Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor ismli koreys bola hikoyasi

Baxtiyor ismli koreys bola hikoyasi

Bu sinfga ilk bora kirgan muallima partalarda qo‘llarini ustma-ust qo‘ygancha o‘ziga tikilib turgan o‘g‘il-qizlarning har birini sinchkovlik bilan kuzatdi. «Ajoyib bolalar ekan» degan fikr xayolidan o‘tdi. Beg‘uborliklari yuz-ko‘zlarida shundoqqina aks etib turibdi. Maktab formasi, kitob, daftar va ruchkalarning partalarda joylashishi... hammasi chiroyli! Naqadar baxtiyor damlar!

Muallima o‘quvchilar bilan yaqindan tanishish maqsadida sinf jurnalini ochdi-da, yo‘qlama qilishga tushdi.

– Kim Baxtiyor? – Jurnaldagi bu yozuvni o‘qiyotganida beixtiyor ovozi jaranglab ketgandek bo‘ldi.

– Men, – o‘rta partada o‘tirgan yoqimtoy o‘quvchi o‘ng qo‘lini ko‘targancha sapchib o‘rnidan turdi.

Muallima bir jurnalga, bir bolaga yuzlandi. Qiziqsindi:

«Koreys millatiga mansub bolaga Baxtiyor ismini qo‘yishibdi. Ajoyib!»

– Qani, doskaga marhamat, – muallima mehr to‘la ko‘zlari bilan o‘quvchini o‘zi tomon chorladi. Uning yurish-turishiga razm soldi: «Rostdanam ismi jismiga monand bola ekan».

– Ismingni kim qo‘ygan? – qiziqsinib so‘radi muallima.

– Dadam, – deya javob berdi qimtinibgina bola.

– Dadang nima ish qiladilar?

– Tadbirkor.

– Oying-chi?

– Do‘xtir...

– Sen katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan?

– O‘qituvchi.

– Qaysi tillarni yaxshi ko‘rasan?

– O‘zbek va koreys tillarini.

– Yaxshi, hozirdanoq barcha fanlarni puxta o‘zlashtirsang, baholaring faqat «besh» bo‘lsa, kelajakda o‘z orzungga erishasan, – muallima shunday deya o‘quvchilarga yuzlandi. – Bolajonlar, sizlar yurtimizning ertangi kuni egalarisiz. Shuning uchun a’lo baholarda o‘qib, yaxshi kasb-hunarni egallashlaringiz kerak. Buning uchun hamma sharoit, imkoniyatlar mavjud, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri! – bolalarning ovozi sinfni tutdi.

Muallima qo‘liga bo‘rni oldi. Doskada chiroyli yozuvdagi matn paydo bo‘ldi. U yangi mavzuni tushuntira ketdi. Muallimaning xushmuomalaligi, yoqimli ovozi, mehri bolalarni o‘ziga butunlay maftun etdi.

Tanaffus. Sinfdan chiqib ketayotgan muallimaning ortidan qarab qolgan o‘quvchilardan biri:

– Ustoz juda baxtiyorga o‘xshaydi! – dedi beixtiyor. Atrofdagilar bu so‘zni go‘yo o‘zlari aytgandek mamnun bo‘lishib, bir-birlariga sirli boqishdi.

Uyga qushdek uchib kelgan Baxtiyor hayajonini bosolmas, xursandligini yashira olmasdi..

– Namuncha og‘zing qulog‘ingda, bolam?

– Bilasizmi, onajon, bugun-chi sinfimizga yangi ustoz kirdilar.

– Yangi o‘qituvchi yaxshi ekanmi?

– Hm, o‘zlari ham, ovozlari ham chiroyli ekan... Nima desam ekan, judayam baxtiyor ekanlar...

– Buni darrov qayerdan bila qolding?

– Ko‘zlaridan, chehralaridagi tabassumdan, yurish-turishlari va biz, bolalarga bo‘lgan muomalalaridan.

Onasi kulib turardi. O‘g‘li hovliqqancha so‘zida davom etdi:

– Ismim... ismim ustozga juda yoqdi. Ismingni kim qo‘ygan, dedilar.

– Obbo, bolam-yey! – deya onasi Baxtiyorni bag‘riga bosdi va peshonasidan o‘pdi. Unga Baxtiyor deb nom berishgani sababini aytib berdi. Onasi gapini tugatishi bilanoq:

– Voy, qanday yaxshi! – deya chapak chalib yubordi Baxtiyor. – Menga aytgan gaplaringizni yozib bering, ustozimga ko‘rsataman.

– Mayli, bolam, qani ruchka, qog‘oz olib kel-chi...

Daftar sahifasi uzra ruchka suza boshladi. Bola marjondek tizilayotgan satrlardan ko‘z uzmasdi:

«Qirg‘inbarot urush xalqimiz boshiga ne kulfatlar solmadi. O‘sha yillari Koreyadan O‘zbekistonga ko‘chirilgan ko‘plab yurtoshlarimiz qatori yosh bola bo‘lgan bobom va buvim ham bu yerda muqim yashab qolishgan. Otam va onam shu yerda tug‘ilib, voyaga yetishgan, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishgan. El ichra obro‘-e’tibor topishgan. Mahalladoshlarimiz mehr-oqibatli, bir-birlarini hurmat qilishadi. Biz, aka-singillarning hammamiz turli kasblarda mehnat qilib baxtli yashayapmiz.

«Iloyo, jonajon yurtimiz O‘zbekistonga ko‘z tegmasin!» Bu nafaqat o‘zbeklar, balki O‘zbekistonda yashayotgan turli millat vakillaridan iborat bir oila farzandlarining dil so‘zlaridir!

Kichkinaligimda bobomdan «Yurtimiz O‘zbekistonni bunchalar yaxshi ko‘rishingizning sababi nimada?» deb so‘raganimda: «O‘zbekistonda baxti kulgan, baxtiyor insonlar yashashadi...» deb faxr bilan qulochlarini keng yoyib, biz, nabiralarni atrofni kuzatishga chorlagan edilar.

O‘g‘limizning ismiga kelsak. Farzandli bo‘lganimizda turmush o‘rtog‘im Kim chehrasida tabassum balqqancha uyga quvonib kirib keldi.

– Tabriklayman. Mana, buni o‘qi! – degancha qo‘limga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani tutqazdi.

– Vuy, qanday yaxshi! – Go‘dakning ismini o‘qigach, hayron bo‘ldi: – Nega Baxtiyor?

– Baxtiyor eng chiroyli ismlardan. Doimo baxt yor bo‘lsin, deya Baxtiyor qo‘ydim-da! – dedi Kim. – Bilasanmi, ismda ham hikmat bor. Farzandimizning qadamlari, umr yo‘llari doimo baxtga yor bo‘lsin. Yana bir gap: bir zumda katta bo‘lib, maktabga qatnaydigan bo‘ladi. Shunda o‘qituvchi jurnalga qarab «kim baxtiyor?» deydi. O‘g‘limiz esa «Men!» deya qo‘lini ko‘taradi. Ajoyib-a!

– Ha, ajoyib, – dedim men va Kimni farzandimizning chiroyli ismi bilan qutladim... Baxtiyor Koreya va O‘zbekistonni birdek sevadi. Dunyodagi barcha bolalarga hamisha baxt yor bo‘lishini istaydi. Iloyo, farzandlarimiz baxtiga ko‘z tegmasin...

Abdulla Ayizov.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring