Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank g‘aznachilik yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqmoqda

O‘zsanoatqurilishbank g‘aznachilik yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqmoqda

Joriy yil 3-4 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi doirasida O‘zsanoatqurilishbankning moliya bozorlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank hamda O‘zsanoatqurilishbank o‘rtasida birlamchi dilerlik shartnomasi imzolandi.

Ushbu hujjat bilan O‘zsanoatqurilishbankka o‘z mijozlari va hamkorlari uchun davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida qatnashish hamda qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozorida amaliyotlar o‘tkazish bo‘yicha dilerlik xizmati taqdim etildi.

Ta’kidlash joiz, bugungi kunda O‘zsanoatqurilishbank davlat qimmatli qog‘ozlari bilan amaliyotlar hajmini kengaytirib, bozorning faol ishtirokchisiga aylangan.

Muassasa sohada kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga hamohang ravishda bozorning yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirib, milliy kapital bozori rivojlanishiga hissa qo‘shishga kirishgan.

Shuningdek, forum doirasida O‘zsanoatqurilishbank va Londondagi «ICBC Standard Bank» o‘rtasida Xalqaro svop va derivativlar assotsiatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan bosh kelishuv ham imzolandi.

Ushbu kelishuv Bankka xalqaro moliya bozorlarida turli bazaviy aktivlar ishtirokida hosilaviy moliyaviy instrumentlar asosida bitimlarni amalga oshirish orqali moliyaviy xatarlarni boshqarish imkonini beradi.

Qayd etish lozimki, O‘zsanoatqurilishbank «ICBC Standard Bank» bilan o‘zaro samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, xorijiy moliya muassasasidan keng miqyosli resurslarni jalb etib kelmoqda.

Tomonlarning yangi bosqichdagi sherikchilik munosabatlarida derivativ vositalar yordamida turli moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqish hamda O‘zbekiston moliya bozorida valyuta xatarlarini xedjirlash istiqbollari kelishib olindi.

Ushbu hamkorlik Bankning xalqaro moliya bozorlari bilan yanada integratsiyalashuviga, respublika moliya bozoriga zamonaviy moliyaviy standartlar va instrumentlarni joriy qilishga keng yo‘l ochadi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring