Qidiruvdagi jinoyatchi politsiyaga g‘alati iltimos qildi
Buyuk Britaniyada qidirilayotgan jinoyatchi Eyvon va Somerset politsiyasiga g‘alati murojaat yuborgani haqida Metro nashri yozmoqda.
Politsiya qidiruvdagi shaxsni topishda yordam berishni so‘rab e’lon tarqatgandi. Unda qochoq shunday tasvirlangan: 28 yoshli erkak, bo‘yi 5,9 fut (180 santimetr)lar atrofida, o‘rtacha gavda tuzilishiga ega, ko‘zlari qo‘ng‘irrang, kashtanrang sochlari siyraklashgan, soqol qo‘ygan. Deniyel (qochoq)ga o‘ta aniq, ammo qo‘pol bu ta’rif yoqmadi va politsiyaga shunday javob berdi: «Sochim to‘kilganini yozish shartmas edi. Mayli, buni to‘g‘rilash uchun Turkiyaga ketaman» (Turkiya soch ektiruvchilar eng ko‘p boradigan joyligini nazarda tutgan, shekilli — tahr.).
Deniyel Kellavey yo‘l harakati qoidalarini buzish, jinoiy zarar yetkazish va tahdid qilish kabi bir nechta ishlar bo‘yicha qidirilyapti. Shunga qaramasdan, ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir ma’noda nom qozonishga ham ulgurdi. Hatto tug‘ilgan kuni politsiyaga murojaat qilib, yoshini o‘zgartirib qo‘yishni so‘ragan».
Sobiq detektiv Mik Nevill politsiya Kellaveyni tinmay qidirayotganiga ishonch bildirib, tez orada qonun buzuvchi qilmishiga yarashasini oladi, degan fikrda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter