Oliy Majlis deputati Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i va prokuroriga iste’foga chiqishni taklif qildi
Kecha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, kattaqo‘rg‘onlik ayolning tahqirlangani aks etgan video ko‘plab munozara va muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Ushbu voqea yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev ham o‘z munosabatini bildirib, shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va shahar prokurori iste’foga chiqishi kerakligini bayon etdi.
«Shahar rahbarlari uchun iste’fo berish — eng oqilona yo‘l!
Kattaqo‘rg‘on shahridagi mudhish hodisa faqat bir kishining aybi bilan sodir bo‘lmagan. Bunga shahardagi butun boshli tizim aybdor! Shunday vaziyatda shahar IIB boshlig‘i va shahar prokurori hamma aybni o‘z zimmalariga olib, iste’fo bersalar maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Nima uchun deysizmi?! Shahar ahlining ishonchini oqlamaganliklari uchun; davlatimizning hozirgi siyosati mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirib berolmaganliklari va ular ustidan nazoratni qo‘ldan boy berganliklari uchun; Prezidentimizning topshiriqlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlab bermaganliklari uchun; eng yomoni — millatimiz kelajagi bo‘lmish ayol zotining tahqirlanishiga yo‘l qo‘yib berganliklari uchun!» — deya yozib qoldirdi deputat o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida.
Qodirovning qo‘shimcha qilishicha, «aybdor xodim S.Umarov o‘z jazosini olishi muqarrar. (Chunki deloni Bosh prokurorimiz o‘z nazoratiga olgan). Biroq ana shunday jirkanch hodisa yuz berishi uchun muhitning ham albatta ta’siri bor! Yuz bergan hodisa uchun Kattaqo‘rgon shahrining kattakonlari ham javob berishlari kerak. Buning uchun ular oldin iste’fo berishlari kerak. Shundan so‘ng ularning javobgarligi doirasini ko‘rib chiqish mumkin. Hamonki ular shahar IIB boshlig‘i va shahar prokurori lavozimida qolar ekan ularning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish qiyin bo‘ladi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter