Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noningiz goh butun, goho yarimta...

Noningiz goh butun, goho yarimta...

Shu kunlarda «Akademnashr»dan taniqli shoir va yozuvchi, yetmish bahorni qarshilagan Abdusaid Ko‘chimov qalamiga mansub saylanmaning I-jildi (nazm) chop etildi.

Muallif 1967-yildan boshlab yozilgan barcha she’rlar va to‘rtliklarini qayta saralab, yagona kitob holiga keltirgani e’tiborga molik.

Ma’naviy xazina avvalida eng oliy umuminsoniy qadriyatlar – Vatan ta’rifi, istiqol madhi, Turkiston-Turon birligi, ulug‘ tariximiz haqida boradi.

Bundan keyingi qismlarda oliyjanob insoniy fazilatlar, onalar mehri tuganmasligi, urushning qabohatligi mavzulari o‘z ifodasini topadi. O‘zbek millatining tantiligi va qoyalardek g‘urur qalbi juda chiroyli tarzda tasvirlanadi:

Shijoatda dovqur-lochin,
Burgut ko‘zlik, qilich so‘zlik.
Egilsa ham salom uchun
Egiladi tanti o‘zbek.

Yurtimizning har bir go‘shasi haqida, ayniqsa shoirning musaffo yuragiga beshik bo‘lgan Toshkentdan ortib, Qarshi dastlariyu Urgut tog‘lari haqida berilib, ohangday kuylaydi.

Suyugim – ko‘zlarim qarog‘i Toshkent,
Buyugim – qalbimning charog‘i Toshkent
!

deya dunyoga baralla hayqirgan shoir Vatan poytaxti haqida yozganda istiqlol yillarida bu shahri azimning nechog‘li kengayib, qanchalar obod va ko‘rkam bo‘lib borayotganini go‘zal ranglarda aks ettiradi.

Kitobni varaqlar ekansiz, keyingi qismlar baxt, sevgi, mehr-muhabbat va oshiqlik, yorga sadoqat, yaxshilik, mehnatsevarlik, tantilik, inson ichki olami masalalariga bag‘ishlaniga guvoh bo‘lasiz.

Falsafiy-psixologik yondashuv spektridan o‘tgan satrlarda insonlar o‘rtasidagi g‘oyatda nafis va jozibali munosabatlar ulug‘lanib, azaldan tugamagan o‘zaro to‘siqlar va anglashilmovchiliklar keskin qoralanadi. Xususan, shoir balog‘at davrining jismi o‘rtab yongan kezlarida qo‘shni qizni sevib qolganini, ular orasida Qorabotir kabi uyning devori to‘sib turganini, bu loy to‘siqni ko‘rishga aslo ko‘zi yo‘qligini juda obrazli qilib ochib beradi. Biroq, yoshi ulg‘aygach:

Qarashlar o‘rtasida,
Kurashlar o‘rtasida,
Soyalar o‘rtasida,
G‘oyalar o‘rtasida,
Olamlar o‘rtasida
Devorlar borligini
Hali bilmas edim men,

deya anchayin mushohadali fikrlarni o‘rtaga tashlaydi.

Shu vaqtga qadar jurnalistlar haqida she’rlar nihoyatda kam bo‘lib, bu ahamiyati va ta’siri oshib borayotgan kasb vakillarining elu yurt oldidagi xizmatlarini tugal ochib bera olmaydi. Shoir hamksblariga atab bitgan «Jurnalistlarga» sarlavhali ash’orida qalam ahlining ulkan mehnatlarini munosib e’tirof qiladi:

Noningiz goh butun, goho yarimta,
Dilingiz tuhmatdan goh nimta-nimta,
Ammo dardingizni aytmay hech kimga,
Madad bo‘lay deysiz ona xalqimga –
Elim deb, yurtim deb yongan jonlarim,
Jurnalist do‘stlarim, qadrdonlarim.

O‘quvchi she’rdan she’rga ko‘chib borar ekan, so‘zlarning nihoyatda ravonligidan, har bir qatorning qat’iy ritm asosiga terilganidan, fikr baralla va erkin harakat qilayotganidan hayratga tushadi.

Zero, buyuk qalb sohibi bo‘lgan, o‘zbek milliy adabiyotida o‘ziga xos o‘rni va salohiyatiga ega shoirning niyati go‘zal, intilishlari pok. Mavzular ham so‘zlar jilosi kabi rang-barangdir.

U ijtimoiy hayotdagi muammolarga kinoya va hazil orqali, yurtning fidoyi va ulug‘ bir donishmandi sifatida o‘tliq javob berishga intiladi.

Qalam ustasi cho‘l, hovuz, bahor, daraxt, lolazor, yomg‘ir, buloqcha, tog‘lar, dashtlar, yo‘llar, ko‘prik, qal’a, qo‘riqxona, chorchinor, toychoq, mayna, dengiz, kitob, toshbitik, baliq, favvora, yo‘lovchi, me’mor, ustoz va shogird timsollarida insonning ruhiy muvozanati, qalbini o‘rtab turgan fusunkor kechinmalarni aks ettiradi. Ba’zi safdoshlari va do‘stlarini ko‘prikka qiyoslab aylab quyidagicha bitadi:

Ketganni kuzatar, kelganni kutar,
Kunu tun xizmatda – qoqmaydi kiprik.
Har bir yo‘lovchiga yelkasin tutar
Sohilni sohilga payvandlab ko‘prik.

Abdusaid Ko‘chimovning turli yillarda Turkiya, AQSh, Xitoy va Yaponiya davlatlariga amalga oshirgan safarlar yorqin taassurotlari va hayratlari, o‘sha yurtlar xalqlarining o‘qo‘zak falsafalari, milliy o‘ziga xosliklari alohida ijodiy namunalar sifatida kitobxonga tuhfa etiladi.

Ayniqsa, ayrim qardosh xalqlarning uzoq yillar ushalmagan ozodlik iztiroblari, insoniyatni qiynab kelayotgan ming yillik armonlar, ma’rifat qudratidan bebahra millatning fojiasi, mayda illatlar, biroq katta ofatlar keltiruvchi mahalliychilik, guruhbozlik ustidan kuladi, keskin qoralovchi pozitsiyasini egallaydi.

Ulug‘ ajdodlarimiz Bobur Mirzo, Mashrab, Gulxaniy, o‘tgan asrning nomdor ijodkorlari – shoirning zamondosh do‘stlari Ozod Sharofiddinov, Said Ahmad, Shukrullo, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Saydi Umirov, Asad Dilmurod xotirasiga bag‘ishlab yorqin va ta’sirli misralar bitadi.   

Olti yuzga yaqin she’r va to‘rtliklardan iborat nazm guldastasi noshirlik jihatidan ham nihoyatda sifatli, dizayn tomonidan mazmunan boy, ichki qat’iy tizimlashtirilgan holda chiqarilgan bo‘lib, yaqin istiqbolda A.Ko‘chimovning yana ikki jildli saylanmasi tandirdan chiqishi kutilmoqda. Albatta, bu jarayonlarda iste’dodli noshir Sanjar Nazar va uning jamoasining ham munosib hissasi borligini ta’kidlash o‘rinlidir.

O‘zbek jurnalistikasining zabardast vakili, ijodiy davralarning oqsaqollaridan biri bo‘lgan muallif kitobini menga taqdim etar ekan, uni chop etishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan Samarqand viloyati hokimligiga ham alohida minnatdorlik bildirdi. O‘z hududidan chiqqan qalam egalariga bunday saxovat va e’tibor bugungi kunda barcha ijod ahli uchun ham muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib, afsuski, barcha viloyatlar rahbarlari ham bu ma’naviy jihatga yetarli e’tibor qaratayapti, deya olmaymiz.

Hech shubhasiz, adibning muqaddam chiqqan o‘n beshga yaqin she’riy to‘plamlari va boshqa asarlari endi yaxlit bir holatga kelayotgani, uning ilk qaldirg‘ochi dunyo yuzini ko‘rgani oddiy ixlosmand sifatida men uchun juda quvonchli ma’naviy hodisadir.

Albatta, bugun tobora urfga kirib borayotgan va o‘quvchilar uchun juda qulay hisoblangan telegram kanallarida, ijtimoiy tarmoqlarda ham Abdusaid Ko‘chimov ijodini elektron formatlarda joylashtirib borish ham uning yanada kengroq targ‘ib bo‘lishiga munosib hissa qo‘shishi, shubhasiz.

L.Rahmatov
jurnalist 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring