Meva-sabzavotlarni sublimatsiya usulida quritadigan ilk korxona ishga tushiriladi
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 noyabrdagi “Respublikada 2019-2020 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida 2019 yilda umumiy quvvati 76,2 ming tonna bo‘lgan 32 ta meva-sabzavot mahsulotlarini quritish korxonalari ishga tushirilаdi.
“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi ko‘magi bilan Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida meva-sabzavot mahsulotlarini sublimatsiya usulida quritishga ixtisoslashgan “SUB DRY” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishga tushirilmoqda. Ayni vaqtda korxona Xitoy davlatidan keltirilgan asbob uskunalar bilan jihozlangan. Ishlab chiqarish jarayoni sinovdan o‘tkazilib, tayyor mahsulotlarning ilk namunalari olingan.
“SUB DRY” MChJ mamlakatimizda meva-sabzavot mahsulotlarini sublimatsiya usulida quritish texnologiyasiga ega yagona korxona hisoblanib, kuniga 20 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Ma’lumot o‘rnida, sublimatsiya texnologiyasida meva-sabzavot, poliz mahsulotlari vakuum ostida, past haroratda sovutilib, quritiladi. Natijada mahsulotning mazasi va foydali elementlari boshqa quritish texnologiyalariga qaraganda yuqori darajada saqlab qolinadi. Shu boisdan jahon bozorida sublimatsiya usulida tayyorlangan mahsulotlarga talab yuqori. Kosmonavtika sohasida ham aynan sublimatsiya usulida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalaniladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter