Aslida yo‘q soxta pulni sotish evaziga daromad topmoqchi bo‘lgan yoshlar qo‘lga olindi

Buxoroda aslida yo‘q soxta pulni sotish evaziga daromad topmoqchi bo‘lgan yoshlar qo‘lga olindi.
- Allo, men sizga 2-3 million soxta pul yetkazaman. Haqiqiy puldan farq qilmaydi. Faqat buning uchun plastik kartamga 600 ming so‘m o‘tkazma qilasiz.
- Bo‘ldi, hozir-da!- “mijoz” zum o‘tmay, o‘ziga raqamlari yozib tashlangan plastik kartaga 600 ming so‘m miqdorida pul o‘tkazma qiladi.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xodimi Umid Barakayevning “Xabar.uz”ga ma’lum qilishicha, buxorolik 21 va 23 yoshli fuqarolar R.I. va Ch.J.lar o‘zaro til biriktirgan holda firibgarlik orqali pul topishning yangicha yo‘liga o‘tishgan. Ular fuqarolarni aldab, go‘yoki soxta pul yetkazib berishni va’da qilib, cho‘ntaklarini mo‘maygina daromadga to‘ldirmoqchi bo‘lishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Shofirkon tumanidagi Do‘rmon mahallasida istiqomat qiluvchi “uddaburon” bu ikki yosh oson yo‘l bilan pul topish maqsadida “Soxta pul” nomli telegram guruh ochishgan. Unda 600 ming miqdoridagi pullarni tegishli plastik kartaga o‘tkazish orqali soxta, ammo katta pulga ega bo‘lish mumkinligini bildirishgan.
Tekin daromadga o‘ch yoshlar ularga ishonishgan. Shundaylardan biri 17 yoshli F.A. adminlar tomonidan shaxsiy profiliga tashlangan plastik kartaga 600 ming so‘m miqdorida pul o‘tkazgan. Biroq, 600 ming so‘m evaziga ko‘p miqdordagi soxta pullarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan F.A. tengdoshlariga “chuvv” tushganini anglab yetgan.
Oradan bir necha soat vaqt o‘tib, “soxta pul ijodkorlari” ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinishgan.
Tergov harakatlari davomida ikki yosh fuqaro hech qanday soxta pullar yo‘qligi, bu ishni pul topish maqsadida rejalashtirishganini bildirishgan. Haqiqatan ham aybdorlarda hech qanday soxta pullar yo‘qligi ham oshkor bo‘lgan.
“Yillar o‘tgan sayin jinoyatlar turi ortib bormoqda. Ayniqsa, hayotda o‘z o‘rnini topish arafasida turgan yoshlar egri yo‘llarni o‘ylab topishayotgani xavotirli”,-deydi Umid Barakayev.
Mazkur jinoiy guruh a’zolariga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) moddasi, 2-qismi bilan ayblov e’lon qilingan. Shuningdek, hozirgi kunda mazkur jinoiy ish bo‘yicha gumon qilinuvchi shaxsning xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlariga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter