Kosonsoyda mas’uliyatsiz tibbiyot rahbarlari ishdan olindi
Namangan viloyati birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida viloyatning Kosonsoy tumanida o‘z vazifasiga yuzaki yondashib, bugunning talabi va aholi ehtiyojlarini his qilmay ishlayotgan tibbiyot xodimlari ham borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligidan saytimizga xabar berishdi.
Shu munosabat bilan, Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B.Xoldorov va boshliq o‘rinbosari R.Abdullayev, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri M.Karimova davlat rahbari va hukumatning, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining me’yoriy hujjatlari ijrosini yetarli darajada amalga oshirmagani, jumladan, aholining tibbiy xizmatga muhtoj qatlamini qamrab olish ishlarini talab darajasida tashkil etmagani bois o‘z egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun ma’suliyatni oshirishga doir qo‘shmcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yetarli darajada amalga oshirmagani, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun ma’suliyatni oshirishga qaratilgan topshiriqlar ijrosini tizimli tashkil etmagani va patronaj tadbirlariga talab darajasida e’tibor qaratmagani uchun Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasining mas’ul xodimi M.Toshmatov va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mas’ul xodimi A.Abdullayev vazifasidan ozod etildi.
Namangan viloyatdagi davolash muassasasi rahbarlariga ishni aholi ehtiyoji va talabidan kelib chiqib tashkil etish, bunda har bir xonadon va uning a’zosi e’tiborda bo‘lishi lozimligi, xalq bilan doimiy muloqot qilib, uning roziligi va aholi manfaatlari yo‘lida shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlash, birlamchi tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojni sifatli va samarali qondirish kabi muhim vazifalar tushuntirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter