Nevarasini o‘g‘irlikda ayblagan buvining o‘zi jazoga tortildi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi 63 yoshli buvi o‘z nevarasining pasportini qariyb, bir yildan ortiq vaqt davomida yashirib kelgani va unga nisbatan yolg‘on guvohlik bergani uchun bir yilu olti oy muddatga qamaldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilov ma’lum qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, tun yarmida tuman ichki ishlar organiga tashvishli murojaat kelib tushgan: «Nevaram mening uyda yo‘qligimdan foydalanib, sandig‘imga «tushgan».
Tezkor guruh manzilga yetib kelgan va holatni o‘rgangan. O‘rganuv davomida 63 yoshli R.B. kechqurun to‘yga ketgani, qaytgach esa uyida o‘g‘rilik sodir etilganiga guvoh bo‘lgani, bu o‘z nevarasi S.B. tomonidan amalga oshirilganidan gumoni borligini bildirgan. Yetmaganiga, 200 dollar puli ham yo‘qolganini iddao qilgan. Xolislar ishtirokida holat hamda buvining davosi qayd etilgan. Nevaraga nisbatan buvisining uyiga yashirincha kirib, temir sandig‘ining qulfini buzish yo‘li bilan ochib, o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilgani yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi «g» bandiga asosan, ish qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov davomida holat aslida, mutlaqo boshqa ko‘rinishda sodir bo‘lgani oshkor bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro R.B. o‘g‘li K.Ch., kelini M.G. hamda nevarasi S.B. 17 yoshga to‘lgunga qadar bir hovlida yashab kelishgan. O‘g‘li va kelini o‘rtasida yillar davomidagi o‘zaro kelishmovchilik 17 yildan so‘ng ajrim bilan tugagan. Shundan so‘ng R.B.ning nevarasi S.B. ham onasi bilan bu hovlidan chiqib ketishiga to‘g‘ri kelgan. Ota-onasi o‘rtasidagi janjallar avj olguniga qadar nevara pasportini avaylab-asrab qo‘yishi uchun buvisiga bergan bo‘lgan. Biroq, oradan vaqt o‘tib, nevara juda ko‘p bor pasportini so‘rab borishiga qaramasdan, buvi uni o‘zida yo‘qligini ro‘kach qilib kelgan.
Maktabni bitirayotgan K.Ch. oliygohga o‘qishga kirish uchun test imtihonlarini topshirishida pasporti muhimligini buvisiga bildirib, uni qaytarib berishini so‘ragan. Shunda ham buvi uning pasporti o‘zida emasligini bildirgan.
Oradan bir necha kun o‘tgach, buvisining qo‘shni qishloqqa to‘yga ketganini eshitgan S.B. o‘z rejasini amalga oshirishga kirishadi. U buvisining hovlisiga darvoza ustidan sakrab tushib, mehmonxonaga kiradi. Ko‘rpachalar taxmonini yiqitib tashlab, sandiqning qulfini buzadi va sandiq ichida ro‘molchada o‘rab qo‘yilgan o‘ziga tegishli bo‘lgan pasportni oladi. Boshqa biror narsaga tegmay, darvozadan chiqib ketadi.
Oradan bir necha soat o‘tib, to‘ydan qaytgan R.B. mehmonxonasidagi pala-partishlikni ko‘rib, qo‘rqib ketadi va bu ish nevarasi tomonidan sodir etilganini o‘sha zahotiyoq anglab yetadi.
«Dastlabki tergov paytida fuqaro R.B. yolg‘on guvohlik bermaslik yuzasidan ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan, voyaga yetmagan S.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-(Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 169-(O‘g‘rilik) moddasi 2-qismi «g» bandi bilan asossiz ravishda ayblanishiga sababchi bo‘lib, yolg‘on guvohlik bergan»,— dedi sud raisi.
Sud-tergov ishlari davomida R.B. nevarasining iltimoslariga qaramasdan, uning pasportini yashirib kelgani, pasport hujjatiga qo‘shib, 200 dollar pulni ham o‘g‘irlagani haqida yolg‘on ma’lumot bergani aniqlanadi.
B.S. esa buvisiga nisbatan da’vosi yo‘qligini, unga qonuniy yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuv bergan.
Sudlanuvchi R.B.ning yolg‘on guvohlik berish hamda rasmiy hujjat hisoblangan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani yashirishda ifodalangan jinoiy qilmishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a» bandi va 238-moddasi (Yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi bilan aybli, deb topilgan.
Ushbu moddalarga ko‘ra, R.B.ga uzil-kesil bir yilu olti oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter