Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Yana qo‘lqop mashmashasi...

Yana qo‘lqop mashmashasi...

Foto: Xabar.uz

Bozor sotuvchilarining lattali qo‘lqop kiyib savdo qilishini tushunish mumkin. Qo‘lning terisini asrash, ayniqsa, sabzavot sotayotganda dag‘allashmasligi uchun lattali qo‘lqop kiyish to‘g‘ri bo‘ladi. Bunda uning turli mikroblarni o‘ldirishi yoki o‘zida tashimasligi e’tiborga olinmaydi, shunchaki qo‘l terisini dag‘allashish va qorayishidan asraydi. Ammo tibbiy rezinadan qo‘lqop kiyib savdo qilishlarini sira tushunmasdim. 

Ana endi aholi ham avtobusga qo‘lqop taqib chiqish kerak ekan. Aytaylik, qo‘lingizga qo‘lqop kiygansiz, pulni ushlab chiptachiga berdingiz. Qo‘lqopda virus turibdi, qo‘lqop kiygan bir necha kishining pulini ushlagan chiptachining qaytim va chiptasida ham virus. O‘sha virus sizning qo‘lqopingizga ham o‘rnashdi pul va chipta orqali. Qo‘lqopingizdagi virus bilan sumkangizni ochdingiz yoki telefoningizni ushladingiz.

Chiptachi qo‘lqop kiygan qo‘li bilan avtobus o‘rindiqlarini ushladi, siz va boshqalar ham uni ushladi. Yana qo‘lqopda virus.  Xo‘p, bu bilan nimaga erishamiz? Agar biz taqmoqchi bo‘lgan qo‘lqoplarning virusni o‘ldiradigan xususiyati bo‘lganda edi... tushunsa bo‘lardi.

Agar hamma qo‘lqop kiygani uchun virus faqat qo‘lqopda qolib ushlagan narsalarimiz zararsizlantirilsa, bu boshqa gap... Ammo faqatgina qo‘lqopning ichidagi qo‘lni virusdan saqlash kerak bo‘ladigan bo‘lsa, bunda mantiq bormi?

Maqsad faqat har bir odam o‘zining qo‘lini virusdan saqlashi lozim bo‘lsa, tez-tez sovunlab yuvish yoki antiseptikdan foydalanib yurish qulayroq emasmi? Qolaversa, qo‘lqopni yechgach baribir qo‘llarni sovunlab yuvamizku. Yoki qo‘lqop kiydim deb qo‘lni yuvmasdan ovqatlanaveramizmi?

Yana bir gap: o‘zi shundoq ham chiqindiga to‘lib borayotgan ekologiyani har joyga tashlanayotgan sanoqsiz niqoblar buzayotgan edi, endi bularning yoniga yuz yilda ham chirimaydigan rezina qo‘lqoplar ham qo‘shiladimi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring