Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ijara narxlari Toshkentning qaysi tumanlarida qimmatroq ekani aytildi

Ijara narxlari Toshkentning qaysi tumanlarida qimmatroq ekani aytildi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Toshkent shahri tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarda ijara narxlari qanday ekanligini tahlil qildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylardagi ijara narxi o‘rtacha 339 AQSh dollariga teng. Ijara narxlari bo‘yicha eng past narx Sergeli va Olmazor tumanlarida, eng baland narx esa Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi.

Ijara biznesining daromadliligi (rental yields - uyni ijaraga berish orqali bir yilda olinadigan daromad) Toshkent shahri uchun 10 foizni tashkil etadi.

Qiyoslaydigan bo‘lsak, bu raqam Ruminiyada 6 foizni, Polshada 5 foizni, Germaniyada 3 foizni, Turkiyada esa 2 foizni tashkil etadi. Hozir Toshkentda ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromad o‘rtacha bank valyuta depozitlari tushumidan (3,4 foiz) uch baravar ko‘proq. Bu hozirgi kunda Toshkent shahrida jamg‘armalarni ko‘chmas mulkka sarflash va uni ijraga berish valyutada depozit ko‘rinishida saqlashdan ko‘ra foydaliroq ekanligini ko‘rsatadi.

Xonadon va ijara narxi nisbati (price/rent ratio) ko‘rsatkichi Toshkent uchun 10 yilni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Turkiyada 52 yilga, Germaniyada 34 yilga, Polshada 18 yilga, Ruminiyada 17 yilga teng. Demak, Toshkentda shaxsiy uyga egalik qilish ijarada turishga qaraganda arzonroq. Bu esa tabiiy ravishda odamlarda ijrada turishdan ko‘ra o‘z uyiga ega bo‘lish istagini kuchaytiradi.

Toshkent shahri markazidagi xonadonning o‘rtacha narxi YaIMning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan ulushidan (price/GDP per capita ratio) 50 barobar ko‘p. Bu ko‘rsatkich Ukrainada 158 barobar, Rossiyada 87 barobar, Buyuk Britaniyada 66 barobar, Shveysariyada 20 barobar, Germaniyada 17 barobar, Lyuksemburgda 5 barobarni tashkil etadi. Bu umumiy hisobda odamlarning xarid qobiliyati past yoki yuqoriligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahrida xonadon ijarasi bozori shakllanishning boshlang‘ich bosqichida turibdi.

Urbanizatsiya jarayonining jadallashib borayotganini inobatga olib, ijara bozorini rivojlantirish uchun quyidagilar tavsiya etiladi: 

- ijarada turuvchilarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash;

- ijara narxlari keskin o‘zgarishini nazorat qilish (misol uchun Germaniya tajribasi kabi), ijara narxini shahar buyicha o‘rtacha narxdan sababsiz keskin 10 foizdan ko‘proqqa oshira olmaslikni qonunan belgilash;

- bozorda informatsion asimmetriya muammosining oldini olish maqsadida uy egasi va potensial ijarachini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan informatsion texnologiyalarni keng joriy etish.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring