Vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan – Prezident
Raqamlashtirish bo‘yicha 2023-yilgi vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan Prezident raisligidagi yig‘ilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada oshirish zaruryati haqida ham gap bordi.
Tanqidiy ruhda o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida, jumladan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgani eslab o‘tildi.
Qayd etilishicha, Elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashtirilgan tizimining (EHNAT) 160 dan ortiq funksiyasi bo‘lsada, hozirda faqat 1-2 tasidan foydalanilayapti, xolos. Jumladan, tuman elektr tarmoqlari korxonalari qayerda avariya bo‘lganini faqat aholi murojaati orqali biladi.
Shu kabi masalalar tartibga solinmagani tanqid qilinib, mutasaddilarga EHNAT imkoniyatlarini to‘liq inventarizatsiya qilib, ularni hududlarning elektr balansini shakllantirish, noqonuniy ulanishlar va avariyalarni nazorat qilish, iste’molni rejalashtirish kabi yo‘nalishlarda ishlatish topshirildi.
Shuningdek, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, «O‘zstandart»da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani qayd etildi.
Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan «086-shakl» tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur.
Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir «qo‘lda» qilinmoqda.
Yoki, yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur.
Prezident qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish bo‘yicha hali xalqimizni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter