Qarshida bog‘chadan nazoratsiz chiqqan bolani poyezd bosib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 4 yoshli bolani «Afrosiyob» tezyurar poyezdi urib ketgani haqidagi xabar va holat aks etgan videolar tarqaldi. Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi holat haqida rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea 2022 yil 9 sentyabr kuni soat 15:33 da Koson tumani, «Qo‘ng‘irtog‘» MFY, Kamandi qishlog‘ida Qarshi—Maroqand temir yo‘l yo‘nalishida qatnovchi «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi bilan sodir bo‘lgan.
Mazkur mahallada yashovchi, 2019 yilda tug‘ilgan A.T. 8 sentyabr kuni hududdagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga olib kelingan. Voqea sodir bo‘lgan kuni A.T. ikkinchi kuni bog‘chaga kelishi bo‘lgan, uning hali yo‘llanmasi bo‘lmagan. Kunning ikkinchi yarmida A.T. nazoratsiz qoldirilishi natijasida bog‘cha hududidan chiqib, yaqin oradagi temir yo‘lga borib qolgan.
Poyezd yo‘liga chiqvolib ketayotganida «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi uni urib ketgan. Olingan jarohatlar oqibatida bola vafot etgan.
«Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamda Koson tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan o‘z vaqtida barcha turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ullariga texnika va xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi borasida ko‘rsatmalar berilgan.
Ayni paytda holat yuzasidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi ishchi guruhi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi Qashqadaryo MTB xabarida.
Avvalroq Farg‘onada 4 yoshli bola bog‘chadan nazoratsiz chiqib, cho‘kib ketgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter