Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhammadjon Obidov «ikki o‘t orasida»mi?

Muhammadjon Obidov «ikki o‘t orasida»mi?

Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimova Uchko‘prik tumani hokimligi vakili va IIB xodimining bosimiga uchragani, holat bo‘yicha prokuratura surishtiruv boshlaganidan xabardorsiz. Endi surishtiruv natijalarini kutish qoldi, xolos. Biroq voqealar jarayonida «tishga tegadigan» bir holat borki, shu haqda ikki og‘iz so‘z aytish lozimday.

Sharifa Madrahimova tuman IIB olib borilib, «shaxsini aniqlash» paytida unga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan berilgan a’zolik guvohnomasining haqiqiy yoki soxtaligi tekshiriladi. Shu maqsadda IIB xodimi Muhammadjon Obidov (Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi) bilan bog‘langani, ustoz jurnalist esa go‘yoki «guvohnoma haqiqiy emas, jurnalistga nima chora lozim bo‘lsa, ko‘raveringlar», degan mazmunda javob berganini Sh. Madrahimova (IIB xodimi gaplariga tayanib) keyinroq ma’lum qiladi.

Masalaning eng og‘riqli nuqtasi shunda, aslida. Ayniqsa, biz – jurnalistlar uchun. Hamkasbi bosimga uchrab, huquqiy va ma’naviy yordamga muhtoj paytda, rostdir-yolg‘ondir, viloyat jurnalistlari rahbariga oid bunaqa gaplar urchishi, juda yumshoq aytanda, uyat!

Muhammadjon Obidov serg‘ayrat, zukko va uddaburon rahbar ekaniga hech kimda shubha yo‘q. U kishi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyati bo‘limi raisligidan tashqari Farg‘ona hokimining matbuot kotibi, shuningdek, «Farg‘ona haqiqati» gazetasi bosh muharriri hamdir. Hokimning matbuot kotibi sifatida viloyatga qo‘shib uning rahbari imijini ko‘tarishga astoydil harakat qilayotganini jamoatchilik ko‘rib-bilib turibdi. Bu borada muvaffaqiyatlar ham yo‘q emas... Bosh muharrir sifatida qisqa vaqtda viloyat gazetasining shakl-shamoyili-yu mazmun-mundarijasida ijobiy o‘zgarishlar qilgani ham bor gap. Farg‘ona jurnalistlari rahbari sifatida ham ko‘p va xo‘p ishlarni uddalaganki, bularga faqat qoyil qolish mumkin.

Kechagi voqealarga ham Muhammadjon Obidov jim turmasligi tabiiy edi. Biroz kechikib bo‘lsa ham, holatga munosabat bildirdi. Munosabatki, qator-qator savollar tug‘diradi, deng.

Avval M.Obidovning so‘zlariga quloq tutsak:

«Sharifa Madrahimovaning intervyusini ko‘rdim. Unga qo‘yilayotgan postlarni ham o‘qib boryapman. Hurmatli bloger va FBdan foydalanuvchilarga «debdi-debdi» kabi «taxmin, faraz jurnalistikasi»dan masala o‘rganib chiqilguncha tiyilib turishni tavsiya qilardim. Masalan, Sharifaxon «Obidov undoq debdi, bundoq debdi», deya bayonot berishdan avval qo‘ng‘iroq qilib (telefon raqamimni bilar ekan, buni o‘zi ta’kidlabdi) bir og‘iz oydinlik kiritib olsa bo‘lardiku. Aftidan karantin tufayli ko‘pchilik shov-shuvlarni sog‘inib qolgan yoki so‘rab-surishtirmasdan bir yoqlama xulosa chiqarish odatga aylanib qolayotgandek ko‘rinadi. Bir oz sabr qilaylikchi, aslida bor gap yuzaga chiqar.

Hozircha shuni aytmoqchimanki, Sharifa Madrahimova «Muhammadjon Obidov bu hujjat haqiqiy emas ekan debdi» degan gaplari g‘irt yolg‘on va tuhmatdan iborat

Munosabatdagi o‘ta ehtiyotkorlik, yopishmagan pand-nasihat va «bloger va FBdan foydalanuvchilarga» pisanda ohangini ilg‘amaslik mumkin emas. «Karantin tufayli ko‘pchilik shov-shuvlarni sog‘inib qolgan yoki so‘rab-surishtirmasdan bir yoqlama xulosa chiqarish odatga aylanib qolayotgandek» degani esa ancha bahsli. Zero, shundog‘am shov-shuvlar oz emas, ulardan har kim o‘zicha xulosa chiqarishi esa mutlaqo tabiiy!

Biroq «Sharifaxon «Obidov undoq debdi, bundoq debdi», deya bayonot berishdan avval qo‘ng‘iroq qilib (telefon raqamimni bilar ekan, buni o‘zi ta’kidlabdi) bir og‘iz oydinlik kiritib olsa bo‘lardiku», degan gapiga esa katta e’tiroz bor. Negaki, bunaqa holatda Sharifa Madrahimova emas, aksincha, M.Obidov unga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatga oydinlik kiritishi va yordamga shoshilishi shart edi! Viloyat jurnalistlari rahbari shunaqa paytda vakolati doirasida shoshilinch choralar ko‘rib, birinchilardan bo‘lib bayonot berishi kerak emasmi, aslida?! Muhammadjon hoji aka bo‘lsa, negadir bunga teskari ish tutib, «Bir oz sabr qilaylikchi, aslida bor gap yuzaga chiqar», deyishdan nariga o‘tmayotgani ensani qotiradi, xolos.

Ustoz jurnalistning: «Sharifa Madrahimova «Muhammadjon Obidov bu hujjat haqiqiy emas ekan debdi» degan gaplari g‘irt yolg‘on va tuhmatdan iborat» ekanini ta’kidlagani ko‘ngilga biroz taskin beradi. Har holda, bu gap viloyat jurnalistlari oqsoqoli yosh salafiga ko‘mak qo‘lini cho‘zmasa ham, chohga itarish uchun «hashar»ga kelmabdi, degan umid paydo qiladi. Hujjat haqiqiy emasligi haqidagi «gaplar g‘irt yolg‘on va tuhmat» bo‘lsa, shu mazmundagi gaplarni Sh.Madrahimovaga aytgani uchun IIB xodimini qonun oldida javobgar qilib, «master-klass» ko‘rsatsa, nur ustiga a’lo nur bo‘larmidi?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring