Toshkentning yangi hokimi o‘zi imzolagan qarorni bekor qildi
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov yangi Konstitutsiya loyihasi targ‘iboti uchun guruhlar tuzish haqida 27 mart kuni qaror imzolagandi. 31 martdagi qaror bilan ushbu hujjat bekor qilingan, sababi noma’lum, deb xabar bermoqda Media24.uz.
Targ‘ibot guruhi tarkibida 1000 dan ortiq kishi, jumladan, oqsoqollar, o‘qituvchi, shifokor, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va boshqalar bor edi. Ularga 11 mingdan ziyod mahalla faollari yordam berishi aytilgandi.
Shuningdek, hokim maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev, Toshkent shahri tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Raxat Nabiyeva, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xotin-qizlar bilan ishlash va targ‘ibot guruhlarini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Omila Aripova, «Milliy tiklanish» partiyasi Toshkent shahri kengashi raisi Otabek Jiyanboyev, xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi deputati Toshpo‘lat Matiboyev, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori Botir Daminov va boshqalar ham kiritilgandi.
Hujjatning bekor qilinish sababi ochiqlanmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter