Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX Samarqand va Farg‘ona viloyatida ikki shaxsni ushladi

DXX Samarqand va Farg‘ona viloyatida ikki shaxsni ushladi

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan 3600 dona «S-Gen» nomli dori vositalarini 46 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, undan mazkur dorilarning go‘yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi soxta muvofiqlik sertifikati ham ashyoviy dalil sifatida olindi.

Bundan tashqari, uning yashash xonadonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 240 dona «ViVaNarin» nomli dori vositasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qo‘qon shahrida yashovchi, 1989 y.t. fuqaro umumiy qiymati 121 mln. 800 ming so‘mlik, 2400 dona «Ampitsillin», 1600 dona «Infera», 1600 dona «Ferrovell jeleza gidroksid saxarozniy kompleks» va 125 dona «Gonadotropin xorionicheskiy» nomli dori vositalarini Namangan shahridagi dorixonalarga yubormoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, ushbu dorilar – dori vositalari va tibbiy buyumlar Davlat reyestriga ro‘yxatga olinmaganligi hamda Sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi va saqlash sharoitiga amal qilinmaganligi bois, ularni respublika hududida sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam shu turdagi jinoyatni sodir etganligi uchun 2023 yil Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 165-1-moddasi bilan jarima jazosiga tortilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring