Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oltinga teng urug‘ning chetdan olib kelinishiga qachon barham beriladi?

Oltinga teng urug‘ning chetdan olib kelinishiga qachon barham beriladi?

Foto: «Uza.uz»

Yurtimizda yetishtirilgan urug‘lardan olingan sabzavot va poliz ekinlarining mazasi ham, sifati ham yuqoriligi isbotlangan fakt. Zaminimizda yetishtirilgan urug‘larning unib chiqish energiyasi yuqoriligi bilan ajralib turishi ilmiy asoslangan aksiomadir. Shunday ekan, bugungi kunda nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, balki urug‘larni eksport qilish hajmini keskin oshirish eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi.

Keyingi yigirma yillar ichida mamlakatimiz butkul import urug‘lariga tobe bo‘lib qolgani sir emas. Avvallari o‘zimizda yillar davomida yetishtirilib kelingan shirador, sersuv, mazali sabzavot va poliz ekinlarimizni bugungi kunda bozorlarda uchratish amrimahol bo‘lib qolmoqda.

Peshtaxtalarda aksariyati xorijiy mamlakatlardan olib kelingan urug‘lardan yetishtirilgan sabzavotlar bo‘lib, ularning sifati, mazasi bir masala bo‘lsa, respublikamizning urug‘ importiga tobe bo‘lib qolgani yana bir katta muammo.

O‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati bo‘la turib, tom ma’noda oltinga teng urug‘larni xorijdan olib kelinishi, nainki bemaza urug‘ning ko‘payishiga (yana tom ma’noda!), balki iste’molchilarga yetkazib beriladigan mahsulotlarning qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqda. Bir tomondan yurtimizdan valyuta chetga oqib ketayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan peshona teri bilan topgan pulimizni qimmat, ammo sifatsiz sabzavotlarga sarflashga majburmiz.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, bu kamchiliklarga barham berish yuzasidan vazirlik qoshidagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazida qishloq xo‘jaligining muhim sohasi bo‘lgan sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Foto: Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilishda Innovatsion rivojlanish vazirligining mutasaddi rahbarlari va mutaxassislari, «Urug‘chilikni rivojlantirish markazi» DUK va uning hududiy boshqarmalari bo‘lim boshliqlari, mutaxassislari, soha olimlari, seleksioner va urug‘chilar, respublikada sabzavot urug‘chiligi va savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, firmalar rahbarlari va tadbirkorlar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Mo‘min Tolibov yig‘ilish ishtirokchilarini bugungi kunda vazirlik va markaznin gsohani rivojlantirishga qaratilgan ishlari bilan tanishtirdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi ekinlarining sifatli urug‘larini yetishtirish, jamg‘arish, saqlash, qayta ishlash, dorilash, qadoqlash, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish va eksport qilish jarayonlarini o‘z ichiga olgan urug‘chilik klasterlarini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilganligi va birinchi bosqichda Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarida urug‘chilik klasterlarini tashkil etish belgilanganligi haqida ma’lumot berildi.

Foto: Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilishda sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligining bugungi kundagi holati, mavjud muammolari, jumladan, urug‘larning sifati pastligi, urug‘ yetishtiruvchi ilmiy tadqiqot institutlar va urug‘chilik fermer xo‘jaliklarning moddiy-texnika bazasi ma’nan eskirganligi, malakali mutaxassislar yetishmasligi, mamlakatda yetishtirilayotgan urug‘larning ekin turlari, navlari va miqdori bo‘yicha ma’lumotlarning yagona bazasi yo‘qligi haqida fikr va mulohazalar qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan respublikada sabzavot va poliz ekinlari urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qadoqlash, sotish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish, mahalliy navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish, urug‘larni tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlar bo‘yicha ishlab chiqish, urug‘chilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish, urug‘chilik bo‘yicha xalqaro organlar bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish kabi takliflar muhokama etildi.

Yig‘ilish yakunida respublikada qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchilarning ishini muvofiqlashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida «O‘zbekurug‘lari» assotsiatsiyasini tashkil etish taklifi kiritildi va bu borada kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring