Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kam ta’minlangan oilalarning nafaqalarini «yeyish»dan toymayotganlar aniqlandi

Kam ta’minlangan oilalarning nafaqalarini «yeyish»dan toymayotganlar aniqlandi

Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining videoselektor yig‘ilishida boshqaruv raisi Sh.Javlonov fuqarolar yig‘inlari tomonidan kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlar tayinlash qoniqarsiz ahvolda ekanini tan oldi. Bu haqda «Xabar.uz» manbasi ma’lum qildi.

Moliya vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilning 1 choragi davomida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun fuqarolar yig‘inlariga ajratilgan budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish holati o‘rganilgan.

Ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda 1 191 ta fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan o‘rganish natijasida 795 nafar fuqaroga 2 mlrd. 646 mln. 700 ming so‘m miqdorida ijtimoiy nafaqalar noqonuniy tayinlangani, shundan 1 mlrd 581 mln. so‘mi to‘lab yuborilganligi aniqlangan.

Mahalla raisi va mas’ul kotiblar tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish natijasida ajratilgan budjet mablag‘lari noqonuniy sarflangan.

Misol uchun, Navbahor tumanidagi «Halovat tepa» MFY raisi va mas’ul kotibi 2016-2018-yillarda shu mahallada yashovchi turmushga chiqmagan 5 nafar xotin-qizlar nomiga Xalq bankining tuman filialida soxta hujjatlar tayyorlab, 64 mln. so‘m mablag‘ni ular nomiga ochilgan plastik kartochkalarga oyma-oy o‘tkazib, o‘zlashtirib yuborgan.

Shuningdek, 2016-2018-yillarda mazkur tumandagi mahallalarda ro‘yxatga olinmagan va yashamaydigan 15 nafar fuqarolar nomiga ochilgan plastik kartochkalarga 3 ta ya’ni «Xalovat tepa» (140 mln. so‘m), «Qalqon ota» (30 mln. so‘m), «Mirzo Ulug‘bek» (38 mln. so‘m) MFYlarda jami 208 mln. so‘m budjet mablag‘lari oyma-oy asossiz ravishda o‘tkazilib, o‘zlashtirib yuborilgan.

Mazkur tumandagi mahallada ro‘yxatga olinmagan va yashamaydigan 25 nafar fuqarolarning plastik kartochkalariga bir vaqtning o‘zida ikkita, ya’ni «Mirzo Ulug‘bek» (119 mln. so‘m), «Qalqon ota» (39 mln.so‘m) MFYlarda jami 158 mln.so‘m mablag‘ oyma-oy o‘tkazilib, o‘zlashtirilgan.

Shunga o‘xshash yo‘llar bilan Navoiyda 467 mln. so‘m, Toshkent viloyatida 378 mln. so‘m, Farg‘onada 319 mln. so‘m, Namanganda 286 mln. so‘m, Qashqadaryoda 223 mln. so‘m, Sirdaryoda 161 mln. so‘m, Samarqandda 160 mln. so‘m, Andijonda 131 mln. so‘m, Xorazmda 123 mln. so‘m, Jizzaxda 122 mln. so‘m, Buxoroda 118 mln. so‘m, Surxondaryoda 79 mln. so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 78 mln. so‘m ijtimoiy nafaqa to‘lovlari noqonuniy tayinlanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Noqonuniy to‘langan ijtimoiy nafaqalardan 848 mln. so‘m budjetga qaytarilgan bo‘lsa, 1 mlrd 74 mln. so‘mning asossiz to‘lanishini oldi olingan. Bundan tashqari, 1 mlrd. 414 mln. so‘m noqonuniy to‘lovlar yuzasidan aybdorlarga qonuniy chora ko‘rish uchun 418 ta nazorat hujjatlari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring