Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Konduktor»dan ehtiyot bo‘l, bolakay!

«Konduktor»dan ehtiyot bo‘l, bolakay!

Deputat Jahongir ZIYaYeV yana yo‘lkirani bepul qilish masalasini ko‘tarib chiqdi.

«Kecha jamoat transportida yuz bergan voqeadan hali ham o‘zimga kelolganim yo‘q.

«Konduktor» ayol ertalab maktabga ketayotgan 9-10 yashar bolani 1000 so‘m yo‘lkira bergani uchun gap bilan shunchalik savaladiki... Hatto bir avtobus yo‘lovchilarning «qo‘ying, 400 so‘mni men beraman» degan gapiga ham quloq solmadi. Aksincha, «Menda ham plan bor», deya qolganlarga ham zahrini sochdi.

Balki, bolakayga ota-onasi, haqiqatan ham, kam pul bergandir. Balki, bola qorni uchun 400 so‘m orttirmoqchi bo‘lgandir. Planni emas, avvalo, nafsini qondirishni o‘ylayotgan «qonduktor»ga esa buning qizig‘i yo‘q.

Albatta, bunday holat ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q, oxirgisi ham emas. O‘quvchilarga yo‘lkira bepul bo‘lmas ekan, yana davom etaveradi.

Agar davlatning plani o‘sha to‘lanmagan 400 so‘m bilan to‘lib qolganida ham boshqa gap edi. Axir hech qaysi mamlakatda jamoat transporti foyda bilan ishlamaydi-ku. Xarajatlar subsidiya, imtiyozli kredit bilan qoplanadi-ku. Jumladan, O‘zbekistonda ham.

O‘quvchilarga yo‘lkirani bepul qilish masalasini uch-to‘rt oy oldin ham ko‘targan edim. Lekin tegishli idoralar na munosabat bildirdi, na qo‘llab-quvvatladi.

Bugun Uchinchi Uyg‘onish, farzandlarimizning barkamol bo‘lishi haqida gapirayotgan ekanmiz, bunga bolalarimizga shahar transportida bepul yurish huquqini berish orqali ham yordam bergan bo‘lmaymizmi?

Kuzating, bugungi yoshlar ko‘cha bolalari emas. Har kuni o‘quv markazlariga zir yugurayotgan yoshlarni ko‘rib, «eh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi», deya havasingiz keladi. Bugun buning uchun kimdir farzandiga pul topib bera olyapti, hatto, yo‘lkirani o‘ylab, bolasining istagini qondira olmayotgan ota-onalar ham bor.

Dunyo tajribasida yo‘lkirani bepul qilish yangilik emas. Lyuksemburgda barcha uchun jamoat transporti bepul. Hatto, Estoniya poytaxti Tallinda ham qariyb o‘n yildan beri yo‘lkira so‘ralmaydi. Shveysariya, Avstraliya, Fransiya, AQSh, Xitoy, Malayziya... Mutaxassislar bunday imtiyoz shaharda tirbandlikning oldini olishi, hatto, soliq to‘lovchilar sonining keskin ko‘payganini ham aniqlagan.

Xullas, bugun 400 so‘m to‘layolmay maktabga shoshayotgan bolakay ertaga davlatimizga pul bilan o‘lchab bo‘lmaydigan darajada foyda keltirar. Axir kelajagimizni shular qo‘lida-ku. Ularning jamiyatga, davlatga munosib bo‘lishi uchun esa, avvalo biz — kattalar ularga munosib bo‘lishimiz kerak emasmi?!», deb yozadi Jahongir ZIYaYeV.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring