Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda bir qator IIB mansabdorlari ishdan olindi

Andijonda bir qator IIB mansabdorlari ishdan olindi

Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, respublika harbiy prokurori Shuhrat Uzoqov boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi hafta davomida Andijon viloyatining tuman-shaharlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘rgangan va tahlil qilganlar.

Yakunda Andijon viloyati hokimligi majlislar zalida viloyat hamda tuman-shahar sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlarning boshliqlari hamda boshqa mas’ullar ishtirokida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Tadbirda viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlash ahvoli qoniqarli emasligi qattiq tanqid ostiga olingan. Jumladan, joriy yil boshidan shu kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 50 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 24 foizi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan 72 foiziga esa mutasaddilar tomonidan to‘g‘ri tushuntirish bilan cheklanilgan xolos.

Shuningdek:

  • viloyatdagi bir qator tuman-shaharlarda rejadagi sayyor qabullar o‘tkazilmagan;
  • huquqiy targ‘ibot ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan;
  • yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etishga qaratilgan ishlar sust;
  • korrupsiya holatiga yo‘l qo‘yib berilgan, uning oldini olishga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarning tashkil etilishi qoniqarli deb topilgan.

Ishchi guruh a’zolarining o‘rganish natijalariga ko‘ra fuqarolarning muammolariga yetarli e’tibor qaratmagan, ularni hal etishga sust munosabatda bo‘lgan bir qator tuman-shaharlarning sektor rahbarlari qat’iy ogohlantirilgan.

Yig‘ilish davomida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov viloyat bo‘ylab 76 ta turli jinoyat aniqlangani haqida ma’lumotlar bergan. Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tahlili yuzasidan jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan ishlar sust tashkil etilgani tanqidiy muhokama qilingan va yuqoridagi kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan bir qator shahar-tuman IIB boshliqlari ogohlantirilgan.

Andijon, Oltinko‘l hamda Buloqboshi tumanlari IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etilgan. Bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan IIO xodimlariga hayfsan jazosi qo‘llanilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring