Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘quvchi temir seyfni buzib, katta pul o‘mardi

O‘quvchi temir seyfni buzib, katta pul o‘mardi

Buxoro viloyati, Jondor tumanida yashovchi 16 yoshli maktab o‘quvchisi temir seyfni buzib, salkam 28 million so‘mni o‘mardi. Bu haqda viloyat IIB axborot  xizmati rahbari Shuhrat Jalolov «Xabar.uz»ga ma’lum qilar ekan, ayni paytda o‘quvchining boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligi o‘rganilmoqda.

Holatga ko‘ra, Jondor tumanining «Qozoqon» mahallasida yashovchi fuqaro J.R.ning yashash hovlisiga notanish fuqaro g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidagi temir seyfni kalit tanlash yo‘li bilan ochib, buzib, seyf ichida bo‘lgan 27.600.000 so‘m pullarini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.

J.R. holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Ichki ishlar organlari tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan. Uning natijasida o‘g‘rilik shu mahallada yashovchi, tumandagi kasb-hunar maktablaridan birida tahsil olayotgan 16 yoshli o‘quvchi M.F. sodir etilgani aniqlangan.

«Keyingi paytlarda o‘g‘rilik holatlarining xususan, yoshlar tomonidan sodir etilayotgani ancha tashvishli. Yaqindagina Buxoro tumanilik fuqaro M.R.ning yashash xonadonidan 11 million so‘mlik pul va moddiy boyliklarning o‘g‘rilangani yuzasidan olib borilgan harakatlar natijasida holatning Kogon tumanidagi «Sarayon» mahallasida o‘smir yigit tomonidan sodir etilgani aniqlangandi. Xuddi shunday holat Shofirkon tumani «Jo‘ynav» mahallasida yashovchi B.B. tomonidan «Qalmoqon» mahallasida joylashgan aviakassa eshigini buzish, u yerdan noutbuk hamda 7.800.000 so‘m naqd pullarni talon-taroj qilgani ochiqlangan edi. Barchasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu o‘rinda, bola tarbiyasining asosiy poydevori oila, keyin maktab-mahalla ekanini unutmaylik va ota-onalarni farzandlari taqdiri uchun befarq bo‘lmaslikka chaqirib qolamiz», — dedi Shuhrat Jalolov.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring