Buxoroda aholi uylari buzilib, o‘rniga «Korzinka.uz» supermarketi qurilayotgani rostmi? Yoki mish-mishlardan global muammolargacha...
Sarlavhaga qaralasa, «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov yaqinda paydo bo‘lgan gap-so‘zlargagina oydinlik kiritganga o‘xshaydi. Biroq taniqli tadbirkor shu bidan kifoyalanib qolmabdi. Mayda gap-so‘zlarga izoh berishi barobarida iqtisodiyotimizdagi katta muammolar xususida ham o‘z qarashlarini bayon etibdi. Buning uchun Zafar Hoshimovning «ichidagini sug‘urib olgan» hamkasbimiz Fozil Farhodga rahmat. Quyida o‘sha suhbatdan ayrim iqtiboslar keltiriladiki, unda o‘rtaga tashlangan mulohazalarda iqtisodda afgor omma bilmagan ko‘p narsalar haqida so‘z boradi.
***
«...Buxoroda ikkita savdo uyimiz bor. Ikkalasi ham ijarada. Ya’ni, (savdo uyimizni) mavjud binolarning ichida ochganmiz. «Korzinka.uz» quramiz deb, uy-ku u yoqda tursin, birovning qoqib qo‘ygan qozig‘ini ham joyidan qo‘zg‘atmaganmiz. Buzilish degan so‘z bizning tariximizda bo‘lmagan!..»
***
«...Qaysi mamlakatlarda iqtisod yaxshi rivojlanadi? Masalan, investorlarni jalb qilishda ko‘pincha «imtiyoz», «imtiyoz» degan so‘zlarni ko‘p ishlatamiz. Bu so‘zni juda ko‘p mamlakatlar ham ishlatadi. Shaxsan mening fikrim: gap imtiyozda emas. Investor mamlakatga kirishdan oldin: «Imtiyoz bormikan?» demaydi. Chunki imtiyoz shunaqa narsaki, uni berish ham mumkin, olib qo‘yish ham. Investorlar bir kun-yarim kunga kirmaydiki, bugungi imtiyoz ularni qandaydir rag‘batlantirsa... Ularni asosiy, umumiy sharoit, qiziqtiradi. Hamma qanaqa sharoitda yashayotgani qiziqtiradi. Men o‘ylaymanki, yuqoriroq soliqlarni qo‘yib, investorlarning yarmiga imtiyoz bergandan ko‘ra, soliqlarning stavkasini tushirib, hamma uchun bir xil sharoit yaratish kerak...»
***
«... Davlat qachon rivojlanadi? Qachonki, sudlar mustaqil va adolatli bo‘lsa. Qachonki, qonun ustuvorligi ta’minlansa. Masalan, bugun bizga davlat korxonasi bilan shaxs, shaxs bilan korxona, yo bo‘lmasa, davlat organi bilan korxona o‘rtasidagi munosabatda bir tarafga yondashmasdan, mustaqil va adolatli hukm chiqaradigan sudlar kerak. Qonun oldida davlat ham, falonchi shaxs ham, fistonchi shaxs ham, oddiy inson ham bir xil javobgar bo‘lsagina davlat rivojlanadi..»
***
«...Garchi bozor iqtisodiyoti, deb aytilib kelingan bo‘lsa-da, unda davlatning ulushi judayam katta bo‘ldi. Haqiqatan mundoq olib qarang! Katta-katta sohalar davlat monopoliyasi ostida qolib ketgan. G‘alvir suvdan ko‘tarilgan bugungi kunda chiqayotgan muammolar ham shundan aslida. Iqtisodiy hayotga davlat judayam chuqur kirib ketgan. Bu narsa yaxshi emas. Chunki davlat boshqaruvidagi iqtisodiyot unchalik yaxshi rivojlanmaydi. Butun dunyodan ma’lum. Xitoy kommunistik mafkurasi bilan ham xususiy tadbirkorlikka, xususiy biznesga yon bosadi. Butun diqqat-e’tiborini shularni rivojlantirishga qaratgan... Bizda-chi? Hamma katta korxonalar: metallurgiya deysizmi, qurilish materiallarimi, jamoat transportini olasizmi, temir yo‘l, aviatsiya, elektr, suv, neft-gaz... Oziq-ovqat ishlab chiqarilishida davlat korxonalarining ulushi qanchalik ko‘p? Deyarli, 90 foiz bank tizimini davlat nazorat qiladi. Ya’ni, davlat banklari. Hamma yoqda davlat boshqaruvi bo‘lgach, bu bozor iqtisodiyoti emas, davlat kapitalizmi!..»
***
«… Bugungi kunda svet, suv, gaz va hokazoni davlat dotatsiyalari bilan to‘laydi. Bu dotatsiya osmondan kelib tushmayapti. Soliq va boshqa daromadlar shu narsalarga sarf qilinyapti... U haqiqatan ham ijtimoiy himoyaga eng muhtoj, topish-tutishining mazasi bo‘lmagan odamlar manfaatiga sarflanyaptimi?
O‘zbekistondagi bir badavlat odam hamda pensioner cholu kampirni olaylik. Haligi badavlat odam 8 xonali xususiy uyida yashaydi. Cholu kampir esa 2 xonali kvartirasida. Ular bir xonadan ikkinchi xonaga o‘tayotganda chiroqni o‘chirib chiqadi. Bitta yuvinish xonasi bor. O‘shandagi suvni ham tejashadi. Chunki puli kam, shunga qarab yashashadi. Haligi badavlat odamning 8ta xonasi, 4ta vannasi, hovlisida basseyni bor. Cholu kampir sovuq kelsa-da, «otopleniye» kutib o‘tiradi. Boy shartta AGVsini yoqadi-da uyini issiq qiladi, hamma xonasiga konditsioner qo‘ygan, yoz kelsa, xonalarini muzlatadi. Cholu kampir isib ketishsa, onda-sonda ventilyator yoqishadi. Ular oyiga 100 kilovatt, boy odam 1000 kilovatt elektr ishlatadi, deylik. Elektrga berilayotgan dotatsiyani 1000 so‘m deb oladigan bo‘lsak. Davlat cholu kampirga berayotgan imtiyoz 100 000 so‘m, boyniki 1 000 000 so‘m bo‘ladi. Boy bunda o‘rtadagi qozondan 1 000 000 so‘m olyapti, kambag‘al cholu kampir 100 000 so‘m. Qarang, qanchalar adolatsizlik! Elektr-energiya sarfida ijtimoiy himoyaga muhtoj cholu kampirga ham, badavlat odamga ham davlat teng dotatsiya beryapti... Ijtimoiy himoya manzilli bo‘lishi kerak. Hali davlatimiz himoyaga muhtoj qatlamga ijtimoiy yordam ko‘rsatish ustida ko‘p ishlashi kerak. Hammaga teng qilib narxni tushirish bilan ish bitmaydi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lmagan odamlar uchun davlatning puli bekorga sarf bo‘lib ketyapti. Bu bugungi kunda bo‘layotgan ahvol. Hech qaysi bozor iqtisodiyotiga to‘g‘ri kelmaydi... »
***
«... «Buxanka» nonining leberallashtirilishini olaylik. Albatta, ko‘p odamlar non qimmat bo‘lib ketdi, deb gapirdi. Nonning arzonligi, birinchidan, davlat xarajatini ko‘paytirayotgandi, ikkinchidan, dehqonlarimizni qiynayotgandi. Ulardan zo‘rlab arzon narxda bug‘doy olinayotgandi. Natijada, dehqon inqirozga yuz tutayotgandi.
«Buxanka» arzonligining qishloq ahliga, dehqonga foydasi yo‘q. Shahar aholisining daromadlari qishloq ahlinikidan yuqoriroq. Shundoq bo‘lsa ham qishloq aholisi bug‘doyini arzon narxda davlatga berib, yana uning xarajatlarini qoplab, shahar ahliga arzon narxda non yetkazib berayotgandi. Bu narsa adolatdan emasdi.
Nonning arzonligidan ko‘pchilik chorvasiga ham non beradigan bo‘p ketdi. Biz «magazin»da ishlaymiz, bilamiz, odamlar kelib «damas-damas» non opketishardi. Boy-badavlat odamlar katta hovlilar quradi-da, 30-40ta mardikor ishlatib, ularni «buxanka» bilan boqadi. Kam topadigan, kamxarj insonlar esa yarimta, bitta buxanka yeyishadi, xolos. Bunda ham davlat dotatsiyasi manzilsiz, mantiqsiz sarf bo‘layotgandi. Nonning qimmatlashtirilgani ham aslida bozor iqtisodiyotiga o‘tishning kichik ko‘rinishi...»
***
«...Prezidentimiz 7 dekabrdagi nutqlarida yana qaytarib, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, davlatni iqtisoddagi o‘rnini keskin kamaytirishlar haqida gapirdi. Qarang, shu yerda siz bilan fikrlarimiz tutashdi: xususiy tadbirkorlikka yo‘l berilsa, xususiy korxonalar rivojlantirilsa, bozor iqtisodiyotiga o‘tiladi...»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter