Shifokor soch to‘kilishining asosiy sabablarini aytdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 50 foiz erkak aynan soch to‘kilishidan aziyat chekmoqda. Bu, albatta, bir necha omillar bilan bog‘liq.
SSV matbuot xizmati ushbu mavzuga doir savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Ilhom Rahimovga murojaat qildi.
— Soch to‘kilishi har kuni va har kim bilan ro‘y beradigan jarayon bo‘lib, inson kuniga o‘rtacha 60-100 tola soch yo‘qotadi, — deydi I.Rahimov. — Boshda o‘rta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi bo‘lishi me’yor hisoblanadi. U follikuladan o‘sib chiqadi. Follikula ostida esa soch qopchasi joylashgan bo‘lib, u yerda soch ildizi rivojlanadi.
Soch qopchasida yangi tola paydo bo‘la boshlaganda, eskisi to‘kilib ketadi. Bu esa tabiiy jarayon hisoblanadi. O‘rtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va ko‘proq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq o‘sadi.
Soch – inson tanasidagi eng nozik va eng «jonkuyar» a’zolardan biri. Chunki uning to‘kilishiga organizmning boshqa a’zolari kasallanishi yoki asab tolalarining taranglashishi sabab bo‘ladi.
Uning me’yoridan ortiq to‘kilishi, avvalo, nerv tizimining zo‘riqishi tufayli boshlanadi. Qolaversa, ichki sekretsiya bezlari, jigar, me’da-ichak yo‘li a’zolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalaridagi tug‘ma nuqsonlar ham bunga turtki bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, seboreya (yog‘ ajralishining buzilishi) natijasida sochning erta to‘kilishi ehtimoli mavjud. Tana haroratining ba’zi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori bo‘lishi, zaxm va og‘ir operatsiyalardan so‘ng ham soch tez to‘kilishi mumkin. Shu bilan birga, bosh terisiga zamburug‘ yuqqanida, sochlarimizdan ayrilishimiz hech gap emas.
Asabiylik, jismoniy charchoq va boshqalar oqibatida ko‘pincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq bo‘lib to‘kiladi. Bundan tashqari, toliqish va uyqusizlik oqibatida ham soch kamayishi kuzatiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter