Buxoro soliq boshqarmasi binosiga quyosh panellari o‘rnatildi
Buxoro davlat soliq boshqarmasi binosiga 60 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Bu haqda viloyat DSB mas’ul xodimi Akmal Qurbonov «Xabar.uz» muxbiriga ma’lum qildi.
Elektr tokining tez-tez o‘chib turishi doimiy noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan yirik korxona, tashkilotlar iqtisodiyotiga yo‘qotishga olib keladi.
«Quyosh energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tokiga aylantiradigan fotovoltaik konvertor, ya’ni yarimo‘tkazgichli qurilma maxsus ramkalarga o‘rnatildi va bu quyosh panellarini hosil qildi. Quyoshdan olingan yorug‘lik esa elektr tokiga aylanadi. Ish jarayonida turli muammolarga duch kelmaslik uchun quyosh panellari eng maqbul yechim ekan»,– deydi Akmal Qurbonov.
Uning so‘ziga ko‘ra, Buxoroda davlat idoralari ma’muriy binolarini muqobil energiyaga o‘tkazish borasida amaliy jarayonlar boshlangan. Dastlabki bosqichda viloyat davlat soliq boshqarmasi binosining tom qismida «Solar nature» MChJ tomonidan umumiy quvvati 60 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.
Nominal quvvati 535 Vt bo‘lgan 112 dona monokristalli ushbu quyosh paneli va 24 ta invertorlardan iborat mazkur stansiya yiliga 22 ming kVt elektr energiya ishlab chiqarar ekan. Buning natijasida qariyb 70 foiz elektr energiyasi iste’molining tejalishiga erishiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter