Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gavhar Sharipovaning o‘limiga olib kelgan sabablar haqida ko‘rsatuv qilindi (video)

Gavhar Sharipovaning o‘limiga olib kelgan sabablar haqida ko‘rsatuv qilindi (video)

Aktrisa Gavhar Sharipova 2019-yilning 18-noyabr kuni kechasi Qashqadaryo viloyatida yo‘l-transport hodisasiga uchrab halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Aktrisaga yuk mashinasi haydovchisi shilqimlik qilgani, shundan so‘ng u yurib ketayotgan mashinadan o‘zini tashlab yuborgani ma’lum bo‘lgandi.

O‘zbekiston televideniyesining «Bir jinoyat izidan» ko‘rsatuvida fojiali hodisaga olib borgan sabablar va uning oqibatlari haqida ma’lum qilindi.

2019-yil 18-noyabr kuni tungi soat 2:00 larda G‘uzor tuman IIBga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. G‘uzor –Samarqand yo‘nalishi A-378 yo‘lining yo‘lining 142 kilometrida, Yarg‘unchi qishlog‘i hududida «Isuzu» rusumli avtomashinasi ishtirokida avtohalokat sodir bo‘lgan. Zudlik bilan voqea joyiga tezkor tergov guruhi bilan birgalikda tez yordam shifokorlari yetib borgan.

«Avtohalokat bo‘yicha dispetcherimizga telefon bo‘lgan. Keyin dispetcher bizga qo‘ng‘iroq qilib, Yarg‘unchi qishlog‘ining kirish joyida avtoavariya bo‘lgani, shu yerga yetib borish kerakligini aytdi. Soat 2:40 da biz voqea joyiga yetib bordik. Borsak, «Isuzu» mashinasi turibdi, bir ayol yo‘lning chetida yotgan ekan. Borib ayolni ko‘rdim, qon bosimi, yurak urishini tekshirib ko‘rdim. Ko‘zini ochib ko‘rdim, yurak urishi to‘xtagan ekan. Keyin yigitlarga pulsi yo‘q ekan, o‘lib qolibdi deb aytdim. O‘ng oyog‘ida 4-5 santimetrli yulinib ketgan joyi bor ekan, suyagi ko‘rinib turgan edi»,— deydi G‘uzor tuman tez yordam shifokori Hayitgul Salomova.

«Voqea joyiga yetib borganimizda, A-378 Termiz-Toshkent yo‘lining 142-kilometrida, yo‘lning o‘ng tomonida, asosiy qismdan chetroqda ayol kishining jasadi yotganligini, ayol jasadidan biroz oldinda «Isuzu» rusumli avtomashina turganligiga guvoh bo‘ldik. Voqea joyini ko‘zdan kechirish davomida ushbu avtomashina haydovchisi yo‘l chetida ayol jasadini ko‘rib to‘xtaganligini bizga ma’lum qildi. Biroq haydovchining holati bizda shubha uyg‘otdi. Uning rangida oqarish, so‘zlarida qaltirash bor edi. Voqea sodir bo‘lgan joy YHXB xodimlari yordamida ko‘zdan kechirildi. Ushbu joyda, yo‘lning asfalt qismidan qon izlari, kiyimlarning asfaltga ishqalangan izlari topildi. Ayolning yonida bo‘lgan o‘ziga tegishli ashyoviy dalillar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Marhumaning yonida biror bir shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘qligi aniqlandi. Shu bo‘yicha migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi hamda jinoyat qidiruv bo‘limiga marhumaning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha topshiriq berildi. «Isuzu» avtomashinasining ichki va tashqi tomoni to‘liq ko‘zdan kechirildi. Bu davrda avtomashina ichidan soch tolasi topildi. Bundan tashqari ekspert tomonidan avtomashina oynasi va torpedosidan tegishli barmoq izlari rasmiylashtirib olindi. Shu kunning o‘zida dastlabki olingan ma’lumotlarga asosan jinoiy ish ochildi», — deydi Chiroqchi tuman IIB boshlig‘i Aktamali Beshimqulov.

«Olib borilgan dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, haydovchi Sharipov Fazliddinga tegishli bo‘lgan «Isuzu» rusumli avtomashinasidan olingan qon namunalari, barmoq izlari bo‘yicha, shuningdek, marhumadan olingan qon va barmoq izi namunalari bo‘yicha ekspertiza xulosasi tayyorladik. Bundan tashqari, voqea bo‘yicha qo‘shimcha ekspertizalar olib borilgan. Haydovchi bilan suhbatda u o‘z aybiga iqrorligini ma’lum qildi», — deya ta’kidlaydi Qarshi shahar IIB tergovchisi Qamariddin Amirov.

Sudlanuvchi Fazliddin Sharipov 2019-yil 18-noyabr kuni kech soat 2:20 larda Surxondaryo viloyati «Daryotrans» MChJga tegishli «Isuzu» rusumli avtomashinani Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li bo‘ylab Samarqand shahriga boshqarib borayotib G‘uzor tumani Karvonsaroy to‘yxonasi ro‘parasida to‘xtab, avtomashinasiga fuqaro Gavhar Sharipova Hasanovnani mindirib, G‘uzor tumani Yarg‘unchi qishlog‘iga yetganda, yo‘lovchiga tegajog‘liq qiladi. Shu payt yo‘lovchi sifatida ketayotgan Gavhar Sharipova avtomashina eshigini ochib, o‘zini tashlashi haqida ogohlantiradi. Biroq haydovchi ogohlantirishlarga e’tibor qaratmasdan harakatni davom ettiradi va yo‘lovchi avtomashinadan tushib ketadi. Natijada olgan jarohatlari tufayli Gavhar Sharipova voqea joyida vafot etadi.

Qayd etilishicha, sud Fazliddin Sharipovni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayblagan. Shuningdek, sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalariga asosan, avvalgi hukmi yuzasidan o‘talmay qolgan jazo muddati qisman qo‘shilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yil-u 6 oyga hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Asosiy jazo muddati 2019-yil 19-noyabrdan boshlab hisoblanishi belgilangan.

Ko‘rsatuvda Gavhar Sharipovaning shaxsiy hayoti va ushbu oqibatlarga olib kelgan sabablar haqida ham so‘z boradi. Unda aktrisa yoshligida taniqli aktyor bilan shar’iy turmush qurib yashaganligi, biroq u aktrisani tashlab ketgani haqida ham aytiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring