Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy milliy urug‘chilik uyushmasi delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi

Xitoy milliy urug‘chilik uyushmasi delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi

Foto: Innovatsiya vazirligi axborot xizmati

Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Umarov Xitoyga tashrifi doirasida Xitoy Milliy urug‘chilik uyushmasi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Innovatsiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan uyushtirilgan mazkur uchrashuv yuqori darajada o‘tmoqda. Zero, aholisi jihatdan dunyodagi eng katta davlat hisoblanmish qadim Chin yurti urug‘chilik sohasida ham yetakchilikni qo‘ldan boy bermayapti.

O‘simlik va daraxtlarning tez hosilga kiradigan, erta pishar navlari xitoyliklar uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Mazkur uyushma vitse prezidenti va bosh kotibi Siye Sin Jiangning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda mazkur tashkilot nafaqat Xitoyda, balki dunyodagi eng yirik urug‘chilik markazlardan biri hisoblanadi. Unga a’zo 1500 ga yaqin urug‘chilik sohasida faoliyat olib boradigan kompaniya, ilmiy insitut va tashkilotlarning bari uyushma bilan birgalikda yangi navlar yetishtirish va urug‘chilik sohasiga yangi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha izlanishlarni amalga oshirib keladi.

Baxtiyor Umarov Xitoy Milliy urug‘chilik uyushmasi rahbariyatiga O‘zbekistonda urug‘chilikning bugungi holati va bu sohaga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Suhbat chog‘ida uyushma vakillari O‘zbekiston bilan mazkur yo‘nalishda ishlashga tayyor ekanliklarini bayon etishdi.

O‘z navbatida Xitoy tomoni O‘zbekistonda mavjud urug‘lar, qanday urug‘larni Xitoyga olib kelish mumkinligi, bizdagi urug‘larning hosildorligi va navlari bilan qiziqdi. Tez orada Xitoy milliy urug‘chilik uyushmasi ilmiy-tadqiqot institutlari, biznes kompaniyalari hamda bir qator tashkilotlarning vakillaridan tashkil topgan maxsus delegatsiya bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Mazkur delegatsiya O‘zbekiston urug‘chilik sohasini o‘rganib chiqqanidan so‘ng, ikki davlat tashkilotlari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring