Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxtadan ko‘ra uzum yetishtirgan afzal — hokim hammasini ro‘y-rost aytdi

Paxtadan ko‘ra uzum yetishtirgan afzal — hokim hammasini ro‘y-rost aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Bugun Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozov 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha hisobot berdi.

Oltiariq sanatoriysi haqida
Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi tarkibida 2 ta shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli poliklinika, 8 ta qishloq oilaviy poliklinika, 5 ta qishloq vrachlik punkti, 17 ta brigadaga ega 1 ta tez yordam bo‘limi va Sanitariya epidemiolik osoyishtalik markazi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Koronavirus pandemiyasi hamma uchun kutilmaganda ro‘y berdi. Vaziyat shu qadar jiddiy ediki, hatto sog‘liqni saqlash xodimlari ham bu baloga qarshi qanday kurashishni bilmasdi. Ammo shunga qaramasdan oltiariqlik shifokorlar o‘z vazifasini munosib bajarishdi. Xususan, Oltiariq sanatoriysi Turkiyadan kelgan yo‘lovchilarni karantinga qabul qildi. Ular orasidan 67 kishida kasallik aniqlandi. Shifokorlar matonati tufayli ularga kerakli yordam ko‘rsatildi.

E’tiborlisi, mana shu karantin tufayli Oltiariq sanatoriysi va uning hududida chiqadigan shifobaxsh suv juda ommalashib ketdi. Tumanda aniqlangan bemorlar o‘zimizda davolandi. Ular mana shu sanatoriyda chiqadigan suvdan ichib, shifo topishdi. Bu ham muassasa uchun yaxshi reklama bo‘ldi. Hozir sanatoriyda birorta ham bo‘sh o‘rin yo‘q.

Suvimizga talab juda katta. Masalan, Qirg‘izistondan yirik qiziqish bor va u yerga qadoqlangan suvni yuk mashinalarida eksport qilmoqdamiz. Bu mashinalar qaytishda tuman ehtiyoji uchun kartoshka olib qaytmoqda.

Koronavirusga qarshi kurash hamon susaygani yo‘q. Tuman sanitiriya epidimiologiya markaziga 690 mln.so‘mlik PZR apparati olib kelib o‘rnatildi. Shuningdek 148 mln.so‘mga vaksinalarni saqlash ombori, 160 mln.so‘mga laboratoriya binosi ta’mirlandi. Koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun 147 mln.so‘mlik ekspress testlar bilan ta’minlangan.

Qishloq xo‘jaligi haqida
Oltiariqda 2020 yil davomida 71 mln 663 ming AQSh dollar, shundan 2 mln 324 ming AQSh dollar sanoat maxsulotlari, 69 mln 340 ming AQSh dollar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirilishi belgilangan.

Xozirgi kunga kelib 69 mln 270 ming AQSh dollar, shundan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 64 mln 594 ming AQSh dollar, sanoat maxsulotlari 4 mln 675 ming AQSh dollar sanoat maxsulotlari eksport amalga oshirildi.

Har qanday hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun o‘ziga hos jihatlari inobatga olinishi lozim. Oltiariq bog‘dorchilik va poliz mahsulotlari yetishtirishda mamlakatda yetakchilardan hisoblanadi. Bir gektar paxta maydonida o‘rtacha hisobda 1 kishi band bo‘lsa, uzum ekilsa 5 kishi ish bilan ta’minlanadi. Boz ustiga paxtaga nisbatan poliz va bog‘dorchilikdan daromad ham yaxshi bo‘ladi. Xususan, bir gektar yerdan olingan paxta 20 million so‘mga sotilsa, shundan 1 millioni toza daromad bo‘lib qolishi mumkin. Bog‘dorchilikdan daromad ancha ko‘proq bo‘ladi.

Masalan, Fransiyada uzumning danagidan olinadigan yog‘ga talab katta. Uzum danagining yog‘i parfyumeriya uchun juda kerakli va har qancha yetishtirilsa, talab mavjud.

2020 yil uchun suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish maqsadida 200 gektar yer maydonida tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 65 gektar yer maydonlari tomchilab sug‘orish tizimiga o‘tkazilib 5-10 s/ga hosildorlikni oshirilishiga erishildi.

Bundan tashqari 220 gektar dasht hududidagi yerlarga tomchilab sug‘orishga o‘tkazilib, aholining muhtoj qatlamiga berildi.

Ijtimoiy masalalar
Yaqin vaqtgacha ham mehnat muhojirlariga e’tibor u qadar katta emas edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hozirda bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, o‘zimizda ish o‘rinlari yaratib, xorijga ishlashga ketayotganlarni olib qolishga targ‘ib qilmoqdamiz.

Bir misol keltirib o‘tsam: Rossiyaga ishlagani ketgan fuqaromiz 6 yildan so‘ng qaytib kelgan. U farzandi 2 yoshligida xorijga ketgan va 8ga to‘lgach, qaytib kelgan. Aytishicha, o‘g‘li uni «dada», deyishga qiynalyapti ekan. Chunki esini taniyotgan vaqtda otasi yonida bo‘lmagan. Bu ham katta muammo. Biz mana shunday fuqarolarimizni Oltiariqda ish bilan ta’minlashga harakat qilmoqdamiz.

Shuningdek, diniy ta’lim olishda yo‘ldan adashganlarni jamiyatga qo‘shish uchun ham bir qator ishlarni amalga oshirdik. Tan olish kerak, oson bo‘lgani yo‘q. Bu o‘rinda ham bir misol keltirsam. Oltiariqlik fuqaromiz yo‘ldan adashib, 19 yil jazo o‘tagan. Ammo shunda ham yo‘ldan qaytishni istamagan. U bilan ko‘pchilik suhbatda bo‘lgan, ammo natijaga erisha olmagan.

Biz uni mashinaga o‘tkazib, Farg‘ona shahrini ko‘rsatdik, Oltiariqni ko‘rsatdik. Qilingan ishlar bilan tanishtirdik. O‘sha mahbus viloyat markazi va tumanimizni ko‘rib, tanimay qoldi. Uni targ‘ib qilishda davom etdik va masjidimizga olib kirdik. U yerda namozxonlar uchun sharoitlarni ko‘rsatdik. Taxoratxonada issiq-sovuq suv bor, ibodat qilish uchun hamma sharoit yaratilgan. Shundan so‘ng u ko‘nglidagi hamma gapni ochiq aytdi: «Men qaytdim, iltimos, xalqimiz, yurtboshimiz meni kechirsin», — deb aytdi.

Biz uni nafaqat jamiyatga qaytardik, balki ish topib berdik va oilali qilib, to‘yini o‘tkazdik. Hech bir fuqaroni nazardan chetda qoldirmaymiz.

Maktablar haqida
2004 yilning 27 oktyabrida bo‘lgan bir voqeani aytib bersam. Tuman hokimi sifatida ish boshlagandim. Yo‘lning chetida kolonna bo‘lib ketayotgan bolachalarni ko‘rib, mashinani to‘xtatdim. Surishtirsam, birinchi sinf bolachalarni paxta terishga olib ketishayotgan ekan. Har bir sinfga 30 kilogrammdan reja qo‘yilibdi.

O‘sha vaqtning o‘zida hammasini maktabga qaytarib yubordim. Paxta dalasiga esa g‘o‘zapoya o‘radigan texnika kiritvordim.

Biz 25 yil ta’lim sohasiga e’tibor bermadik. O‘qituvchi va o‘quvchilarni nafaqat paxta terish, balki chekankayu chopiqqa ham olib chiqdik. Maktablarda suv bo‘lmasdi, oddiy narsalarni ham talab qila olishmasdi. Nihoyat Prezident talabi bilan bu narsalarga chek qo‘yildi. Endi bolalarimiz faqat o‘qish bilan band. O‘ylaymanki, bu narsa yaqin vaqtlarda o‘z natijasini beradi.

Takliflar
Xolmirza Niyozovning murojaatnomasidan so‘ng oltiariqlik deputat Isaqov Abdullaxon taklif bilan chiqdi. U tuman hududida bo‘sh turgan yerda muhtoj oilalar uchun uy qurishni taklif qildi va mana shu uylardan 50 tasini o‘z hisobidan qurib berishga va’da berdi.

Shu bilan birga deputatlar tomonidan tumandagi maktablar yonidagi piyodalar yo‘lakchalariga svetofor o‘rnatish taklifi berildi. Ushbu taklif mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yildi.

Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan ishlar ko‘lamini o‘rganishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring