Qizga tegajog‘liq qilib tasvirga olganlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qizga tegajog‘liq qilib hamda jismoniy kuch ishlatilganlik holati aks etgan videotasvir tarqaldi.
Bolalar ombudsmani holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berib, unda joriy yilning 24 aprel kuni yuqoridagi vaziyat yuzasidan jabrlangan tomon – Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro O.Yu. dan murojaat kelib tushgani aytiladi.
Murojaatda voyaga yetmagan B.B. (2006 yilda tug‘ilgan qiz)ga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilinib, videoga olinganligi va tasvirni tarqatish bilan tahdid qilinayotganligi bildirilgan.
Aniqlanishicha, holat 2023 yil iyul oyida sodir bo‘lgan bo‘lib, unda B.B. ga Sh.X. tomonidan jinsiy tegajog‘lik qilingan va bu holat boshqa shaxs – J.M. tomonidan telefon orqali videotasvirga olingan. Keyinchalik J.M. videotasvirni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, qizdan tovlamachilik yo‘li bilan pul olgan, ammo shundan keyin ham videotasvirni tarqatish bilan tahdidni davom ettirib, tovlamachilik qilib kelgan.
Mazkur holat bo‘yicha B.B. 2024 yilning 30 mart kuniga kelibgina tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiyot, kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan.
Joriy yilning 8 aprel kuni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) va 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter