Keksa odamlarda uyqu buzilishi sababi aniqlandi
Stenford universiteti olimlari keksa odamlardagi yomon uyqu sababini aniqlashdi. Buning uchun ular turli yoshdagi sichqonlarni kuzatib, ularning miyasini o‘rganishgan. Ilmiy ish natijalari Science jurnalida chop etilgan.
Olimlar fikriga ko‘ra, odamlar yoshi ulg‘aygan sayin uyqusi notinch bo‘lib qoladi. 65 va undan katta yoshdagi odamlar esa uyquga ketish jarayoni qiyin kechadi. Nimaga bunday holat yuz berishini bilish uchun olimlar turli yoshdagi sichqonlar guruhlarini kuzatdilar.
Bir guruhga uch oydan besh oygacha bo‘lgan yosh sichqonlar, ikkinchi guruhga esa 18 oydan 22 oygacha bo‘lgan keksa sichqonlar saralab olingan. Mutaxassislar ularning oreksinlari (gipokretinlari) — uyg‘onish uchun javob beradigan miyadagi neyropeptidlarni o‘rganishdi. Ma’lum bo‘lishicha, keksa sichqonlarda oreksinlar o‘zlarining yosh qarindoshlariga qaraganda 38 foizga kam.
Tadqiqotchilar qarilikda uyqudagi qiyinchiliklar tanani uyg‘oqlikdan uyquga o‘tkazadigan kaliy kanallarining buzilishi bilan bog‘liq degan xulosaga kelishgan.
Mutaxassislar uyqu muammolari gipertoniya, diabet, depressiya, Alsgeymer kasalligi, yurak xuruji kabi turli xastaliklarning rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter