...» degan maqol xalq orasida hamon ishlatiladi. Qo‘polroq naql. O‘zbek tilining izohli lug‘atida bu maqolga shunday ta’rif berilgan: «O‘z vaqtida qilinmagan ish, ko‘rilmagan chora tadbir haqida aytiladigan ibora». Maqolning yana bir, hayitda xino qo‘yilishi, oro berilishi kerak degan ma’nosiga esa ko‘pchilik e’tibor bermaydi. Yaqinlargacha, har bir xonadonda xotin-qizlar Hayitni xinosiz o‘tkazmagan.
Bolaligim xinosi
Samarqandning asosan nonvoylar yashaydigan Ko‘lobod mahallasida ham shu udum bor edi... (Bugun ham qisman saqlangan) Men, tor ko‘chalari Siyob bozoriga olib boradigan o‘sha qadimiy mahalladagi oddiy bir xonadonda ulg‘ayganman. Hayitlarni qo‘llarimizga xino bog‘lab berishlari uchungina orziqib kutgan qizaloqlardan biri bo‘lganman. Esimda, avval ro‘zg‘ordagi ayollar bajaradigan ishlar saranjomlanar edi. Keyin jam bo‘lgan xotin qizlar oldiga dasturxonga o‘xshatib mato yozilardi. Idishda bo‘tqa holiga keltirilgan xino o‘rtaga qo‘yilardi. Men ham, opam ham hali maktabga chiqmagan edik shekilli, qo‘llarimizni ochib xinoni birvarakayiga chaplatishar, keyin musht tugdirib, boks qo‘lqopi kiygandek, ustidan latta bilan bog‘lab qo‘yishardi. Bo‘ylari yetilib qolgan xolam, ammamlar esa kaftlari, barmoq uchlarigacha xol-xol naqshlar chizishardi, bir-birovlariga yordam berishardi. Ular tuni bilan qo‘llarini ochiq holda hushyor yotishlari kerak bo‘lardi. Buvim esa «Xino qo‘yish savob» deya takrorlayverardi. Buvim xar xil naqshga havasmand emas, xinoni xuddi biz qizchalarniki kabi kaftlaridan barmoq uchigacha shuvab qo‘yardilar xolos. «Rasm-qoidasi aslida shu» der edilar. Onam esa injiqligimga javoban katta bo‘lganimda xol-xol naqsh qo‘yib berishlarini aytardilar. Xinoning o‘ziga xos ajib bir hidi bo‘lardi... Xinoli qo‘llar ertalab yuvilardi.
Kapalaklar qo‘lingga qo‘nganda...
Bugungi xinolar yarim soat, bir soatda enadi,-deydi Samarqanddagi tibbiyot kollejida tahsil olayotgan Aziza Asadova.
Aziza qariyb o‘n yillik kelin. U Samarqanddagi «Afrosiyob» mahallasiga kelin bo‘lib tushgan. Yangi xonadonida har hayitda xino qo‘yilishi qat’iy an’ana ekani bois o‘zi ham shunga moslashib ketdi. Eslashicha, «Faqat bir marta, ammaposhsho, dadajonning opalari olamdan o‘tgan yilda xino qo‘ymadik».
«Bugunda xino naqshi uchun maxsus trafaretlar chiqqan. Keyin xinoning o‘zi ham tyubikda tayyor holatda, unga ortiqcha ishlov berishga hojat yo‘q. Ayajon gapirib beradilar, avvallari xino qo‘yganda tuni bilan uyquda halovat bo‘lmas ekan» samimiyat bilan gapiradi suhbatdoshimiz.
Aziza oqshom qizalog‘i Sabrina, qaynopasining qizi Rayhonalarga birinchi bo‘lib xino qo‘yishgan. Naqshlarni qizchalarning o‘zlari tanlashgan. Sabrinaning naqshlari orasida kapalakchalar ham bor. «Ayajon esa menga naqsh kerakmas, dedilar, oddiygina qilib xol-xol xino qo‘ydik», deydi kelin.
Bu xonadonda xino ko‘proq bolalar ichki dunyosini boyitish uchun qo‘yilishi aytildi. Hozirda O‘zbekistonda hayit oldidan xino qo‘yish udumi barcha oilalarga xos emas. (Maqolada xinoni targ‘ib qilish emas, ma’lumot berish maqsadi qo‘yilgan) Ammo Aziza yashayotgan qadimiy mahallalarda ozmi-kupmi, arafa oqshomida xino qo‘yishni kanda qilmaydiganlar bor.
«Qo‘limdagi bo‘yoq tufayli «zachyot» qo‘yishmagan...»
Samarqand Davlat universitetidagi talabalik yillari 70-yillar oxirlariga to‘g‘ri kelgan ayol gapirib qoldi.
Ateizm degan fan bo‘lardi. Bir necha kun avval mehmonga kelgan ammalarim bilan qo‘shilib qo‘limga xino qo‘yganim yodimda yo‘q, sinovga ikkilanmasdan kirdim. O‘qigan edim-da. Domlamiz ayol kishi edi, savol ham bermadi, «Qo‘lingizdagini o‘chirib kelganingda savol beraman» dedi, - eslaydi Malika opa. Uning aytishicha, xinoni o‘chirish juda qiyin bo‘lgan. «Toshlarga ishqaladim, o‘chirilmadi. Aksiga olib 15-20 kungacha hino bo‘yog‘i turaverdi-da».
Xinodan foydalanish kamayib ketganiga shunga o‘xshash holatlarning ta’siri bo‘lgandir ehtimol. An’ananing chekinishiga, balki G‘arbga yaqinlashish jarayonlari ham o‘rin tutgandir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xino islomdan ancha oldinroq ham keng qo‘llanilgan. Shimoliy va Sharqiy Afrikadan boshlab Hindistongacha bo‘lgan tropik iqlim kengliklarni egallagan butazorlardan, aniqrog‘i, ana shu buta barglaridan olinadigan hino tibbiy xususiyatlari bilan mashhur bo‘lgan. «Qadimda xina yaralarga qo‘yilgan, suyak, teri kasalliklarida, bosh og‘rig‘ida, qon bosimini tushirish uchun qo‘llanilgan. Xina payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) tomonidan soch va terini bo‘yash uchun tavsiya qilingan vositadir. Terida xinaning bo‘lishi unga suv yetishiga to‘sqinlik qilmaydi, shuning uchun xinani qo‘llash tahoratni ham, g‘uslni ham buzmaydi», deb yozadi islom.uz nashri.
Gabriele Kellerning hayrati
Germaniyalik etnograf, folklorshunos olima, suratkash va shoira Gabriele Keller o‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab Samarqandga ko‘p marotaba keldi. Uning «Samarqand ertaklari» kitobi, qator ekspeditsiyalari asosidagi tadqiqotlari, polotnolarda aks etgan qahramonlari obrazi ana shu safarlar mevasi edi. Gabriele xonim Samarqandga necha marta kelsa, har safar jurnalistlar uchun qiziq bir mavzu topilardi. Bir gal o‘zbek ayollari hayoti, urf odatlari aks etgan suratlar ko‘rgazmasidan so‘ng hamkasblarimiz bilan Gabriele xonimni suhbatga chorlamoqchi bo‘ldik. Ko‘rgazma o‘tkazilayotgan muzey rahbariyati, shahar hokimligi vakillari esa bizni chetlashtirib uni ichkariga olib kirib ketishdi. Biz ma’lumotlarni olishimiz kerak edi, «hay-hay»lashlarga qaramay xos davraga kirib bordik. Istar-istamas, noiloj bizni ham o‘tqazishdi. Savollarimiz o‘zimizda qolib, noqulaylikdan qimtinib o‘tirar edik. Ko‘p qatori bizlarga ham piyolalar uzatildi. Gabriele xonim ko‘zi qiri bilan bo‘lsa ham hamma jihatlarni nazorat olib turgan ekan. «Ovozi Samarqand» gazetasidagi muxbir qizimiz, unga uzatilgan piyolani olayotganda, u birdan o‘rnidan turib ketdi. Gabriele xonimning ko‘zlari katta-katta ochilgan, hayratini yashirolmay, «Ajoyib, ajoyib» der edi, noyob bir topilma topganini qayta-qayta takrorlardi. Olmon olimasi yonimizda o‘tirib kamerasida tasvirga tushirar va tarjimon orqali savollarimizga javob berar edi. U tadbir oxirigacha eng pastda o‘tirgan xinoli qizimiz yonidan ketmadi...
«Xino oqshomi»ga marhamat!
Turkiya katta qismi Osiyo, kichik bo‘lagi Yevropada bo‘lgan davlat. Shundan, mamlakat aholisi turmush tarzida Yevropa madaniyatining ta’siri bo‘lishi tabiiy hol. Masalan, qachonlardir foydalanilgan beshikni Turkiya xonadonlarida topmaysiz. Bunday misollar yana bordir. Lekin mavzu borasida turklarning «Hino qo‘yish» oqshomiga teng keladigan udum boshqa xalqlarda uchramaydi. Asli o‘zbekistonlik, bugunda Antaliyadagi yetakchi universitetlardan birida ta’lim berayotgan Feruza Izzat Turkiyadagi o‘ziga xos urf- odatlarni ham o‘rganib bormoqda. Uning ma’lum qilishicha, har bir to‘y bo‘ladigan qiz uzatilishi oldidan dugonalari, yaqinlari uchun qiz bazmi shaklidagi marosim o‘tkazadi. va bu tadbir «hino oqshomi» deb ataladi. O‘yin kulguga yo‘g‘rilgan kechaning mantiqiy qismi kelin bo‘lmishning qo‘liga xino qo‘yilishi ekan.
Yuzida harir yopinchiqli qiz musht tugilgan qo‘llarini ochavermaydi. «Kelinimiz qo‘lini ochadimi?», «Yo‘q» deyishadi dugonalar. Yana so‘rashadi. Yana javob «Yo‘q» Qaynonasini chaqirishadi. Uning yordami bilan qo‘llar ochiladi, xino qo‘yiladi.
Hozirda O‘zbekistonning qadimiy urf odatlar saqlanib qolgan hudularida unashtirilgan qizga hayitlik yuborilganda, sovg‘alar orasiga albatta xino ham qo‘shiladi.
Hinomi, xinomi, xinami yoki xna?
Xino Sharq klassik she’riyatida keng qo‘llangan.
«Nima qilsang, go‘zal pari, qilgusi men uchun bari
Rang ila o‘smayu hino yangi va yangi, xilma-xil.
Tong yeli, essang har qachon gar o‘sha dilbarim tomon,
Hofizning arzin et ado yangi va yangi, xilma-xil» deb yozgan Hofiz Sheroziy (1325-1388)
Navoiyning qo‘yidagi baytlarini kim o‘qimagan (bo‘lmaganda eshitmagan) deysiz?
Takovaringg‘a bag‘ir qonidin hino bog‘la,
Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.
Zebunisoning mashhur «shoh qizi bo‘lsam-da, qildim farq yo‘lin ixtiyor» degan so‘zlari bor g‘azalida ham hino so‘zi ishlatilgan.
Zohirimdur g‘ozarang, ammo nihonim qon erur,
O‘z ichiga saqlagandek qip-qizil rangni hino.
Hino loy bilan qarama-qarshi qo‘yilgan to‘rtligida Pahlavon Mahmud bu obrazdan tarbiyaviy maqsadda foydalanadi.
Bunday misollarni o‘nlab keltirish mumkin. Siz e’tibor berib o‘qing. Klassik adabiyotda hayitda qo‘yiladigan bo‘yoq «Hino» deb yoziladi. Zamondosh shoirlarimizda esa ushbu so‘z «Xino» tarzida qo‘llanadi.
Yeseninning «Eron taronalari»da
Qilmaganman Bog‘dodga safar,
Karvon bilan eltmadim xino,
degan misralar bor. Yeseninni tarjima qilgan Erkin Vohidovning o‘z ijodida ham, Abdulla Oripov va boshqa qator shoirlarimiz ham xino so‘zi qo‘llanilgan bitiklari kam emas. «Bodayi gulgun ichib, rangim xino qilmoqchiman» (Habibiy), «Men jim yotarmanu qirda yo jarda va yig‘lab o‘parman qo‘ling xinosin» (Muhammad Yusuf)
Lug‘atlarda, ilmiy maqolalarda esa «xina» deb yozilayapti. Do‘konlardagi mahsulot qadoqlarida esa «xna» degan so‘zni o‘qiymiz. Ilmiy tadqiqotga da’vogarchiligim yo‘q. Lekin o‘zbek tilshunos olimlari shu so‘zni bir aniq shaklini tavsiya qilmasalar, yana beshinchi shakli paydo bo‘lmasaydi. Men esa to‘rt xil manbadan foydalanar ekanman, bir maqolada bir narsani to‘rt xil shaklda yozishim kerakmi?
Maqolaning shu qismini lirik chekinish deb qabul qiling. Lekin mana shu holatning o‘zi ham nimalarnidir anglatadi.
Yurtimizda Hayit xalq bayram deb e’lon qilinganiga ancha bo‘ldi. Hayitlar bilan bog‘liq etnografiyani ham chuqur o‘rganish, tarixga muhrlab qoldirish muhim.
Hayit muborak bo‘lsin!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter